Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:01

Fransiya O‘zbekiston bilan ehtimoliy jihodchilarga oid axborot almashadigan bo‘ldi


Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Eyro Toshkentda hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Eyro Toshkentda hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.

Fransiya O‘zbekiston bilan ehtimoliy jihodchilarga oid axborot almashadigan bo‘ldi. Bu haqda hafta so‘ngida Toshkentga safar qilgan Fransiya Tashqi ishlar vaziri ma’lum qildi.

Biz ham O‘zbekiston¸ ham Fransiyada ayrim yoshlarning jihodchi guruhlar ta’siriga tushib¸ jihodni tanlayotgani munosabati bilan terrorchilik va radikalizm masalalarini qizg‘in muhokama qildik.Shu bois¸ bunday hodisaga qarshi kurashda o‘zaro axborot almashish juda muhimdir. Sankt-Peterburg va Stokholmda yuzaga chiqqan terror aktlari bizga bunday zaruratni yana bir bor eslatdi”¸ dedi Reuters muxbiriga Parij diplomatlari rahbari Jan-Mark Eyro (Jean-Marc Ayrault) shanba kungi Toshkent so‘zlashuvlaridan so‘ng.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosi¸ 7 aprel kuni Stokholm markazidagi tirband ko‘cha¸ qolaversa¸ 31 dekabrda Istanbulning mashhur tungi klubida sodir etilgan terror xurujlarini o‘zbeklar uyushtirgani e’lon qilindi.

Keyingi oylar ichi turli mamlakatlarda amalga oshirilgan shov-shuvlik terror xurujlarining “Islom davlati” radikal guruhi ta’siriga tushgan o‘zbeklar tomonidan uyushtirilgani¸ aksar davlatlar xavfsizlik xizmatlarini o‘zbek diasporasiga diqqatliroq bo‘lishga undamoqda.

O‘zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvdan so‘ng Fransiya Tashqi ishlar vaziri¸ hozirga qadar O‘zbekiston bilan terrorchilik va radikalizmga qarshi kurashdagi hamkorlikning yetarli darajada bo‘lmaganini e’tirof etdi.

“Albatta¸ hozirgacha ham qaysidir darajada hamkorlik bo‘lgan¸ ammo bundan so‘ng mazkur hamkorlikni kuchaytirishimiz lozim”¸ dedi Jan-Mark Eyro.

Hozircha Fransiya Tashqi ishlar vazirining Reuters agentligi yoyinlagan bu bayonoti¸ xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlikda jiddiy o‘zgarish bo‘lgan-bo‘lmaganiga oydinlik kiritmadi.

Ozodlik muxbirining bu bayonotga oydinlik kiritish maqsadida Toshkentdagi Fransiya elchixonasi va Fransiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga qilgan qo‘ng‘iroqlari¸ Pasxa bayrami tufayli¸ javobsiz qoldi.

"Soxta ayblovlar bois ishonchni yo‘qotgan “eski hamkor”

O‘zbekistondagi inson haqlari va demokratiya vaziyatining ayanchli ahvolda ekani¸ G‘arb davlatlari¸ xususan¸ Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston huquq tizimlari qidiruvga bergan siyosiy va diniy o‘zgacha qarashdagilar ro‘yxatiga nisbatan ishonchsizligi¸ huquq faollari fikricha¸ hozirga qadar O‘zbekiston va G‘arb hukumatlari o‘rtasidagi xavfsizlik hamkorligiga jiddiy xalal berib kelgan:

- O‘zbekiston hukumati yillar davomida siyosiy dissidentlar¸ huquq faollari va mustaqil jurnalistlarni ham terrorchilikda ayblashga urinib keldi. Bundaylarni Interpol qidiruviga berarkan¸ o‘zbek tomoni ayblovi faqat shubhali vaziyatda olingan ko‘rsatma va iqrorlargagina asoslandi. G‘arb¸ xususan¸ YeI huquq tizimlari bunday axborotga jiddiy shubha bilan qaraydi va faqat asosli dalillar taqdim etilgan taqdirdagina¸ ularni jiddiy qabul qiladi. Toshkentning o‘ziga yoqmagan hammani terrorchi¸ ekstremistga chiqarishi¸ bu sohadagi hamkorlikka xalal berib keldi¸ deydi Fransiyadan boshpana topgan o‘zbekistonlik huquq faoli Nadejda Ataeva.

YeI a’zosi bo‘lgan Frantsiyaning O‘zbekiston bilan ehtimoliy jihodchilarga oid axborot almashinuvini kuchaytirishi¸ huquq faoli fikricha¸ yuzaga kelgan hozirgi sharoitda muhim va olqishga sazovor harakatdir:

- Fransiya huquq tizimlari O‘zbekiston tomoni beradigan har qanday axborotni haqiqat deb qabul qilmaydi – bu turli axborot manbalarining bittasi¸ xolos. Toshkent taqdim etgan axborot jiddiy dalillar bilan quvvatlangan taqdirdagina¸ ular jihodiy guruhlar ta’siriga tushgan o‘zbekistonliklarni nafaqat Fransiya¸ balki butun Yevrosoyuz hududida¸ mahkama qarori bilangina¸ kuzatishni boshlaydi. Shu bois¸ xalqaro terrorchilikka qarshi kurashdagi ishonchli hamkorga aylanmoqchi bo‘lsa¸ O‘zbekiston tomoni o‘z faoliyatini isloh qilishi va hammani yoppasiga esktremistlikda ayblashni to‘xtatib¸ jihodchi guruhlar ta’siriga jiddiy berilganlarga oid asos-dalillarnigina taqdim qilishga o‘tishi kerak¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Markaziy Osiyo inson haqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Otaeva.

Toshkent bu hamkorlikdan nima istaydi?

Toshkentdagi Mintaqaviy tahdidlar markazi direktori Viktor Mixaylovning Ozodlikka aytishicha¸ yillar davomida O‘zbekiston maxsus xizmatlari YeI¸ xususan¸ Shvetsiya maxsus xizmatlariga jihodiy guruhlar ta’siriga berilgan o‘zbekistonlik qochqinlarga oid axborotni taqdim qilib kelgan:

- Bunday axborotni Yevropa¸ xususan¸ Shvetsiya maxsus xizmatlari jiddiy qabul qilgan taqdirda ham¸ diniy e’tiqodi uchub ta’qibga uchraganini iddao qilgan qochqinlarga nisbatan nimadir qilishga ularning siyosiy vaziyati yo‘l bermay keldi. Inson haqlari¸ e’tiqod erkinligi¸ tolerantlik degan siyosiy tushunchalar bois¸ Yevropa maxsus xizmatlari jihodchilik ta’siriga tushganlarni o‘z holiga qo‘yib berdi. Ammo keyingi teraktlar¸ Yevropadagi xavfsizlik vaziyati endi siyosatchilarni ham o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qilmoqda va Fransiya Tashqi ishlar vazirining Toshkentdagi bayonoti siyosiy iqlim o‘zgara boshlagani ifodasidir¸ deydi o‘zbekistonlik mutaxassis.

Bu suhbatdosh fikricha¸ O‘zbekiston¸ qaerda bo‘lishidan qat’iy nazar¸ jinoyatchilarning loyiq jazo olishini istaydi va bu jarayonda yordam beruvchi axborotni Yevropa va G‘arb davlatlari bilan almashishda davom etadi:

- Jinoyat qilgan jazosini olishi shart. Har xil jihodiy guruhlarga xayrixoh o‘zbekistonliklar hali jinoyatga qo‘l urmadi¸ hali bombasini portlatmadi¸ o‘q uzmadiku¸ deb ularni o‘z holiga tashlab qo‘yish zamoni o‘tdi. Bu gap¸ terror hali o‘z hayotiga daxl qilmagan odamning nazariy tushunchasi mahsuli, xolos. Uni terror oqibatida bolasidan ajragan onaga aytib ko‘ringchi¸ nima deydi? Terrorchilikka mayli borligi ko‘rinib turganlarni jamiyat xavfsizligi uchun izolyatsiya qilish lozim. Uzoq yillar bunga jazm qilmagan tolerant Yevropa ham shunday to‘xtamga kelmoqda¸ deydi Toshkentdagi Mintaqaviy tahdidlar markazi direktori Viktor Mixaylov.

XS
SM
MD
LG