Линклар

Fransiya prezidenti sayloviga Rossiya aralashayotgani haqidagi ayblovlar urchir ekan, kamida bitta yoki ikkita kremlparast nomzodning saylovning ikkinchi davrasiga o‘tishi kutilmoqda.

Moskva saylov kampaniyasiga aralashganini rad etib kelayotgan bo‘lsa-da, mustaqil nomzod Emmanuel Makron haqidagi soxta xabarlar hamda unga qarshi amalga oshirilayotgan hakerlik hujumlari o‘tgan yilgi AQSh saylovlarini eslatmoqda. Makron Rossiya bilan yaqindan aloqa qilishni istamaydigan salmog‘i og‘ir yagona nomzoddir.

Fransiya prezidentligiga saylovning birinchi davrasi 23 aprelga belgilangan. Birinchi davrada ishtirok etayotgan to‘rt nomzodning uchtasi Rossiya bilan yaqindan aloqa qilish tarafdoridir. Saylovoldi so‘rovlariga ko‘ra, nomzodlarni qo‘llovchilar soni 4 foizga farq qiladi xolos.

Markazchi Makron va millatchi Marin Le Pen oldinda ketmoqda. Ammo keyingi haftalarda har ikki nomzodning reytingi tushdi. Bu esa konservativ respublikachi Fransua Fiyon va kommunistlar dastaklayotgan Jan-Lyuk Melanshonga qo‘l kelmoqda. Bu ikki nomzodning har biri Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashni qo‘llaydi.

Joriy yilda Yevropaning bir necha davlatida saylov o‘tkaziladi. Rossiya o‘tgan yilning noyabrida o‘tkazilgan AQSh saylovlariga aralashib, kutilmaganda Donald Trampning g‘azaba qozonishida rol o‘ynagani haqidagi xabarlar Yevropa mamlakatlarini xavotirga solib qo‘ygan.

Le Monde gazetasi uchun 19 aprelda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘ralganlarning 23 foizi Markon, 22 foizi Le Pen, 19,5 foizi Fiyon, nihoyat, 19 foizi Melanshonga ovoz berishini aytgan. Xabarlarga ko‘ra, saylovchilarning chorak qismi hali bir qarorga kelmagan.

Agar birorta ham nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmasa, eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod 7 may kuni ikkinchi davrada bellashadi.

Yevropa siyosatiga ta’sir ko‘rsatishni istovchilar uchun Fransiya muhim nishondir. Mamlakat Yevropa Ittifoqi va NATOning eng muhim a’zolaridan biridir. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu ikki tashkilotni Rossiya ta’siriga halal beruvchi kuch deb biladi.

Ko‘pchilik o‘ng qanotchi Le Penni Kremlga ma’qul kelgan eng muhim nomzod deb biladi.

Le Pen migratsiya hamda globalizatsiyaga qarshi bo‘lib, bu qarashlar Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va NATOni kuchsizlantirishga qaratilgan urinishlariga hamohangdir.

Ushbu nomzod Moskva bilan aloqalarni yaxshilash tarafdori bo‘lib, uning kampaniyasi Rossiyadan mablag‘ olib keladi. Le Pen hatto 24 mart kuni prezident Putin bilan uchrashdi.

Fiyon Putin bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, Rossiya bilan hamkorlikda “islomiy totalitarizmga” qarshi kurashishga chorlab keladi. Nomzod G‘arb NATOni Rossiyaga o‘ta yaqin olib borib Moskvani “provokatsiya” qilganini hamda Rossiyani anneksiya qilingan Qrimni qaytarishga chaqirishdan foyda yo‘qligini aytib keladi.

Fiyon reytingi nomzod 2015 yilda livanlik milliarder, farang neft shirkati yetakchisi hamda Putin bilan uchrashish uchun 50 ming evro olgani haqidagi xabarlar ortidan sho‘ng‘idi.

Fiyonning yordamchilari u mablag‘ olganini tan olishdi, ammo nomzod hech qanday nojo‘ya ish qilmaganini ta’kidlashdi.

Melanshon yangi iqtisodiy dastur hamda Fransiyani NATOdan chiqarish tarafdoridir.

Mazkur nomzod Rossiyaning Suriya va Ukrainadagi harbiy amaliyotlarni olqishlab keladi.

Fransiya hukumati Rossiya saylov kampaniyasiga aralashayotgani haqidagi iddaolarni jiddiy qabul olishini bildirdi. Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Ero Journal du Dimanche gazetasi bilan suhbatda “Fransiya siyosiy hayotiga bunday aralashishni toqat qilib bo‘lmaydi”, dedi.

Moskva esa bu ayblovlarni keskin rad etib keladi. Rasmiy Moskva fevral oyida Makron kampaniyasi vebsaytiga hamda elektron pochta serverlariga qilingan hujum ortida Rossiya turgani haqidagi iddaolarni “ahmoqona” deya ta’rifladi.

Rossiya AQSh prezidenti saylovi kampaniyasiga ta’sir o‘tkazgani haqidagi ayblovlarni ham yolg‘on deb keladi. Shunday bo‘lsa-da, AQSh razvedka agentliklari Putinning kiberhujumlar, kompromat sizdirish va boshqa yo‘llar yordamida Amerika saylovlariga “ta’sir o‘tkazish kampaniyasini” olib borishni buyurgani haqida hisobot e’lon qilgan.

Ayni damda, AQSh Kongressi ham ushbu masala yuzasidan o‘z mustaqil taftishini boshlab yuborgan

XS
SM
MD
LG