Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:36

10 aprel kuni Sirdaryodagi Guliston kompьyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida talabalar o‘rtasida sodir bo‘lgan mushtlashuv oqibatida bir talabaning boshi yorildi, jami o‘nga yaqin talaba turli ko‘rinishda jarohat oldi. Voqea guvohlariga ko‘ra, janjal ikki talaba yigit o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilikdan kelib chiqqan.

Koridordagi janjal

Voqea 10 aprel kuni Guliston kompyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejining binosi ichida sodir bo‘lgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan talabalardan birining Ozodlikka aytishicha, katta tanaffus payti ikkinchi va uchinchi kurs talabalari janjallashib ketgan:

“Kecha bo‘ldi mushtlashuv. Ikkinchi kursda o‘qiydigan bir yigit bor. O‘zi doim janjal chiqarib yuradi. Shu bola katta tanaffus payti koridordan ketayotgan uchinchi kursdagi bir bola bilan yo‘l talashib qolishdi. Ikkinchi kursdagi bola uchinchi kursdagiga yo‘l bermagan. Shu payt uchinchi kursdagi bola narigisini turtib yuborgan. U bola esa uning yuziga musht tushirgan. Shu bilan janjal boshlanib ketdi. Shu ikki bolaning kursdoshlari ham janjalga aralashib ketdi. Ur-yiqit, to‘polon bo‘lib ketdi. Nechta odam mushtlashganini bilmayman. Koridor odamga to‘lib ketgandi”, deydi voqea guvohlaridan biri.

Bir talabaning boshi yorildi

Uning aytishicha, janjal oqibatida o‘nga yaqin bola jarohatlangan.

Kollej o‘qituvchilardan birining ismini ochiqlamaslik sharti bilan aytishicha, mushtlashuv payti ikki bola jiddiy jarohat olgan:

“Og‘ir jarohatlangani - janjalni boshlagan ikki talaba. Uchinchi kursda o‘qiydigan talabaning boshi yorilgan. Ikkinchi kursdagi talabaning esa ko‘zining tagi ko‘kargan. Boshqalari engil jarohat olishgan. Kecha hammasining ota-onalari doktorga olib borib tekshirtirishdi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Hech qaysisini shifoxonaga yotqizmadik. Bugun hammasi darsga kelishdi”, deydi kollej o‘qituvchilaridan biri.


Voqeani militsiya o‘rganmoqda

Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, kollejdagi mushtlashuv sabablarini ichki ishlar bo‘limi xodimlari o‘rganmoqda:

“Mushtlashuv payti militsiyaga xabar berilgan. Voqea joyiga tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari yetib borishgan. Militsiya xodimlari talabalarning barchasi bilan birma-bir suhbatlashdi. Profilaktika ishlarini o‘tkazdi. Militsiya janjalni boshlagan o‘quvchilar bilan savol-javob o‘tkazdi. Ularning ota-onalari chaqirtirildi. Ular bilan gaplashildi. Ichki ishlar voqeani o‘rganayapti. Bugun ham o‘quvchilar va ularning ota-onalari ichki ishlarga chaqirtirilgan”, dedi viloyat ta’lim boshqarmasi xodimi.

Ota-onalar jazolanadi

Ta’lim boshqarmasi xodimining Ozodlikka aytishicha, janjalni boshlagan talabalarning ota-onalariga jarima solinadi:

“Ichki ishlar voqea tafsilotlarini o‘rganib bo‘lgach, ota-onalarga shtraf solinadi. Shtraf miqdori militsiya ishni yakunlagach ma’lum bo‘ladi. Hozir kollej rahbariyati ota-onalardan tushintirish xati oldi. Janjalni boshlagan talabalardan biri nazoratda turadigan bola ekan. Kollejdagi qizlar bilan alohida suhbat o‘tkazildi. O‘g‘il bolalar bilan erkakchasiga gaplashildi”, deydi viloyat ta’lim boshqarmasi xodimi.

Mazkur kollej o‘qituvchilaridan birining aytishicha, talabalar tartibni buzgan payti ota-onalarga jarima solinishi kollej rahbariyati tomonidan keng qo‘llanilayapti:

“Yaqinda kollej talabalarini reyd qilganimizda bir talaba qizning telefonidan pornografik fotolar topildi. Qizning ota-onasiga ikki minimal oklad shtraf solindi. Darsga kelmagan bir nechta talabaning ham ota-onalariga ham shtraf solindi”, deydi kollej o‘qituvchisi.

“Talabalar nazorati militsiyaga topshiriladi”

Ushbu kollej rahbariyati talabalar nazoratini militsiya xodimlariga topshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kollej o‘qituvchilaridan biri Ozodlikka aytdi:

“O‘g‘il bolalar tarbiyasi yil sayin og‘ir bo‘lib borayapti. Kechagi janjaldan so‘ng direktorimiz kollejga militsiya xodimi ajratilishini so‘radi. Militsioner hech bo‘lmasa ikki kunda kollejni bir aylanib ketsa ham bolalar qo‘rqadi. Ular o‘zi formali odam ko‘rsa, o‘zini jilovlab olishini bilamiz. Bir nechta talabalarni ham militsiya xodimlari yordamida darsga olib kelingan. Kechagi voqeadan so‘ng militsiya xodimiga ehtiyojimiz borligi aniq bo‘ldi”, deydi kollej o‘qituvchilaridan biri.

Guliston kompьyuter va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida 1640 talaba o‘qiydi, ularning 1074 nafari o‘g‘il bolalardir.

Talaba va o‘quvchilar orasida ommaviy mushtlashish holatlari uchrab turadi.

O‘tgan yili Navoiy arxitektura va qurilish kasb-hunar kolleji o‘quvchilari shahardagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Abdurahmon Ismoilovni "guruh bo‘lib kaltaklab o‘ldirganlikda" ayblanib mahkamaga tortilgan.

2015 yil 23 sentabr kuni Toshkentda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ommaviy mushtlashuvda bir kishi jarohatlangan edi.

Bo‘lajak diplomatlar o‘rtasidagi ushbu janjal o‘quvchilarning bir-biriga laqab qo‘ygani sabab kelib chiqqan va janjalda 2- hamda 3- kurs o‘quvchilari ishtirok etgan. Janjalni boshlagan o‘quvchi litsey yotoqhonasidan haydalgan.

XS
SM
MD
LG