Линклар

O‘zbek deputatlari tug‘ruq vaqtida onalar o‘limi darajasi nima sababdan hali ham yuqori ekani bilan qiziqdilar. Buxoroda ish o‘rni yaratish borasida qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yilgan. Surxondaryoda fuqarolar yashirincha sandiqda saqlayotgan yuzlab qurolini militsiyaga topshirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

Parlament savoli: Nega tug‘ruq vaqtida onalar o‘limi hamon yuqori?

O‘zbekistonda hali ham tug‘ruq vaqtida onalar o‘limi yuqoriligicha qolmoqda. Bu ko‘rsatkich har 100 ming chaqaloqqa nisbatan 18,5 foizni tashkil etmoqda (“Jamiyat”, 14 aprel). Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tgan muhokamalar asnosida deputat Nuriya Aytjanova nega onalar o‘limi yuqori bo‘lib qolayotgani borasida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazi rahbarini savolga tutgan. “Respublikamizda 5,5 million nafar 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazganimizda, ularning 68 foizida yallig‘lanish, 18 foizida hayz sikli buzilishi kabi holatlar aniqlandi. Bu oxir oqibatda turli kasalliklar, onalar o‘limining asosiy sababi bo‘lgan tug‘ruq, undan keyingi holatlardagi qon ketishga olib kelmoqda. Shu yoshdagi qizlar to‘laligicha, tibbiy tekshiruvlarga qamrab olinmagan. Shuning uchun ham onalar o‘limidagi asosiy ko‘rsatkich birinchi bor ona bo‘layotganlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda”, degan Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologik markazi rahbari Dilbar Najmiddinova.

Buxoroda yangi ish o‘rni yaratish borasida minglab qo‘shib yozishlar fosh etildi

Buxoro viloyati tuman va shaharlarida yangi ish o‘rinlari yaratilgani to‘g‘risidagi hisobotlarda qo‘shib yozishlarga yo‘l qo‘yib kelingani fosh etildi (“Huquq”, 20 aprel). Bu haqda viloyat prokurorining o‘rinbosari Komiljon Husanov ma’lum qiladi. Masalan, Buxoro shahar hokimligi tomonidan o‘nlab holatda ish o‘rni borasidagi hisobot soxtalashtirilgan. Yoki Peshku tumanidagi tijorat banklari tomonidan 951 ta haqiqatda yaratilmagan ish o‘rni qo‘shib yozilgan. Bu kabi holatlar G‘ijduvon, Qoravulbozor, Qorako‘l tumanlarida ham qayd etilgan. 2015-2016 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini tamomlagan 26914 nafar bitiruvchidan 1586 nafari shartnomalarning soxtalashtirilgani oqibati ish bilan ta’minlanmagan, 1732 nafarining esa ish bilan ta’minlangani to‘g‘risidagi hisobot ko‘rsatkichlari oshirib yozilgan.

Surxondaryoda fuqarolar yashirincha sandiqda saqlayotgan yuzlab qurolini militsiyaga topshirdi

O‘zbekistonda noqonuniy ravishda o‘qotar qurollar saqlayotgan fuqarolar hamon uchramoqda (“Postda”, 15 aprel). Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan “Arsenal” tezkor tadbiri davomida 315 nafar militsiya xodimi noqonuniy qurol saqlash holatlarini o‘rgangan va aybdorlarga tegishli choralar ko‘rgan. Tadbir davomida viloyat bo‘yicha aholi o‘z ixtiyori bilan 187 ta o‘qotar qurol va to‘pponcha, 209 dona turli o‘q-dori va 1 dona “RGD-5” jangovar granatasini militsiyaga topshirgan. Qayd etilishicha, qurol-aslahani o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqarolarga qimmatbaho sovg‘alar topshirilgan. IIV gazetasiga ko‘ra, fuqarolarda qurolni militsiyaga ixtiyoriy topshirsak, jinoiy javobgarlikka tortilamiz, degan xato qarash shakllangan va shu bois noqonuniy bo‘lsa-da qurol saqlab keladi. Bu borada o‘z ixtiyori bilan qurolini topshirganlar jazoga tortilmasligi eslatib o‘tilgan.

Buxoroda tez tibbiy yordam bo‘limi 40 yil avval qurilgan abgor binoda xizmat ko‘rsatmoqda

Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Do‘rmon qishlog‘i tez tibbiy yordam bo‘limi o‘ta og‘ir sharoitda faoliyat yuritmoqda (“Oila davrasida”, 20 aprel). Tez tibbiy yordam binosi bundan 40 yil avval o‘sha davr imkoniyatlari darajasida haminqadar qurilgan, bugunga kelib esa butkul yaroqsiz holga kelgan. Bino tomidan doimiy chakki, polidan esa zax o‘tadi, deraza oynalari ham singan. Ana shunday mushkul sharoitda tez tibbiy yordam aholiga baqadrihol xizmat ko‘rsatyapti. Ya’ni tez yordam xodimlarining o‘zi tez yordamga muhtoj. Bundan tashqari, tumandagi yo‘llar abgor ahvolda bo‘lgani bois chaqiruvlarga kechikib borish hollari kuzatilmoqda. “Agar rahbarlar tashrif buyuradigan bo‘lsa, har qanday yo‘l, ko‘cha, bino kerak bo‘lsa, bir kechadayoq chinniday qilib qo‘yiladi. Rahbar nazari tushmasa, yillar davomida qarovsiz, ayanchli holatda yotaverishi mumkin ekan”, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG