Линклар

Jizzax shahri markazidagi “Ko‘k bozor” atrofidagi Paynet va uyali telefon do‘konlari buzilayotgani shu do‘kon evaziga kun ko‘rib kelgan tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Tadbirkorlarning aytishicha, rasmiylar do‘konlar buzilishi haqida oldindan xabar berishmagan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlardan biri do‘konlar oldindan ogohlantirilmasdan buzilayotgani ularni ancha noqulay ahvolga solib qo‘yganini aytdi.

- Shavkat Mirziyoev keladi, budkalar tez-tez olinishi kerak, bozor oldidagi yo‘l ochilishi kerak, deyishdi hokimiyatdagilar. Hozir “Ko‘k bozor” atrofida budka bo‘lsa olinyapti, - deydi ismi sir qolishini istagan jizzaxlik tadbirkor.

Ozodlikka shikoyat qilgan boshqa bir jizzaxlik esa: “Shu “Ko‘k bozor” hududida meni ham budkam bor edi, oldirib tashlashdi. Islom Karimov nomi berilgan ko‘chalardagi 20dan ortiq do‘konlar olinmayapti. Shahar hududida budka qo‘yish mumkin emas ekan, nima uchun hammaga barobar ishlamaydi bu tartib”, - deb yozdi.

Ozodlik tadbirkorlarning bu shikoyati yuzasidan Jizzax shahar hokimligining Kapital qurilish va obodonlashtirish bo‘limiga bog‘landi.

Hokimlik mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Paynet do‘konlari yuqoridan tasdiqlangan genplan asosida buzilayotganini aytdi.

- Toshkentda Loyihalashtirish instituti va shaharsozlik instituti tasdiqlagan Jizzax shahrini 2030 yilgacha rekonstruksiya qilish genplani asosida shahar qiëfasiga xalaqit beruvchi barcha imoratlar buziladi.“Ko‘k bozor” atrofidagi do‘konlar shuning uchun buzilyapti. U yerdagi do‘kon egalariga Ulug‘bek mahallasidan yer ajratib beriladi, - dedi hokimlik mulozimi.

Lekin jizzaxlik tadbirkorlar hokimiyatdan “Ko‘k bozor” yonidan joy berishni talab etmoqda.

- Ulug‘bek mahallasiga kim boradi. Haridorlarimiz shu yerga o‘rganishgan. Uzoq yillar davomida biz biznesimizni yo‘lga qo‘ysak, hokimiyat kelib bir kunda "tur bu erdan!" desa. Unda mamlakatda tadbirkorlik hech qachon rivojlanmaydiku, - deydi Ozodlik bilan suhbatda jizzaxlik tadbirkor.

Jizzax hokimligi mulozimi esa tadbirkorlar bozordagi rastalarni ijaraga olib ham faoliyatini davom ettirishi mumkinligini bildirdi:

-Hech kim ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgani yo‘q. Istashsa bozorda rastalarni ijaraga olishlari mumkin. Do‘konni xohlashsa Ulug‘bek mahallasida ochishlari mumkin, - dedi hokimlik mulozimi.

Jizzaxda rekonstruksiya ishlari shaxar markazidagi “Ko‘k bozor” hududidan boshlangan.

Hokimiyat kelajakda shahar qiyofasiga xalaqit berayotgan shaharning boshqa qismidagi do‘konlar ham buzilishi mumkinlishgini bildirdi.

XS
SM
MD
LG