Линклар

Dushanbeda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yarmarkasi ochildi


Ko‘rgazmada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 1500ga yaqin mahsulot namoyishga qo‘yilgan.

17 aprel kuni Dushanbedagi "Poytaxt-90" tijorat markazida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ochildi.

O‘zbekistondan borgan 500ga yaqin tojir 161 shirkat mahsulotlarini namoyishga qo‘ygan.

"O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalari mahsulotlarining milliy ko‘rgazma - yarmarkasi"ni ochish marosimida gapirgan O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Shoqosim Shoislomov ko‘rgazmaga 1500ga yaqin mahsulot keltirilganini aytdi.

- Bu ko‘rgazma o‘tgan yil kuzida Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan majlis ortidan bo‘lib o‘tayapti. Ushbu ko‘rgazmadan maqsad O‘zbekistonning oxirgi yillarda erishgan yutuqlarini ko‘rsatishdir. Umid qilamanki, bu ko‘rgazma Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga yo‘l ochadi, - dedi Shoqosim Shoislomov.

Ko‘rgazmaga og‘ir va engil avtomobillar ham keltirilgan
Ko‘rgazmaga og‘ir va engil avtomobillar ham keltirilgan

Ozodlik muxbirining aytishicha, ko‘rgazmaga odamlar e’tiboriga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli sanoat mahsulotlari, jumladan engil va og‘ir mashinalar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, muzlatgich va changyutgichlar, turli xil poyafzallar, dori-darmonlar hamda oziq-ovqat mahsulotlari havola etildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2000 yilda 1 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etgandi.

Biroq so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 5 million dollargacha tushib ketdi.

"O‘zekspotsent" davlat korxonasi direktori Ibrohim Ergashevning aytishicha, bu ko‘rgazmani o‘tkazishdan yana bir maqsad O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni reklama qilishdir.

-Tasdiqlangan rejaga muvofiq, may oyida Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tishi kerak. Tojikiston ko‘rgazmasi va madaniyati kunlari esa shu yil sentabr oyida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2016 yilda 62 million dollarga etdi, - dedi Ibrohim Ergashev.

O‘zbekiston sanoat yarmarkasi Tojikistonda ilk bor o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston sanoat yarmarkasi Tojikistonda ilk bor o‘tkazilmoqda

Tojikiston Tijorat va sanoat palatasi raisining muovini Manzura Rustamova 17 aprel kuni Ozodlik radiosiga Tojikiston O‘zbekistonga ilk marotaba sement eksport qilgani, O‘zbekistondan Tojikistonga mineral o‘g‘itlar keltirilganini bildirdi.

- O‘zbekistonning Tojikistondagi elichisidan biz Tojikistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona ta’sis etish bo‘yicha shartnoma imzolanganidan xabardor bo‘ldik. Bu korxonada qishloq xo‘jaligiga zarur bo‘lgan turli texnik vositalar ishlab chiqarilishi kutilyapti, - dedi Manzura Rustamova.

19 aprelda Dushanbeda Tojikiston va O‘zbekiston tojirlari uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

Tojikiston Tijoriy palatasining raisi Sharif Saidning aytishicha, ushbu uchrashuvda ikki mamlakat tojirlari o‘rtasida hamkorlikka oid bir nechta shartnoma izmolanadi.

XS
SM
MD
LG