Линклар

Mirziyoev ta’lim tizimini "rivojlantirishni" tepadan - oliy ta’limdan boshladi


O‘zbekistondagi aksar oliygoh talabalari har yil ikki-uch oyni o‘qish o‘rniga qishloq xo‘jalik ishlariga sarflashga majbur.

Prezident Mirziyoev 20 aprel kuni O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridagi “kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko‘rish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash”ni maqsad qilgan qarorga qo‘l qo‘ydi. Ozodlik bilan suhbatda ayrim kuzatuvchilar¸ bu qarorni poydevorsiz uy qurishga qiyoslashdi.

“Oliy ta’lim yanada rivojlanadi”

Prezident Shavkat Mirziëevning 20 aprel kungi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur tizimdagi vaziyatni o‘rganib chiqqan Ishchi guruhi xulosalariga tayangan.

O‘tgan yilning 8 oktabrida o‘shandagi muvaqqat prezident Mirziyoev tomonidan tuzilgan bu ishchi guruh esa¸ olti oylik kuzatishlari natijasida “bir qator oliy ta’lim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, ta’lim jarayonlarini axborot-uslubiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjud” degan xulosaga kelgan.

Prezidentning 20 aprel kungi qarori asosan ana shu muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan.

Shu maqsadda Bosh vazir va davlat maslahatchisiga 2022 yilga qadar O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining xorijdagi ilg‘or universitet va ilmiy markazlar bilan ikki tomonlama hamkorligini kengaytirishdan to yangi adabiyotlarni tarjima qilishga qadar bo‘lgan vazifalarni amalga oshirish topshirildi. Shuningdek¸hukumatga uch oy muddatda Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil qilish vazifasi ham yuklatildi.

Bu qaror va unga berilgan izoh mahalliy matbuotda keng yoritilmoqda¸ bu harakat oliy ta’lim tizimini isloh qilish sifatida baholanmoqda.

“Muammoning ildiziga qaramay¸ unga yechim topish mumkinmi?”

Ozodlik bilan suhbatda bu qarorga munosabat bildirgan oliy ta’lim sohasi mutaxassislari¸ qarorni olqishlagan holda¸ uning vaziyatda fundamental o‘zgarish qilishiga shubha bildirdilar.

O‘zbekiston Milliy universitetining sobiq o‘qituvchisi¸ dotsent Baxtiër Isabekov¸ qarorning nomiga e’tibor qaratadi.

- Rahmatlik Rauf Parfi ko‘pincha qotgan non bilan bir piyola choyni stolga qo‘yib¸ “oling¸ yaqinda yanada yaxshiroq yashaymiz”¸ deb hazillashardi. Qarorning nomidagi “yanada rivojlantirish” degan so‘z odamni sergak torttiradi. Muammoni hal qilishdan oldin¸ uni ochiq tan olish kerak¸ muhokama qilish kerak va keyin unga yechim topiladi. Qaror nomidanoq¸ bizda oliy ta’lim rivojlanib ketgan ediyu endi uni yanada rivojlantiramiz¸ degan mazmun chiqayapti. Aslida unday emasligini hammamiz bilamizku¸ deydi dotsent Isabekov.

Bu mutaxassis fikricha¸ davlat boshlang‘ichdan to oliy ta’limga qadar yaxlit bir tizim deb qarab¸ ana shu tizimni fundamental isloh qilishga kirishmas ekan¸ bu urinishlar samara bermaydi:

- Oliy ta’limni rivojlantirishni testlarni qayta ko‘rib chiqishdan boshlaylik. Test joriy qilinganidan beri oliy tizimdagi korrupsiyaning qanchalar gullab-yashnaganiga bir qaraylik. Korrupsiya oqibatida mamlakatda savodsizlik¸ undan ham yomoni¸ chala savodlik qanchalar urchiganini aytaylik. Bu kamchiliklarni ro‘y-rost aytmasan turib¸ nimani o‘zgartirish mumkin. Lekin qarorda bu haqda bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Oliy ta’limdagi korrupsiyani davlat boshqaruvi¸ jamiyatning boshqa sohalaridagi korruptsiyani jilovlamay turib¸ yo‘q qilish mumkin emas. Prezident haqiqiy islohot istasa¸ oshkoralikka yo‘l bersin¸ uning yaxshi niyatlari¸ qarorlari ijrosiga ko‘pchilik qo‘shilsin¸ ana shunda balki samara bo‘lar¸ dedi Baxtiyor Isabekov.

Mirziyoev xorijdagi o‘zbek ziyolilarini taklif qilsin!

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini “yanada rivojlantirish” formulasi sifatida prezident qarorida xorijdan olim, o‘qituvchi va mutaxassislarni olib kelish tavsiya qilinadi va xorij kadrlarini olib kelish moliyaviy mexanizmini shakllantirishga oid topshiriqlar beriladi.

Kanadadagi New Brunswick universitetida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan Shoira Hasanova¸ xorij oliygohlaridagi jaraënlarga integratsiya bo‘lish g‘oyasini ma’qullagan holda¸ bu ishga xorijdagi o‘zbek ziyolilarini taklif qilish lozimligini ta’kidlaydi:

- Albatta¸ xorijlik o‘qituvchi-professorlarni chaqirish yaxshi¸ ular borib astoydil ishlashiga shubha qilmayman. Lekin¸ qancha pul sarflamang¸ bir oy o‘tib¸ bir yil o‘tib ular vataniga qaytadi. Bu qimmat va uzoq muddatda o‘zini ko‘p ham oqlamaydigan investitsiya.

Keyingi 25 yil ichida O‘zbekistondan chiqib ketgan qanchadan-qancha olimlar¸ o‘qituvchi-professorlar bugun xorij oliygohlarida dars berib yuribdi. Ana shularni chaqirib¸ uy-joy¸ yaxshi oylik bersa¸ ular uzoq muddatga¸ balki bir umrga vataniga qaytib ishlaydi. Oliy tizimni ham¸ boshqa sohalarni ham birinchi navbatda o‘z kadrlarimizga tayanib rivojlantirish kerak.

Bu kadrlarni qaytarish uchun esa¸ yaxshi iqtisodiy sharoitdan tashqari¸ fuqarolik muammosini ham hal qilish kerak. Ularning aksariyati allaqachon boshqa davlat fuqaroligini olib bo‘lgan. Bundaylarga ikki fuqarolik taklif qilinmasa¸ ularning Amerika yoki Germaniya pasportidan voz kechib¸ O‘zbekistonga qaytishi qiyin bo‘ladi. Shuning uchun Mirziyoevdan¸ xorijdagi o‘zbek ziyolilari¸ umuman boshqa sohalardagi yaxshi kadrlarni vatanga chaqirish¸ ularga hamma qulaylikni yaratib berishni so‘ragan bo‘lardim¸ deydi Shoira Hasanova.

G‘arb o‘qituvchi-professorlari O‘zbekistonga borishga ishtiyoqmandmi?

O‘tmishda ikki yil O‘zbekistonda ilmiy ish bilan shug‘ullangan g‘arblik tadqiqotchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ G‘arb¸ xususan¸ AQShda O‘zbekiston oliygohlari bilan ishlashga ishqibozlar ko‘p emasligini e’tirof etadi.

Lekin o‘z mutaxassisligi bevosita O‘zbekiston yoki mintaqaga bog‘liq yosh tadqiqotchilar¸ ilmiy ish bilan shug‘ullanish¸ dissertatsiya yozish jarayonida bu mamlakatga borib ishlashga tayyor¸ der ekan bu suhbatdosh¸ mazkur ishtiyoqni so‘ndirayotgan muammolarni tilga oladi.

"Birinchi muammo¸ G‘arb olimlari¸ ayniqsa¸ amerikaliklarga O‘zbekistonda shubha bilan qarash¸ deb atagan bo‘lardim. Ularga viza berishdan tortib¸ O‘zbekistondagi ishini muntazam kuzatishlari erkin muhitda ishlashga o‘rgangan har qanday olim uchun jiddiy muammodir. O‘zbekiston bunday mutaxassislarni chaqirar ekan¸ ularning o‘z bilimini o‘zbekistonliklar bilan bemalol o‘rtoqlashishiga sharoit yaratishi kerak"¸ deydi g‘arblik tadqiqotchilardan biri.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG