Линклар

Viloyat markaziga aylanayotgan To‘ytepada tadbirkorlarning 40 do‘koni majburan buzdirilyapti


To‘ytepa markazidagi buzilishga tushgan do‘konlar

Toshkent viloyat, O‘rtachirchiq tuman hokimi To‘ytepa shahri markazidagi avtomobil ehtiyot qismlari, oziq-ovqat va xalq xo‘jaligi mollari bilan savdo qiladigan tadbirkorlarga do‘konlarini zudlikda buzib, olib ketishni buyurdi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tadbirkorlarning aytishicha, hokimlik va’da qilgan yangi joy hali qurilish boshlash uchun tayyorlanmagan, buziladigan qiymati bir necha yuz million so‘mlik do‘konlar uchun esa tovon puli berilmayapti.

To‘ytepa shahri markazidagi avtomobil ehtiyot qismlari do‘kondorlaridan birining Ozodlikka aytishicha, soliq inspeksiyasi inspektorlari 14 apreldan boshlab ularning faoliyatini to‘xtatgan:

- Bu joyda 40 dan ortiq zapchast, oziq-ovqat va xalq xo‘jaligi mollari sotadigan do‘kon bor. Tuman elektr tarmoqlari idorasi bu do‘konlarga beriladigan elektr tokini uch kun avval uzib tashladi. Endi bugun kelib, srochno do‘konlaringni buzib olib ketinglar, bo‘lmasa ertaga buldozer solamiz, deyishyapti. Mayli, agar bu do‘konlar joyi obodonlashtirish dasturiga tushgan bo‘lsa, biz ham yo‘q demaymiz. Faqat, avval bizga yangi do‘kon qurishimiz uchun joy va vaqt bersa, haqqimiz bormi shuni talab qilishga?, deydi tadbirkor.

To‘ytepa markazidagi buzilishga tushgan do‘konlar
To‘ytepa markazidagi buzilishga tushgan do‘konlar

Uning aytishicha, hokimlik bu tadbirkorlarga boshqa joydan yer va’da qilgan, lekin u yer hali qurilish boshlashga tayyor emas:

- Hokimlik va’da qilgan joy teri-tanosil kasalliklar kasalxonasining eski binosi o‘rni, g‘ishtlari haligacha turibdi. U joyni tozalab tekislashguncha necha oy o‘tar, qurilish bo‘lguncha yana qancha vaqt kerak. Biz ungacha nima ish qilamiz, bola-chaqamizni qanday boqamiz? Yuzdan ortiq odam ishsiz qolyapti, deydi tadbirkor.

To‘ytepa markazidagi buzilishga tushgan do‘konlar
To‘ytepa markazidagi buzilishga tushgan do‘konlar

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir tadbirkorning aytishicha, do‘konini buzishni istamaganlarga zo‘ravonlik qilinmoqda:

- Viloyat hokimligidan bitta odam kelib, hozir buzib, yig‘ishtirib olib ketmasalaring ertaga bitta kranni olib kelamizda, shunday ustiga tashlaymiz, PPS esa sizlarni olib borib tiqib qo‘yadi, deb dag‘dag‘a qilyapti. 40 do‘konda agar uchtadan odam ishlasa, 120 odamning bola-chaqasi och qoladi. Yangi do‘konlar bir yilda quriladimi, ikki yildami, Xudo biladi, deydi tadbirkor. Buzish haqida hokimning qarori 6 aprel kuni chiqqan ekan. Biz yuristlardan so‘rasak qarordan so‘ng olti oy muhlat berilishi kerak ekan. Bular esa zo‘ravonlik qilyapti, deydi tadbirkor.

To‘ytepa markazidagi buzilishga tushgan do‘konlar
To‘ytepa markazidagi buzilishga tushgan do‘konlar

Tadbirkorning aytishicha, buzilishga tushgan do‘konlar uchun tovon puli to‘lashdan hokimlik bosh tortyapti:

- Kecha tumandagi xalq qabulxonasiga kirdik. U yerdagi G‘ulom aka degan odam noturar-joyga tovon puli to‘lanmaydi, tovon puli turar-joyga to‘lanadi, dedi. Bu yerda qurilish qiymati 200-350 million so‘mlik do‘konlar bor. Lekin pulini berishmayapti, faqat yangi joydan hozirgi kvadrat metriga yana shuncha joy qo‘shib berishni va’da qilishyapti, dedi tadbirkor.

Toshkent viloyati Arxitektura va qurilish boshqarmasining To‘ytepa tumanidagi vakili Ramazon Shomurodov Ozodlik bilan suhbatda do‘konlar shoshilinch buzilayotganini tan oldi va bu ishlar viloyat hokimligini To‘ytepa shahriga ko‘chirish sababli bo‘layotganini aytdi:

- Koshkiydi endi vaqtimiz bo‘lganda edi, lekin muddat belgilanganda. Agar biz qo‘yib bersak tadbirkorlarning yangi joyga ko‘chishi bir necha yil davom etadi. Lekin biz tadbirkorlarning hamma muammosini operativniy hal qilib beryapmiz. Ularga aytdik, qurilish materiallaringni buzib olib ketinglar, qurilish firmasini taklif qilganmiz, shartnoma qilasizlar qurib beradi, dedik. Tovon pulining o‘rniga yangi joydan ikki baravar qilib beryapmiz, deydi mulozim.

Ramazon Shomurodov tadbirkorlarga imkoni boricha sharoitlar yaratib berishga hukumat harakat qilayotganini qo‘shimcha qildi:

- Bektemir postidan To‘ytepa tumanigacha 20 kilometr joyimiz bor. Shu masofada 521ta yangi bino qurilgan. O‘shalar bu do‘kondorlarga molini sotib turishi uchun ijaraga berib tursa bo‘ladi. Tezroq viloyat markazini barpo qilishimiz kerak, uni obod qilishimiz kerak, bu bizning hammamizga kerak. Shuni tadbirkorlar ham tushunsa, vaqtinchalik qiyinchiliklarga dosh berib tursa bo‘ladiku, dedi Ramazon Shomurodov.

Ozodlikning To‘ytepa tumani hokimi Olimjon Nurmatov bilan bog‘lanishga qilgan harakatlari samarasiz bo‘ldi.

Toshkent viloyat hokimligini O‘rtachirchiq tumani markazi To‘ytepa shahriga ko‘chirish to‘g‘risida o‘tgan yilning dekabr oyida Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi ishida qatnashgan prezident Shavkat Mirziyoev farmoyish bergan edi.

XS
SM
MD
LG