Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:09

Referendumda g‘alaba qozongan Erdo‘g‘on yangi strategiya tuzishni boshlab yubordi


Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 16 aprel kuni o‘tkazilgan referendum ortidan qabul olingan o‘zgarishlarni tatbiq etish strategiyasi tuzishni boshlab yubordi. Muxolifat vakillari esa prezident vakolatlarini oshirgan referendum noqonuniy ekanligini aytishmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi 16 aprel kuni kech saylovchilarning 51 foizdan ko‘prog‘i konstitutsiyaga kiritilishi taklif qilinayotgan 18 ta o‘zgartishni qo‘llab ovoz berganini bildirdi.

Mazkur o‘zgartishlar ortidan Turkiya parlament respublikasidan prezident boshqaruvidagi davlatga aylanadi va prezident Erdo‘g‘on 2029 yilgacha hokimiyatda qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Markaziy saylov komissiyasi ovozlarning 99 foizi sanab bo‘linganidan keyin, 24,9 million odam o‘zgarishlarni qo‘llab, 23,6 million odam esa qarshi ovoz bergani ma’lum bo‘lganini e’lon qildi. Referendum natijalari rasman 11-12 kundan so‘ng e’lon qilinishi kutilmoqda.

16 aprelь kuni kech Erdo‘g‘on: “Barcha fuqarolarimizga – qanday ovoz berganalridan qa’ti nazar – saylov uchastkalariga borib, o‘z milliy xohishlarini himoya qilish uchun ovoz berganlari uchun rahmat aytaman. Butun mamlakat g‘alab qozondi”, dedi.

Prezident o‘zgarishlarni o‘lim jazosini qayta tiklashdan boshlashini aytdi. Bu harakat Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga avtomatik ravishda to‘siq qo‘yadi. Mamlakatda o‘lim jazosi 2004 yil bekor qilingan edi.

G‘arb mamlakatlari referendum prezidentga haddan tashqari ko‘p vakolat berishini aytib, xavotir bildirmoqda.

Erdo‘g‘on tarafdorlari bu o‘zgarishlar mamlakatda barqarorlikni ta’minlash uchun muhim ekanligiga ishonadilar. Turkiya sharqida kurd separatchilarining isyonlari va qo‘shni Suriyadan minglab qochqin kelgani mamlakatni beqarorlashtirmoqda.

Turkiya muxolifatidagi Respublika xalq partiyasi (CHP) ovozlarning 60 foizini qayta sanab chiqilishini talab qilayotir. Muxolifatga ko‘ra, saylov natijalari soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Respublika xalq partiyasi saylov rasmiylarini qanday byulletenlar hisobga olinishi haqidagi qonunni juda kech o‘zgartirgani uchun tanqid qildi.

Yanqi qonunga ko‘ra, tashqaridan olib kelingani isbotlanmasa, muhrlanmagan saylov qog‘ozlari ham hisobga olinadi. Respublika xalq partiyasi esa bu o‘zgarish saylov natijalarini soxtalashtirishga zamin yaratishini aytmoqda.

Partiya etakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘z partiyasi refendum natijalarini tan olmasligini ta’kidlab, “Mazkur referendum haqiqatni yuzaga chiqardi – odamlarning kamida 50 foizi “yo‘q” deb javob berdi”, dedi.

Bu orada Turkiyaning kurdlarni qo‘llovchi Xalq demokratik partiyasi (HDP) saylov qog‘ozlarining uchdan ikki qismini qayta ko‘rib chiqishga chaqirishini bildirdi. Partiyaga ko‘ra, berilgan ovozlarning 3-4 foizi “manipulyatsiya qilingan”.

Yevropa komissiyasi referendum natijalari bilan tanishganini hamda sodir bo‘lgani aytilayotgan qonunbuzarliklar haqida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilarining hisibotini kutayotganini bildirdi.

Konstitutsiyaga kiritilishi taklif qilingan 18 ta o‘zgarish tufayli Turkiya parlamenti aksar vakolatlaridan ayrilishi, hozirga maqomdagi bosh vazir lavozimi tugatilishi, ayni paytda prezident Adliya tizimi boshqaruvida ham asosiy vakolatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Referendumdan oldin Turkiyaning Yevropa bilan munosabatlari Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlarda yashovchi turklarga referendum yuzasidan tashviqot mitinglari o‘tkazishga ruxsat berilmagani tufayli yomonlashgan edi.

XS
SM
MD
LG