Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:21

Buxoro markazidagi "Dilkusho" bozori buzilib¸ gipermarketga aylanadi


"Dilkusho" bozoridagi buzilayotgan do‘konlardan biri.
"Dilkusho" bozoridagi buzilayotgan do‘konlardan biri.

Buxoro shahri markazida joylashgan “Dilkusho” bozoridagi savdo do‘konlarini buzish egalarini ogohlantirishsiz boshlandi¸ deb xabar qildi Ozodlikka ayrim mahalliy tadbirkorlar. Buzilgan do‘konlar uchun tovon puli to‘lash va savdogarlarga yangi joy berishdan bosh tortgan shahar hokimligi¸ norozilik kuchaygach, bu talablarni qabul qilgan.

Buxoro shahri markazidagi “Dilkusho” (mahalliy xalq tilida “Kritiy bozor” deb aytiladi – tahririyat) bozorida savdo qilib kelgan do‘kondorlarning Ozodlikka bildirishicha, kutilmaganda tadbirkorlarga savdoni to‘xtatib¸ do‘konlarini buzib olib ketish haqida shahar hokimligidan kelgan qaror tutqazilgan:

“Buxoro shahridagi Kritiy bozorni hech qanday ogohlantirishsiz buzishni boshlashdi. Hamma hayratda, chunki ko‘pchilikning bu yerda 2-3 tadan magazini bor edi. Buziladigan do‘konlarga tovon puli to‘lash haqida gap ham yo‘q, o‘rniga o‘rin magazin ham qurib bermas ekan. Buni eshitib, ba’zi tadbirkorlarning qon bosimi ko‘tarilib, yiqilib qolayapti”, dedi 17 aprel kuni Ozodlikka murojaat qilgan ayrim tadbirkorlar.

Buxorodagi buzilayotgan "Dilkusho" bozori
Buxorodagi buzilayotgan "Dilkusho" bozori

18 aprel kuni "Dilkusho" bozorida savdo qilib kelgan tadbirkorlardan biri¸ buzilayotgan do‘kon egalarining qattiq noroziligi ortidan hokimlik qoshida tuzilgan maxsus komissiya vakillari tadbirkorlar bilan uchrashib, boshqa bozorlardan joy va’da qilganini bildirdi.

“Kecha tadbirkorlar ancha to‘polon qilgan edik. Chunki, joy ham bermaymiz, pul ham bermaymiz, deyishgan edi. Viloyat hokimiga arz qilib bordik, prezident portaliga hammamiz ariza yozdik, telefon qildik. Bugun ertalab komissiya vakillari kelib, shu yerda yangi bozor quramiz va shu joydan yana joy beramiz, deb bizga yozma ravishda kadastr hujjatlarimizga yozib berdilar. Yangi bozor qurib bo‘linguncha, shahardagi boshqa bozorlardan joy topib beramiz, deb va’da ham berishdi. Lekin tovon puli haqida gap bo‘lgani yo‘q", dedi Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gapirgan tadbirkorlardan biri.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ komissiya bozordagi 591 nafar tadbirkorga yangi qurilgan bozordan do‘kon va’da qilgan.

Buxorodagi buzilayotgan "Dilkusho" bozori
Buxorodagi buzilayotgan "Dilkusho" bozori

​Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Maqsudov Ozodlik bilan suhbatda, yangi quriladigan bozor faqat oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashtirilishini aytdi:

- Prezidentimizning 28/53 qaroriga muvofiq bu bozor qayta quriladi. Lekin faqat oziq-ovqat yo‘nalishida bo‘ladi. Ichkarisida katta gipermarket ham quriladi. Kiyim-kechak bo‘lmaydi. Ularning hammasini ixtisoslashgan bozorlarga o‘tkazamiz”, dedi hokim o‘rinbosari.

Baxtiyor Maqsudov tadbirkorlarga tovon puli berilishi va ularning biror nafari ham joysiz qolmasligi va’dasini Ozodlikka ham takrorladi:

- 97-qarorga asosan tadbirkorlarga kompensatsiya puli ham beriladi. Hozir tadbirkorlarni “Karvon”, “SUM” va “Markaziy bozor”ga joylashtirayapmiz. Komissiyaning ruxsatnomasi bilan borib joylashishayapti, kimning shikoyati bo‘lsa, bozordagi shtabga kelsin, hal qilamiz, men shu erda o‘tiribman, dedi Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Maqsudov.

Prezident Shavkat Mirziyoev 27 mart kuni imzolagan qaroriga ko‘ra, 2019 yilgacha O‘zbekistondagi barcha dehqon bozorlari qayta quriladi.

Qarorda aytilishicha¸ dehqon bozorlarini qayta qurish uchun 746 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘ning 631,5 milliardi O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar Milliy banki tomonidan ajratiladi¸ qolgan 81,5 milliard so‘mi esa tadbirkorlar va boshqa banklar beradigan kredit hisobiga qoplanadi.

XS
SM
MD
LG