Линклар

Yoshi 40 ga yaqinlashib qolgan, “Baratovman”, deb o‘zini faqat familiyasi bilan tanishtirgan o‘zbekistonlik Ozodlikka murojaat qilib, bundan 3 yil muqaddam, harbiy xizmatchi sifatida pensiyaga chiqishiga 2 oy qolganda MXXning Chegara qo‘shinlaridan bo‘shatilgani tafsilotlarini aytib berdi.

Ozodlikka bergan suhbati davomida, Baratovning aytganlaridagi bir qator unsurlardan, uning chindan ham Chegara qo‘shinlari safida xizmat qilganiga ishonch hosil qilish mumkin va shuning uchun suhbatni OzodMikrofon ruknida e’tiboringizga havola qilamiz.

“Eminjonovning qabuliga kirish uchun 10 marta bordim, kirolmadim”

Sobiq chegarachi Baratov, Ozodlikka bog‘lanishi bilanoq, Chegara qo‘shinlaridan bo‘shatilganidan buyon o‘tgan 3 yil ichida to‘planib qolgan hasratini to‘kib soldi. Ishda qolishi uchun undan 8 million so‘m pora talab qilganlari, bu pulni birdaniga to‘lashga imkoni bo‘lmagani, pora talab qilganlar ustidan Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Rustam Eminjonovga arz qilmoqchi bo‘lgani, lekin bu ishni uddalay olmagani to‘g‘risida aytib berdi.

Chegarachi qancha maosh oladi?

“Ozodlikka aytaman” deganini aytib olganidan so‘ng sobiq chegarachi Baratovdan 3 yil oldingi voqeani batafsil surishtirdik.

Baratovning aytishicha, u xizmatdan bo‘shashi arafasida 1 700 000 so‘m maosh va qariyb 500 000 so‘m “kvartplata” – hammasi bo‘lib 2 200 000 so‘mga yaqin pul olar edi. Agar xizmatdan haydalmay, pensiyaga chiqsa, 1 000 000 so‘m pensiya olgan bo‘lar edi.

“Agar 8 mln. so‘mni bersam, ham pensiyaga chiqqan, ham ishda qolgan bo‘lar edim”, dedi 3 yil oldin ishsiz qolgan, pensiya ham olmayotgan Baratov.

Uning aytishicha, boshliqlarining pora talab qilganini har qachon isbotlay oladi: “Men kim, qachon telefon qilib nimalar deganini yozib qo‘yganman, uyimda turibdi”.

Chegarachi “ishlab topgan puli”ning qanchasini yuqoriga uzatadi?

Ozodlikning bu savolini Baratov javobsiz qoldirdi.

Sobiq chegarachidan o‘zbek chegarachisi qanday “pul qilishini” aytib berishni so‘radik. U Rossiya-Qozog‘iston tomondan keluvchi yoki O‘zbekistondan ketuvchi poezdlar misolida tushuntirmoqchi bo‘ldi.

Uning aytishicha, yo‘lovchilardan pul undirishning o‘ziga xos sxemasi bor va bu sxemada chegarachidan tashqari vagon provodnigiyu boshqa o‘rtamchilar mavjud.

- Yo‘lovchilardan olingan pul tekshiruvni o‘tkazgan chegarachining cho‘ntagida to‘xtaydimi yoki uning bir qismi cho‘ntakdan chiqib yuqoriga ketadimi? Bu savolga sobiq chegarachi Baratov javob berishni istamadi va telefon-aloqani uzib qo‘ydi.

Chegara qo‘shinlarining vakolatlari prezident Karimov 1990 yil, 20 avgustda imzolagan “O‘zbekiston respublikasining davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilab qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG