Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 19:52

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat iqtisodiy hayotining yana bir muhim jabhasini – davlat tasarrufidan chiqarilib, xususiylashtirilgan korxonalardagi vaziyatni taftish qilib, ikkita hujjat – farmon va qaror imzoladi.

“Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarorida prezident xususiylashtirilgan korxonalar kutilgan natijani bermaganini tan oldi. Lekin bu sohadagi vaziyatni o‘nglash, ya’ni “o‘sal yotgan” korxonalarni tiriltirish uchun prezident taklif qilgan choralar orasida eng asosiy chora - energiya ta’minoti tilga olinmadi.

O‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi hamda davlat mulkini xususiylashtirib olgan tadbirkorlarning biridan Prezident tan olgan muvaffaqiyatsizlik sababini so‘radik. Mirziyoevning javobini esa, u imzolagan qarordan izladik.

Qarordan ba’zi raqamlar

Prezident Mirziyoev 18 aprel kuni imzolagan qarorda aytilishicha, mustaqillik yillarida 30 mingtadan ko‘p davlat ob’ekti, jumladan, 6500 ta yirik va o‘rta ishlab chiqarish korxonalari xususiylashtirilgan.

Shu kunda yalpi ichki mahsulotning 81 foizi, sanoat ishlab chiqarishining 94 foizi, aholi bandligining 82 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayni paytda Prezident qarorida xususiylashtirilgan korxonalarning 2 000 tasi rentabelli emasligi, jumladan, 1000 dan ortiq korxona ishlamayotgani qayd etilgan.

Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi?

Qarordan olingan mana bu parchani Prezident Mirziyoevning javobi sifatida keltirish mumkin:

“...Respublika mintaqalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ishlarining borishi bilan tanishish natijalari xususiylashtirilgan korxonalarning mulkdorlari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani va korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shug‘ullanmayotgani, ixtisoslashgan ishlab chiqarishlarni tiklamayotganligi va ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining raqobatbardoshligini ta’minlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etmayotganligini ko‘rsatmoqda”.

Mustaqil iqtisodchining javobi

Toshkent Davlat Agrar universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Yonsey universiteti (Janubiy Koreya, Seul)bitiruvchisi, iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarov xususiylashtirishning kutilgan natija bermaganini sobiq prezident Islom Karimovning risoladagiday bozor iqtisodiyotiga o‘tish niyati bo‘lmagani bilan izohladi:

- O‘tgan davr mobaynida Karimovning gapi boshqa, ishi boshqa bo‘lib keldi. Hisobotlarda "iqtisodiyotning nodavlat sektori 90 foiz", deb maqtanib keldi. Lekin surishtirib kelinsa, davlat korxonalari go‘yoki aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi, lekin boshlig‘i prezident tomonidan tayinlanar va hukumatga hisob berib turar edi. Ya’ni qog‘ozda xususiylashtirilgan, amalda esa, erkinlik berilmagan, bozor iqtisodiyoti tamoyillari o‘rnatilmagan.

Tadbirkorning javobi

Tadbirkor Hamidillo Topvoldiev Ozodlik tinglovchisiga Farg‘ona shahridagi mulki – Markaziy universal magazin bilan bog‘liq mojaro bilan tanish. Bugungi suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, Hamidilloning SUMdan tashqari xususiylashtirib olgan boshqa mulki - ishlab chiqarish korxonasi ham bor, lekin u ishlamay turibdi. Demak, Topvoldievning mulki prezident aytgan 1000 dan ortiq ishlamay turgan ob’ektlardan biri bo‘lishi mumkin.

Ob’ektining ishlamay turganini Hamidillo Topvoldiev energiya taqchilligi bilan izohlarkan, u bunday dedi:

- Elektr energiyasi taqchil, gaz yo‘q. Korxonangizga asbob-uskunalarni, dastgohlarni o‘rnatib qo‘yasiz, lekin bekor yotadi. Chunki elektr quvvatini 1 kunda 2 soatdan 4 soatgachagina beradi, xolos.

Tadbirkorning aytishicha, energiya taqchilligi sharoitida vaziyatdan o‘ta yirik korxonalargina, o‘zlariga alohida energiya liniya tortib olish bilan, bezarar chiqa olishi mumkin. O‘rta va kichik hajmdagi bizneslar bunday imkoniyatdan mahrum.

Ahvolni qanday o‘nglash mumkin?

Prezident idoraning nomini o‘zgartish bilan o‘nglamoqchi

Korxonalarni xususiylashtirish kutilgan natijani bermaganini tan olgan prezident Mirziyoev ahvolni tashkiliy chora bilan o‘zgartirmoqchi. 18 aprel kuni o‘rganayotganimiz qarordan tashqari “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni ham imzoladi.

Mustaqil iqtisodchi: Davlat yordam moliyaviy yordam berishi kerak

Iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarovning fikricha, xususiylashtirilgan, lekin ishlamay turgan korxonalarga davlat ko‘mak ko‘rsatishi lozim.

- Ularga moliyaviy jihatdan ham bilvosita, ham bevosita davlat ko‘magi kerak. Ham siyosiy, ham tashkiliy ko‘mak kerak. Chunki korxonani xususiylashtirib olib, 20 yildan beri ishlatolmagan odamlar ko‘maksiz cho‘kib ketishi aniq. Har bir korxona tushib qolgan konkret vaziyatdan kelib chiqib, adresli yordam berish kerak, dedi iqtisodchi.

Tadbirkor: Energiyani yetkazib berishsin, qolganini o‘zimiz qilamiz

Farg‘onalik tadbirkor Hamidillo Topvoldievning ikkinchi savolimizga bergan javobi uning yuirinchi savolga bergan javobidan kelib chiqdi:

- Elektr energiyasi bilan ta’minlashning chorasini ko‘rsin prezident, qolgan ishni o‘zimiz qilaveramiz, dedi tadbirkor.

Prezident Mirziyoev xususiylashtirish jarayoniga oid qaror va farmonida masalaning tadbirkor aytayotgan mag‘zi - energiya ta’minotini yaxshilash masalasiga to‘xtalganini ko‘rmadik.

O‘zbekistonda nimani qachon xususiylashtirishgan?

Internetda e’lon qilingan ba’zi tadqiqotlarda O‘zbekiston hukumati davlat mulkini xususiylashtirishni 3 bosqichda amalga oshirgani aytiladi.

O‘sha tadqiqotlardan birida mana bu ma’lumotlar keltirilgan:

1992- 1993 yillarda o‘tkazilgan birinchi bosqich kichik xususiylashtirish bosqichi bo‘lib, bu bosqichda savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish hamda kichik ishlab chiqarish ob’ektlari xususiylashtirilgan.

Yengil, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati korxonalari, tayyorlash tarmoqlari, qurilish, transport hamda sanoatning bazaviy ob’ektlari 1994- 1995 yillarda o‘tkazilgan ikkinchi - ommaviy xususiylashtirish bosqichida davlat tasarrufidan chiqarilgan.

1996- 1998 yillarga to‘g‘ri kelgan uchinchi bosqichda esa, yirik korxonalar davlat monopoliyasidan chiqarilgan.

Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni tadqiqotda tilga olingan uch bosqichdan so‘ng ham davom ettirilgan va bu sohada qator hujjatlar qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2015 yil, 28 apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulk ulushi va ahamiyatini oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori o‘sha hujjatlardan biridir.

XS
SM
MD
LG