Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2021, Тошкент вақти: 12:01

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraning ming kilometri bo‘yicha kelishib oldi


Prezident Atambaev 2016 yil dekabrida Toshkentda prezident Mirziyoev bilan uchrashgan edi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasining ming kilometriga yaqin hududi bo‘yicha o‘zaro kelishib oldi. Bu haqda O‘zbekiston rasmiylari ma’lum qilmoqda. Biroq Qirg‘iziston tomoni hozirgacha O‘zbekiston bilan olib borilayotgan chegara muzokaralari haqida biron izoh berishdan tiyilib kelmoqda. Hozircha “Prezident Atambaevning Toshkentga qiladigan tashrifi doirasida bu masala muhokama qilinadimi?” degan savol ham javobsiz qolayotir.

O‘zbek- qirg‘iz chegarasi yuzasidan olib borilayotgan bir necha oylik muzokaralar natijalari to‘g‘risida matbuotga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ma’lum qildi.

“Biz Qirg‘iziston bilan hamkorlikning ko‘p yo‘nalishlari bo‘yicha yutuqlarga erishdik. Jumladan, chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish kabi murakkab va nozik masalada ham.Bugungi kunda deyarli bir ming kilometrga yaqin hududni bayon etdik va tarixda abadul-abad bu o‘zaro tan olingan chegaralar ekanini muhralab qo‘yish uchun kelishuv tayyorlamoqdamiz”, deb iqtibos keltirgan “Nezavisimaya gazeta” Abdulaziz Komilov so‘zlaridan.

“Nezavisimaya gazeta”ning 16 aprelda yozishicha, Abdulaziz Komilov aytib o‘tgan kelishuv prezident Atambaevning Toshkentga qiladigan tashrifi doirasida prezident Mirziyoev bilan o‘tadigan uchrashuv chog‘ida imzolanadi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi esa hozircha chegara shartnomasi Atambaevning Toshkentga safari doirasida imzolanishi to‘g‘risidagi xabarni tasdiqlamadi, ayni paytda rad ham etmadi.

-Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan prezident Almazbek Atambaevning O‘zbekistonga tashrifi tayyorlanmoqda. Chegara masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning muzokaralari esa tasdiqlangan reja asosida davom etayotir, -dedi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ayimkan Kulukeeva.

Vazirlik Atambaevning Toshkentga safari qaysi kuni amalga oshirilishi aniq emasligini ham ta’kidladi.

Qirg‘iziston hukumati o‘tgan yilning noyabridan boshlab O‘zbekiston bilan oy sayin olib borilayotgan chegara muzokaralari tafsilotlarini ochiqlashdan tiyilib kelmoqda.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlash masalasida shug‘ullanib kelgan Qirg‘iziston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Abdraxman Mamataliev esa mana bularni aytdi:

-Bu chegara hududi bir necha yil oldin hukumatlararo chegaralarni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan tasdiqlangan edi. Umuman aniqlangan chegara chizig‘i 1095 kilometr edi. O‘zbekiston bu kelishuvni imzolashdan bosh tortib, “hozircha 700 kilometrnigina tasdiqlaylik”, degan pozitsiyada bo‘lgan. Shuning uchun bu kelishuv imzolanmasdan qolib ketgan. Agar bugungi kunda O‘zbekiston 1000 kilometr bo‘yicha shartnomani imzolashga rozilik berayotgan bo‘lsa, bu katta yutuq, -dedi Abdraxman Mamataliev.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara masalari bo‘yicha muzokaralar prezident Islom Karimov vafot etganidan so‘ng Atambaev 2016 yil dekabrida Toshkentga qilgan safari ortidan keskin jonlangan edi. Tomonlar har oyda 10 kundan chegara bo‘yicha muzokaralarni olib bormoqdalar.

O‘zbek –Qirg‘iz chegarasining uzunligi 1378 kilometrni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG