Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 09:23

Urush faxriylariga navbatsiz berish va’da etilgan mashinalarga ham navbat tuzilmoqda


Prezidentning "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "O‘zavtosanoat"urush faxriylariga GM Uzbekistan chiqarayotgan istalgan mashinani navbatsiz olish imkoni taqdim etilganini bildirgan edi. Biroq bu imkondan foydalanishga uringan o‘zbekistonliklarga ko‘ra¸ navbatsiz mashina olish uchun ham navbat kutishga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston prezidentining "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash masalasida joriy oy boshida o‘tkazilgan hukumat yig‘inida "O‘zavtosanoat" raisi o‘rinbosari urush faxriylariga GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan har qanday turdagi avtomashinalarni bir martalik navbatsiz olish imkoniyati taqdim etilayotganini ma’lum qilgan edi.

(O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni xarid qilish uchun o‘zbekistonliklar hozirgi davrda rusumiga qarab¸ 3 oydan 6 oyga qadar navbat kutishadi - tahririyat.)

20 aprelga qadar urush faxriylariga topshirilishi aytilgan bu sertifikat egalari¸ "O‘zavtosanoat" va’dasiga ko‘ra¸ istagan mashinani salondan navbat kutmasdan olish imkoniga ega bo‘lishi kerak edi.

20 aprelga kelib ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar muhokama qilayotgan qizg‘in mavzulardan biriga aylangan "navbatsiz mashina olish" va’dasi¸ unda qatnashayotganlarning yozishicha¸ o‘zbek rasmiylarining navbatdagi aldovlaridan biri bo‘lib chiqqan:​

- "Ushbu sertifikat bilan urush faxriylari navbatsiz avtomobil xarid qilish huquqiga ega", deb jar solishdi. Sertafikat bilan borsak, “salonda siz xohlagan mashina yo‘q, uch oy kutasizlar" deyapti. Televizorda og‘iz ko‘pirtirib, elga jar solingan sertifikat hech narsaga yaramaydi. Bu sertifikatsiz ham navbatga turib¸ shu "konserva bankalar"ni uch-to‘rt oyda olishi mumkinku! Demak urush veteranlarini laqillatishibdi”, - deb yozdi “Potrebitelь-plyus” guruhining Shohruh ismli foydalanuvchisi.

Tarmoqning boshqa bir foydalanuvchisi esa:

“GM Uzbekistan 9 may arafasi faxriylar yuziga tupurdi. Shirkat nomidan veteranlarga qandaydir sertifikatlar topshirishdi. Bu sertifikat bilan ham uch oy kutish kerak ekan. Demak¸ O‘zbekistondagi eng boy shirkat urush veteranlariga "uch oy kutish bilan mashina olish sertifikati"ni bergan ekan-da. Nima keragi bor edi bu maynavozchilikning, - deb yozdi.

Faxriylarga berilgan sertifikatlar ishga yaramasligi haqida e’tirozlar ko‘paydi.
Faxriylarga berilgan sertifikatlar ishga yaramasligi haqida e’tirozlar ko‘paydi.

Ozodlik Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi avtosalonlarga bog‘lanib, urush faxriylariga berilgan sertifikat bilan qanday mashina olish mumkinligi bilan qiziqdi.

Toshkentdagi “Rohat” avtosaloni xodimi “sertifikat bo‘lganlar ham kutishi kerakligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan xabarlarni tasdiqladi:

- Odatda uch oy kutiladi. Sertifikat dekabrgacha amalda bo‘ladi. Sertifikat bilan birga pasport, harbiy bilet, agar otangiz yoki bobongizga berilgan sertifikatdan siz foydalanmoqchi bo‘lsangiz¸ uning roziligi yozilgan tilxat, notarius tasdiqlagan bo‘lishi kerak, keyin mahalladan shu odam haqiqatan ham sizning otangiz yoki bobongiz ekanini tasdiqlovchi spravka bilan kelishingiz kerak, - dedi Toshkentdagi “Rohat” avtosaloni xodimi.

Ozodlik O‘zbekistondagi boshqa avtosalonardan ham shunga o‘xshash javobni oldi:

- "Kaptiva", "Malibu"larni uch oydan olti oygacha kutasiz, sertifikatingiz bo‘lsa ham. Chunki bu mashinalar chet eldan keladi. "Matiz", "Spark" olsangiz¸ salonda bo‘lsa¸ berib yuboraveramiz. Lekin salonda bo‘lmasa¸ kutishga to‘g‘ri keladi, - dedi Toshkentdagi "Driver's Village" saloni xodimi.

Ozodlik bilan suhbatda GM Uzbekistan shirkati mulozimi mashinalarni navbatsiz olish sertifikati bilan ham ayrim mashinalarni olish cho‘zilishi mumkinligini e’tirof etdi:

- Bu sertifikatlar asosida navbatsiz shartnomalar beriladi. "Kaptiva", "Orlando", "Malibu" avtomobillarini ozgina kutish kerak bo‘ladi. Chunki bu mashinalar chet eldan keladi. O‘zimizda chiqadigan "Matiz", "Neksiya", "Damas", "Lasetti", "Kobalt" avtomobillari uzog‘i bir yarim oyga cho‘zilishi mumkin. Lekin, hozirgi kunda salonlarda bo‘lsa urush faxriylariga certifikatlar bilan tezda berilayotganini ham bilamiz. Chunki bu sertifikatlar eng tepadan berilgan buyruq asosida chiqarilgan, - dedi GM Uzbekistan shirkati mulozimi.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining yiliga 250 ming dona engil avtomobil ishlab chiqarishi aytiladi. O‘zbekistonda esa¸ 2017 yilning apreliga kelib¸ rasmiy manbalarga ko‘ra¸ 2-jahon urushida qatnashgan 1542 nafar urush faxriysi yashamoqda.

Bundan o‘n yil avval O‘zbekistonda 16 mingdan ortiq urush faxriysi bo‘lgan.

O‘tgan yili O‘zbekiston hukumati aksariyatining ëshi 90 dan oshgan urush faxriylariga mamlakatda ishlab chiqarilgan uyali telefonlar sovg‘a qilgan edi.

2-jahon urushi davrida 1,5 million o‘zbekistonlik frontga ketib¸ ulardan yarim millioni ortga qaytmagan.

XS
SM
MD
LG