Линклар

Reuters: Putinga aloqador ilmiy markaz AQSh sayloviga ta’sir o‘tkazish rejasini tuzgan


Reuters Kremlning AQSh saylovlariga Tramp foydasiga daxl qilish rejasi bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, Rossiya hukumatiga tegishli, xodimlari sobiq razvedkachilardan iborat bo‘lgan ilmiy markaz o‘tgan yildagi AQSh prezidentlik saylovlari natijasiga ta’sir o‘tkazish rejasini tuzib chiqqan.

19 aprel kuni e’lon qilingan hisobot ismi oshkor qilinmagan uch amaldagi va to‘rt sobiq AQSh rasmiysi bergan ma’lumotlarga tayanib yozilgan.

Hisobotga ko‘ra, rasmiylar Moskvada joylashgan Rossiya strategik tadqiqotlar instituti tayyorlagan, keyinchalik AQSh razvedkasi qo‘liga tushgan ikki maxfiy hujjat haqida so‘zlab berishgan.

Hujjatlarning biri strategik reja bo‘lib, u 2016 yil iyunida yozilgan va Rossiya hukumatining eng yuqori lavozimli rasmiylariga taqdim etilgan. Hujjat Kremlni Internet va televidenieda amerikaliklarni Rossiyaga yaxshiroq munosabatda bo‘ladigan nomzodni qo‘llab ovoz berishga chorlovchi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga chaqirgan.

2016 yil oktabr oyida yozilgan ikkinchi hujjat esa Demokratlar partiyasi nomzodi Hillari Klinton g‘alaba qozonishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Mazkur hujjat Rossiya Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Trampni qo‘llovchi propagandani to‘xtatib, buning o‘rniga Klintonni obro‘sizlantirish hamda AQSh saylov tizimiga bo‘lgan ishonchni ozaytirishga ko‘proq e’tibor qaratishga chorlagan.

Yanvar oyida AQSh razvedka agentliklari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning kiberhujumlar, kompromat sizdirish va boshqa yo‘llar yordamida Amerika saylovlariga “ta’sir o‘tkazish kampaniyasini” olib borishni buyurgani haqida hisobot e’lon qilgan edi. Ushbu hujjatda Kremlning saylovda g‘alaba qozongan Trampni Hillari Klintondan ochiqchasiga afzal ko‘rgani aytildi.

Reuters hisibotida aytilishicha, prezident Putinning Rossiya saylovga aralashganini rad etib kelayotgan matbuot kotibi agentlik hisoboti bo‘yicha sharh berishdan bosh tortgan.

Davlatga qarashli TASS agentligi 19 aprel kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, Rossiya ctrategik tadqiqotlar institutining ismi oshkor qilinmagan matbuot kotibi G‘arb mamlakatlarining ulardan sharh olishni istayotgani “hazildan boshqa hech nima emas” deb aytgan.

Ayni paytda¸ TASS xabarida institut a’zolarining yuqorida tilga olingan ayblovlarni rad etganiga oid ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG