Линклар

Hukumat yig‘inida Mirziyoev O‘zbekistonda "ahvol nihoyatda og‘ir"ligini tan oldi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev.

Ozodlikka Telegram tarmog‘i orqali yetib kelgan audiotasmada prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatdagi "nihoyatda og‘ir ahvol"ni o‘nglash uchun kelgusi ikki yil davomida mutasaddilar "favqulodda holat"da ishlashi zarurligini aytadi.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston hukumatining bir-biridan mustaqil ikki rasmiysi Shavkat Mirziyoevning bu so‘zlari 11 aprel kungi videoselektor yig‘ilishida yangraganini tasdiqladi.

Bugungi talab

Prezident etib saylanishidan besh oy o‘tib Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonda "vaziyat nihoyatda og‘ir"ligini ochiqcha tan oldi:

- Ahvol nihoyatda og‘ir. Tomoshabin bo‘lib o‘tira olmaymiz. O‘tirishga haqqimiz ham yo‘q. Odamlar bizdan bugun talab qilayapti, - dedi Shavkat Mirziyoev.

"Favqulodda vaziyat"

O‘zbekistonda kadrlarni tayyorlash tizimi yo‘qligini aytgan prezident kelgusi ikki yil davomida mutasaddilar "favqulodda vaziyatda" ishlashi zarurligini e’lon qildi:

- Bizda kadr tayyorlash tizimi yo‘q desak, adolatdan bo‘ladi. Yo‘q. Albatta, ikki-uch yildan keyin kadrlar keladi. Yosh, yaxshi kadrlar. Lekin, hozir men qaror qildim, ikki yil favqulodda vaziyatda ishlaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.

"Davlat g‘ildiragi"

Prezident ayni yig‘inda O‘zbekistondagi to‘rtta davlat tashkiloti - prokuratura, ichki ishlar, soliq va hokimiyat - "butun davlatimiz tizimining g‘ildiragini aylantiradi", deb aytdi va bu idoralar rahbarlarini har hafta o‘ziga hisobot berishga vazifalantirdi:

- Har haftada menga shaxsan yozma ravishda hisobot berasiz: nimaga erishildi, kimni ishdan olish kerak, kimga chora ko‘rish kerak, kimga qanday imkoniyat yaratish kerak, kimni ishga joylash kerak, kimga qancha pul kerak. Qaerda g‘ildirak aylantiriladi¸ har bir viloyat bo‘yicha aniq-aniq aytasizlar, - dedi Shavkat Mirziyoev.

"Hamma dalaga"

O‘zbekiston prezidenti davlat boshqaruvi organlari xodimlari ishini nazorat qilish uchun viloyat hokimlariga o‘zlariga biriktirilgan hududlarda "o‘z shtablarini" tashkil etishga buyruq berdi:

- Viloyatlar rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan shahar va tumanlarning har birida tuman va shaharlari rahbarlari hududi uchun qulay bo‘lgan joyda o‘z shtablarini tashkil qiladi. Hamma dalaga chiqib ketadi. Shtabni tashkil qilib, Bosh vazir qarori o‘n kundan keyin chiqqanidan keyin o‘sha shtabning menga telefoni, shtabni joyi beriladi , - dedi Shavkat Mirziyoev.

"Uyga borishni yo‘q qilamiz"

Mirziyoev barcha mahalliy rahbarlar faoliyati ustidan nazoratni shaxsan o‘zi olib borishini ta’kidladi:

- Men o‘zim nazorat qilaman. Shu rayonni prokurori qaerda, militsiyasi qaerda, soliqchisi qaerda, hokimi qaerda. Uyga borishni yo‘q qilamiz. Ikki yil favqulodda, mas’ul ish tizimiga o‘tamiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezident barcha viloyat rahbarlari to‘rt idora rahbariga, to‘rt idora rahbari esa shaxsan uning o‘ziga hisobot berib turishini yig‘ilish davomida bir necha marta eslatdi.

"Eski hammom, eski tos... bo‘lmaydi"

Prezident xalq bilan muloqot yilida rahbarlar xalq muammolarini yo hal qilishlari shartligi yoki vazifalaridan ketishlaridan ogohlantirdi:

- 2017 yil - "Xalq bilan muloqot yili" deganda hech kim tushunmovdi. O‘ylagan edilaringki, ha eski tos, eski hammom bo‘ladi, deb. Unday bo‘lmaydi. Yo gaplashasizlar, masalani hal qilasizlar yoki ketasizlar, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning xalqdan tushgan ariza va shikoyatlar sezilarli miqyosda ozayganiga oid hisobotiga shubha bildirgan Shavkat Mirziyoev shahar militsiya va prokuratura xodimlarini hokimiyatga kelgan shikoyatlarni yashirishga urinayotganlikda aybladi:

- Sening prokuroring va militsiyang haqida menda ma’lumot bor. Men hozir aytmoqchi emasman. Qabulxonaga borib, prokuraturadan kelgan shikoyatlarni kirgizma, deyapti prokuroring, militsiyang. Menda ma’lumot bor. Sen bilmagan narsangni nima qilasan maqtanib. Bilasanmi, sening eng katta xatoing nima? Ichiga kirmaysan, - dedi Shavkat Mirziyoev Toshkent hokimiga qaratilgan gapida.

XS
SM
MD
LG