Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:55

Tojikiston o‘zbek chegarachilarini tojik cho‘ponini "sababsiz" otib tashlashda aybladi


O‘zbekiston va Tojikistonni ajratib turuvchi simto‘r
O‘zbekiston va Tojikistonni ajratib turuvchi simto‘r

Tojikiston chegarachilari O‘zbekiston chegarachilarining bir Tojikiston vatandoshi chegarani noqonuniy kesib o‘tib, o‘zbek chegarachilariga pichoq va tayoqlar bilan hujum qilgan paytda otib tashlangani haqidagi iddaolarini rad etdi.

Avvalroq sputnik.uz O‘zbekiston MXX Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasiga tayanib, Surxondaryo viloyatidagi O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida yuz bergan insident chog‘ida Tojikiston vatandoshi, Tursunzoda tumanining, Shlyum aholi punktida yashovchi Aslidddin Shoimov olingan jarohatlardan qurbon bo‘lgani to‘g‘risida xabar qilgandi.

Xabarda aytilishicha, 15 aprel soat 18:10 da Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Quruqsoy aholi punkti yaqinida Tojikiston tomonidan O‘zbekiston hududiga qoramol podasi o‘tgan.

Belgilangan chegara chizig‘iga muvofiq, O‘zbekiston chegarachilari qoramol podasini Tojikiston hududiga qaytarib hayday boshlagan. "Qaytarib haydash vaqtida chegarachilarga Tojikiston tomonidan uch nafar noma’lum shaxs O‘zbekiston hududining 50 metr ichkarisiga kirib, ushbu hudud Tojikistonga tegishli ekanini aytgan va haqoratli gaplar bilan janjal chiqarishga uringan", — deyiladi MXX DChQQ xabarida.

Noma’lum shaxslar chegarachilarning Tojikiston hududiga qaytish talabiga bo‘ysunmagan, aksincha, ular pichoq va tayoqlar bilan O‘zbekiston chegarachilarga hujum qilgan.

"O‘z hayotini himoya qilish, hujumni qaytarish va shaxsiy qurolini egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun,chegara qo‘riqchilari O‘zbekiston qonunlariga muvofiq holda, chegarabuzarlarga nisbatan qurol ishlatdi. Natijada, qoidabuzarlardan biri, Tojikiston Respublikasi fuqarosi Tursunzoda tumanining, Shlyum aholi punktida yashovchi Aslidddin Shoimov olingan jarohatlardan qurbon bo‘ldi, qolgan qoidabuzarlar Tojikiston hududida yashirinishga muvaffaq bo‘lishgan", — deyilgan matbuot xizmati xabarida.

Chegara qo‘riqchilari bosh va bo‘ynidan turli og‘irlik darajasida jarohatlar olgan.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi huquqni saqlash organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. MXX DChQQ xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni taklifiga qaramasdan, Tojikistonning Tursunzoda tumani chegara nazorat xizmati vakillari ushbu holat sabablarini aniqlash uchun tayinlangan uchrashuvga kelmagan.

"Yuqorida aytib o‘tilgan voqealar munosabati bilan, O‘zbekiston tomoni Tojikistonlik hamkasabalarini chegara hududiga yaqin joylarda yashaydigan mahalliy aholi orasida tushuntirish ishlari olib borishga va O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini buzilishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi", — deyilgan MXX DChQQ xabarida.

Biroq, Tojikiston chegara qo‘shinlari tomonidan Ozodlikka yo‘llangan bayonotda Tojikiston vatandoshi O‘zbekiston chegarachilari aybi bilan o‘ldirilganini da’vo qilindi.

Tojikiston rasmiylari hodisaning mutlaqo o‘zgacha manzarasini tasvirlaganlar.

Ular O‘zbekiston chegarachilarini Tojikiston hududida yuz bergan hodisaga bog‘liq "faktlarni ataylabdan yashirish"ga urinishda ayblashdi.

Tojikiston chegarachilarining da’vo qilishicha, "o‘zbek chegarachilari Tojikiston hududida "sababsiz" Tojikiston vatandoshlariga hamla qilganlar".

Chegarachilardan biri cho‘pon Asliddin Shoimovni uch metr masofadan otib tashlagan, yana bir Tojikiston fuqarosining o‘ng oyog‘i va qo‘liga uchta o‘q uzgan.

Tojikiston chegarachilarining iddao qilishicha, "o‘zbek chegarachilari voqea joyida halok bo‘lgan Tojikiston vatandoshi jasadini O‘zbekiston ichkarisiga olib ketganlar".

Ko‘p o‘tmay hodisa joyiga etib kelgan Tojikiston chegarachilari yaradorni shifoxonaga eltganlar.

"Hodisa joyida o‘zbek chegarachilariga tegishli 7,62 millimetrli gilzalar va O‘zbekiston hududiga eltuvchi qon izlari topildi," deyiladi Chegara qo‘shinlari bayonotida.

Tojikistonlik chegarachilarga ko‘ra, ayni paytda ikkala taraf vakillari hodisa joyida bo‘lib, hodisani o‘rganmoqda.

Ushbu hodisa ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar oxirgi 20 yil ichida ilk bor iliqlashayotgan bir pallada yuz berdi.

Ayni kunlarda Tojikiston poytaxti Dushanbeda O‘zbekiston sanoat mollari yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.

XS
SM
MD
LG