Линклар

10 aprel kuni IIB patrul xizmati soqchilik bo‘linmasi safdori 24 yashar Jahongir Musaxonov AK rusumli avtomatdan iznsiz o‘q uzgani Ozodlikka bugun ma’lum bo‘ldi.​ Ismi sir qolishni istagan Samarqand viloyat prokuraturasi tergovchisining bildirishicha, shahar IIB binosini qo‘riqlayotgan soqchining avtomatdan o‘t ochgani voqeasi ovoza qilinmasdan ichki tekshiruvga yuborilgan.

- Samarqand viloyat IIB va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i Usmonov Bekzod bu voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazmoqda. Voqea "ehtiyotsizlik oqibatida quroldan o‘q otish", deb malakalandi. Soqchi Jahongir Musaxonovga ogohlantirish berildi, ammo ishdan bo‘shatilgani yo‘q. Insident paytida hech kim zarar ko‘rmadi¸ dedi tergovchi.

Unga ko‘ra, voqea Samarqand viloyat IIB binosini yonidagi avtobus turadigan bostirma tagida sodir bo‘lgan.

Aslida nima bo‘lgan edi?

10 aprel kungi voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytgan samarqandlik Ozodlikka rasmlar jo‘natib¸ ba’zi tafsilotlarni gapirib berdi:

- Militsioner o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Avtomatni ko‘ksiga tirab tepkini bosmoqchi bo‘lganida¸ sherigi qutqarib qoldi. Avtomat tarillab otilib militsiyalarni tashiydigan avtobusning belini teshib o‘tdi¸ dedi o‘zini "voqea guvohi", deb aytgan samarqandlik.

Samarqand shahar hokimligining huquq-tartibot organlari nazorati bilan shug‘ullanadigan mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ soqchi Jahongir Musaxonov avtomat tepkisini behosdan bosgan:

- O‘zini o‘ldirmoqchi degan gap yo‘q. Mana bildirgida yozilishicha¸ nohush xodisa yuz bergan. 10 aprel kuni soqchi Musaxonov IIB binosini qo‘riqlash uchun postni qabul olgan. Navbatchidan qurolni olgan. Keyin u IIBga oid 6 ta avtobus turadigan navesga (bostirma), avtobuslardan birining oldiga borib eshikni ochib avtobus ichiga kirgan. Avtobus o‘rindig‘ida avtomatni o‘ynab o‘tirgan. Bilmasdan qo‘li tepkiga tegib ketib o‘q otilgan. Ikkinchi post soqchisi o‘q ovozini eshitib uni yoniga borib avtomatni tortib olmoqchi bo‘lganida uni ham qo‘li tepkiga tegib ketib yana o‘q otilgan. Ikkinchi o‘q otilishi avtobus tashqarisida bo‘lgan va o‘qlar binoga tekkan. Voqea joyiga rahbarlar borganida Musaxonov shok xolatida bo‘lgan. Nega unday qilding deyishsa¸ o‘ynab o‘tirib bilmay otib qo‘yganini aytgan, - dedi mulozim.

Unga ko‘ra¸ ana shundan keyin Samarqand shahar IIB soqchilik bo‘limi boshlig‘i Zokirjon Tolibov voqea yuzasidan raport ëzgan:

- Jinoyat ishi ochilmadi¸ Musaxonov ruhiy ekspertizadan o‘tkzailmadi. U bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Xizmat tekshiruvi mobaynida Musaxonov kazarmada edi¸ lekin ishdan bo‘shatilmadi, dedi mulozim Ozodlik bilan suhbatda.

Bu voqeagacha...

Bu militsiya xodimlarining o‘z joniga qasd qilishi yoki o‘q otar qurolni zaruratsiz ishlatishga oid birinchi voqea emas.

Ozodlik, avvalroq, Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limida ishlaydigan 29 yashar kapitan yoshli Sarvar Hamidovning tabel to‘pponchasidan o‘zini otib tashlagani haqida yozgan edi.

Bundan oldin Jizzax viloyati Zomin tumanida militsiya polkovnigi, 42 yashar To‘lqin Dovurboev o‘z ukalari Dilshod va Muhammadni otib o‘ldirganlikda ayblanib, javobgarlikka tortilgan edi.

XS
SM
MD
LG