Линклар

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqova o‘zidan izn olmasdan qo‘shiqlarini ijro qilgan Gulnora Karimova va rossiyalik qo‘shiqchi Anorani o‘g‘irlikda aybladi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu ikki shaxs Kumush Razzoqova va Baramikovga tegishli bo‘lgan qo‘shiqni maxsus izn olmasdan¸ mualliflik huquqlariga zid tarzda kuylashgan.

Gap o‘tgan yili vafot etgan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova va Rossiya Federaatsiyasining Dog‘iston respublikasida ijod qilayotgan qo‘shiqchi Anora haqida ketmoqda.

O‘g‘irlangani iddao qilingan qo‘shiqlar ijrochisi Kumush Razzoqova bilan suhbatimiz Chodirxayolning “Tanish qo‘shiqlar” deb nomlangan sahifasi formatiga kirdi.

Kumush Razzoqova ijrosida bundan 20 yil oldin ijro qilingan “Men sevganman sizni hamisha” qo‘shig‘i tarixini o‘rgandik.

Siz yoqqansiz menga hamisha

Faqat buni etmovdim oshkor.

O‘ylardimki yurak topishar

Bizdan ketgach sabru ixtiyor.

O‘tgan asrning 90-yillarida og‘izga tushgan qo‘shiq she’ridan parcha bu. Shoir Usmon Azim she’rini bastakor Dilorom Omonullaeva qo‘shiq qildi. Kumush Razzoqova bu qo‘shiqni kuyladi. Qo‘shiq millionlar qalbidan o‘rin oldi. Ammo men bu qo‘shiqning bu qadar ommalashishini o‘ylamagan ham edim, deydi Kumush Razzoqova:

- Bu qo‘shiqni ijro qilib studiyada yozib bo‘lgandan keyin men uch oyga Afrikaga gastrolga ketuvdim. Kelsam¸ shov-shuv bo‘lib ketibdi bu qo‘shiq. Xit bo‘lib ketganini bilmay ham qoldim. Mana¸ 20 yildirki¸ bu qo‘shiqni so‘rashadi. Nega desangiz¸ bu qo‘shiq matnini yozgan Usmon Azim mening¸ ya’ni dardli ayolning tilidan gapirgan. Tomoshabinlarning hammasi umumiy gapni emas¸ balki aynan unga qaratilgan hissiyotli izhorni istashgani bois¸ bu qo‘shiq ularning yuragiga borib yetdi va shu kungacha unutilmadi¸ - deydi suhbatdosh.

Kumush Razzoqovaning el og‘ziga tushgan aksar qo‘shiqlari muallifi Usmon Azimdir.

Ozodlik muxbiri “Siz yoqqansiz menga hamisha” she’ri muallifi Usmon Azim bilan bog‘landi.

Bu juda shaxsiy va o‘ta hissiyotli she’r. Shu bois¸ dabdurustdan gapira olmayman. Ertaga suhbat qilsak¸ bu she’r bilan bog‘liq huzunli hikoyani aytib beraman¸ - deya va’da qildi shoir.

90-yillar ifori

Tanish ohanglar. Qulog‘imiz tagida jaranglayotgan qo‘shiq. Kumush Razzoqova ijrosidagi qo‘shiq 90-yillar iforini biz tomon eltadi.

O¸ men sizni qanchalar kutdim¸

Mana oq soch¸ mana bu ajin.

Kunlarimni tortqilab yutdi¸

Shum yolg‘izlik farishta g‘ajib.

- Bu qo‘shiqni sobiq qittifoqning barcha shaharlarida kuyladim. Ikki marta Afg‘onistondagi sovet soldatlari oldida kuyladim. Hatto biz tushgan avtobusni mujohidlar o‘qqa tutganida bir o‘limdan qoldim. Bu qo‘shiqni Berlindagi Fridrixshtatpalast konsert zalida ham kuyladim. Usmon Azimning she’rlaridagi dramani Afg‘onistondagi soldatlar va nemis tinglovchilari ham birdek angladi. Uch minutda aytiladigan bitta qo‘shiq mobaynida odamning taqdiri aks etgan¸ deydi Kumush Razzoqova.

Taniqli qo‘shiqchi¸ yillar davomida bu qo‘shiqni kuylash¸ bu satrlardagi huzunni o‘z hayotiga ham ko‘chirganini aytadi:

- Rostini aytsam, men o‘sha paytda aytganimda, men o‘zim bilmagan holda buni taqdirimga yuqtirdimmi, aytishadiku, nima to‘g‘risida o‘ylasang, shu narsa o‘z hayotingda paydo bo‘ladi, deb. To‘g‘risini aytsam, men o‘zim to‘g‘rimda aytayapman, deb hech ham o‘ylamaganman. Lekin o‘zim aytgan ko‘p qo‘shiqlarim o‘zimning hayotimda ham ro‘y bergan.

Bugun orqaga qarab o‘z qo‘shiqlarimni eshitsam, hamma qo‘shiqlarim o‘zim haqimda ekan, - deya xo‘rsingan Razzoqova qo‘shiqni Ozodlik tinglovchilariga kuylab berdi.

XS
SM
MD
LG