Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:58

Xodimiga kuchi yetmagan hokim uni hamshaharlariga kaltaklatdi


O‘zbekistonda hokimlarning davlat idoralari xodimlarini kaltaklashi keng tarqalgani aytiladi
O‘zbekistonda hokimlarning davlat idoralari xodimlarini kaltaklashi keng tarqalgani aytiladi

Andijon viloyati Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov yig‘ilishda Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Farmonovni haqorat qilib, o‘z xodimlariga kaltaklatgan. Voqea guvohlarining aytishlaricha, haqorati uchun xodimidan javob haqorat eshitgan hokim mulozim hamshaharlarini yordamga chaqirtirgan.

Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov 7 aprel kuni hokimlik binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘ini haqorat qilib kaltaklagani haqida shu yig‘ilishda ishtirok etgan, davlat korxonalaridan birida ishlaydigan mulozim Ozodlikka xabar berdi:

“Majlisda hokim kadastr boshlig‘i Ulug‘bek Farmonovni va pilla korxonasi boshlig‘ini turg‘azib qancha tut plantatsiyalari borligini so‘radi. Pilla boshlig‘i 16 ta dedi, kadastr boshlig‘i 18 ta dedi. Hokim kadastr boshlig‘iga qarab, “sen itdan bo‘lgan, nega yolg‘on aytasan”, deb so‘kdi. Ulug‘bek ham “sen o‘zing itdan bo‘lgan, bizning hisobimizda 18ta”, deb javob qaytardi-da, majlisdan chiqib ketdi”, deydi mulozim.

Uning aytishicha, bunday javobni kutmagan hokim tutaqib ketgan va kadastr boshlig‘ini orqasidan quvib chiqqan:

“Hokim tuman militsiyasi boshlig‘i va prokurorni chaqirib Ulug‘bekni hibsga olishni buyurdi, lekin ular noqonuniy buyruqni bajarishdan bosh tortdi. Shunda hokim o‘zi hokimlikka ishga olib kelgan marhamatlik hamshaharlarini chaqirdi va ko‘plashib, Ulug‘bekni ura boshlashdi. Shunda kimdir, bo‘zliklarni uryapti, ur, ur deb baqirdi. Keyin bo‘zliklar marhamatlik mulozimlarni urib ketdi. Xullas, militsiya xodimlari zo‘rg‘a ajratib olishdi”, dedi mulozim.

Ismi sir qolishini so‘ragan Bo‘z tumani hokimligining mulozimlaridan biri, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Hokim va uning yordamchilari Ulug‘bekning ortidan chiqib uni urayotganda majlisda o‘tirgan bir direktor ayol “hoy bo‘zliklar, erkakmisan, tur o‘rningdan, chiq uni himoya qilinglar”, deb baqirdi. Shundan so‘ng, ko‘pchilik chiqib, Ulug‘bekni ularning qo‘lidan qutqarib olishdi”, dedi mulozim.

Mulozimning aytishicha, Abdurashid Mamirov tumanga hokim bo‘lganiga ikki oy bo‘lganiga qaramay, o‘z hamshaharlarini rahbarlik lavozimlariga ishga joylayapti:

“Hokimlik bo‘limlariga uch hamshaharini olib kelib ishga qo‘ydi, soliq inspektsiyasi boshlig‘i ham marhamatlik. Asta-sekin mahalliy kadrlarni ishdan siqib chiqaryapti. Ulug‘bekni kaltaklashda qatnashganlar ham hokimlikdagi mulozimlar edi”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan hokimlik mulozimi.

Bo‘z tumani hokimining yordamchisi bunday voqea bo‘lganidan xabari yo‘qligini Ozodlikka aytdi.

Bo‘z tumani hokimi Abdurashid Mamirov bundan avval Andijon viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan bo‘zlik o‘qituvchining aytishicha, hokim madaniyatsizligi va so‘kong‘ichligi bilan nom chiqargan:

“Kecha ertalab Bo‘zga kirib kelish yo‘lida yangi qurilayotgan namunaviy uylar oldida ancha maktab direktorlari va boshqa xizmatchilarni to‘plab olib, ularga baqirayotganiga o‘zim guvoh bo‘ldim. “Shanbalikka odam chiqarmading, kechgacha shu ishlarni tugatasan, itdan tarqaganlar, qanjiqlar, deb do‘q qilyapti. Yoqamni ushlab qoldim. Shu odam shuncha yil ta’lim va tarbiya boshqarmasiga qanday rahbarlik qilganiga hayron qoldim. Haliyam o‘zimga kelganim yo‘q”, dedi bo‘zlik o‘qituvchi.

Mushtumzo‘r va so‘kong‘ich hokimlar

O‘zbekistonda hokimlar va boshqa mansabdor shaxslarning o‘zidan past lavozimda bo‘lgan amaldor va fermerlarni urishi¸ haqorat qilishi muntazam kuzatiladi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘anievning o‘zi o‘tgan yilning 14 noyabr kuni, Furqat tumanida fermerlik qilayotgan 70 yashar nogiron fermer Ochil Begmatovni taklif qilgan, ammo majlis boshlanishidan avval uni sensirab majlisdan haydab chiqargan edi.

O‘tgan yilning iyul oyida Farg‘onada o‘tkazilgan yig‘ilishda Shuhrat G‘aniev vrach va aptekachilarni “... yegan hayvonlar”ga tenglashtirib, haqorat qilganedi.

2014 yilning sentabr oyida esa Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev do‘konlari buzilishiga qarshi chiqqan tadbirkorlarni “peshonangdan otaman” deb dag‘dag‘a qilgan edi.

O‘tgan yilning oktabr oyida Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimi Asror Jo‘raev 19 oktabr kuni ertalab 8-maktabning ma’naviyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 36 yashar Shuhrat Shoymardonovni fermerlarning oldida do‘pposladi.

Jumladan, bundan uch yil muqaddam Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani hokimi fermerni kam paxta topshirganlikda ayblab, onasini so‘kkan, kaltaklab-bo‘qqan edi. Kaltaklangan fermerning otasi kampirini yetaklab hokimning oldiga kelgan-da “mana shu kampir sen so‘kkan ulimni (o‘g‘limning) enasi bo‘ladi, shuni so‘kkanmiding, mana olib keldim, qo‘lingdan kelsa “qil” degan. Fermerning otasi hokimni urmoqchi bo‘lganida uni ajratib olishgan.

2011 yilning sentabrida aynan Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov hokim tazyiqlaridan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan edi.

2013 yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan jon bergan edi.

Yana shu yilning aprel oyida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida o‘nga yaqin fermerni kaltakladi.

XS
SM
MD
LG