Линклар

13 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:44

Namanganda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini aniqlash bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining navbatdagi 10 kunlik yig‘ilishi o‘tayotgan bir paytda, ikki davlat o‘rtasidagi chegara muammolari O‘shda qirg‘iz parlamenti deputatlari tomonidan muhokama qilindi.

Parlamentdagi “Qirg‘iziston” fraktsiyasining O‘shda o‘tgan ko‘chma majlisida hukumat rasmiylari O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi hal qilinishi murakkab bo‘lib qolayotgan bahsli hududlar masalasiga e’tibor qaratdi.

-Hukumatlararo komissiya hali kelishib ulgurmagan 58ta bahsli hudud bor. Masalan, Qorasuv tumanida to‘rtta hududu bor. Bular Sharxonsoy kanali, Kampirobod suv ombori, Qorovultepa va Barak uchastkalaridir. Aravon tumanidagi uchta bahsli hudud orasida Karkidon suv ombori mavjud, - dedi Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha mutaxasisi Azamat Kalmatov.

O‘zbekiston o‘tgan yili suv bilan bog‘liq ob’ektlarning o‘ziga tegishli ekani to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud ekanini bildirgan. Toshkent, ayniqsa, “Kosonsoy” va “Kampirobod” suv omborlari O‘zbekistonga tegishli ekanini, bu ob’ektlar to‘lig‘icha Toshkent ixtiyoriga o‘tkazilishi shartligini talab qilib keladi. “Kosonsoy” va “Kampirobod” suv omborlari Farg‘ona vodiysidagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlovchi asosiy zahira hisoblanadi.

Bishkek rasmiylari esa bu ob’ektlar joylashgan hududlar Qirg‘iziston yerlari hisoblanishini aytib keladi.

Qirg‘izston parlamenti deputati Kuvanichbek Nurmatov O‘shdagi yig‘ilishda hukumatdan ayni shu masalada qat’iy turish talab qilinganini aytdi.

-Kampirobod suv ombori qurilganida kelishuvga binoan O‘zbekiston Qirg‘izistonga suv ombori uchun olingan yer evaziga boshqa joydan 420 gektar yer berishi kerak edi. Biroq bu majburiyat bajarilmadi. Buning ustiga O‘zbekiston suvning Qirg‘iziston tomonidagi qismini to‘sib qo‘yishibdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda chegaralarni aniqlash bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Mana shu yig‘ilishda birinchi navbatda mana shu masalar muhokama qilinishi shartligini ta’kidladik, - dedi deputat.

O‘shdagi yig‘ilishda chegara oldi hududida yashovchi aholi vakillari ham ishtirok etdi. Ularning aytishlaricha, O‘zbekiston - Qirg‘iziston chegarasidagi bahsli hududlar shu kungacha aniqlanmagani ortidan ikki davlat aholisi o‘rtasida suv masalasida katta muammolar paydo bo‘lmoqda.

-Masalan, Novqatda Kerimberdi kanali bor. Bu kanalning deyarli 3 kilometri O‘zbekiston hududida qolib ketayapti. O‘zbekiston tomonidan kanal to‘sib olingan. Bu chegara hududi 2006 yilda aniqlanib, demarkatsiya va delimitatsiya hujjati imzolangan. Ammo shu kungacha hujjat kuchga kirmay, odamlarimiz suvsizlikdan azob tortmoqda, -dedi Munasidin Askarov.

Avvallari chegaralardagi noaniqliklar tufayli O‘zbekistonning So‘x tumani va Qirg‘izistonning Qadamjoy tumanlari aholisi o‘rtasida bir necha marotaba suv janjjallari bo‘lib o‘tgan edi. Masalan, O‘zbekistonning Chashma va Qirg‘izistonning Birlik qishloqlari o‘rtasidagi suv janjali uch yil davom etgan.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining uzunligi 1378 kilometrni tashkil qiladi. Bu hududning 300 kilometrdan ko‘prog‘i shu kungacha aniqlanmay qolinmoqda.

Namanganda 10 aprel kuni boshlanib 20 aprelda yakunlanadigan hukumatlararo komissiya yig‘ilishida bahsli hududlar masalasi ham muhokama qilinishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG