Линклар

Yakshanba kuni Fransiyada o‘tkazilgan saylov natijalalariga ko‘ra, markazchi nomzod Emmanuel Makron va millatchi Marin Le Pen saylovning 7 may kuniga belgilangan ikkinchi davrasiga o‘tdi.

24 aprel kuni Fransiya ichki ishlar vazirligi Makron 23,75 foiz, Le Pen esa 21,53 foiz ovoz jamg‘arganini bildirdi. Eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod saylovning navbatdagi davrasiga o‘tadi.

Saylov natijalari uning oldidan o‘tkazilgan so‘rovlarga mos keldi. Farang matbuotida, jumladan, Le Monde gazetasida chop etilgan so‘rov natijalari Makron 23,9 foiz, Le Pen esa 21,7 foiz ovoz to‘plashini bashorat qilgan edi.

Konservativ respublikachi, sobiq bosh vazir Fransua Fiyon 19,91 foiz ovoz to‘plagan. So‘lchi Jan-Lyuk Melanshon esa 19,64 foiz ovoz olgan.

O‘tkazilgan yakuniy so‘rovlarga ko‘ra, ikkinchi davra bugun o‘tkazilganida, Makron Le Pen ustidan g‘alaba qozongan bo‘lar edi.

Ilk natijalar e’lon qilinganidan keyin, evro 1,09 dollarga ko‘tarildi, chunki Makron Yevropa Ittifoqini hamda umumiy valyutani qo‘llashini aytib keladi. Osiyo va AQSh birjalarida ko‘tarilish kuzatildi.

Le Pen saylov natijalarini olqishlab, “Fransiya xalqini takabbur elitadan ozod etish”ni va’da qildi.

Le Pen: “Mazkur saylovdagi asosiy masala hamma yerni egallab olgan va taraqqiyotimizga tahdid solayotgan globalizatsiyadir”, dedi va o‘zini “xalq nomzodi”, deya ta’rifladi.

Makron esa unga ovoz berganlarni mamlakat “yo‘nalishni o‘zgartirgan kampaniya” uchun maqtadi.

Makron ikkinchi davradan avval iloji boricha ko‘proq qo‘llov to‘plashni istashini bildirdi. Nomzod Yevropada qo‘rquv emas, umid bo‘lishi kerakligini aytdi. Bu bilan u Le Penning Yevropa Ittifoqiga qarshi qarashlariga shama qildi.

“Men millatchilar solayotgan tahdidga qarshi vatanparvarlar prezidenti bo‘lishni istayman”, dedi Makron.

Fiyon mag‘lub bo‘lganini tan oldi. U saylovchilarga Le Pen g‘olib qozonsa, Fransiyani xonavayron qilishini aytib, ularni Makronga ovoz berishga chorladi.

“Radikal o‘ng qanotga qarshi ovoz berishdan boshqa chora yo‘q. Men Emmanuel Makronga ovoz beraman”, dedi u.

Saylov natijasi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga, jumladan, Yevropa Ittifoqi kelajagi hamda G‘arbning Rossiya bilan bo‘lgan munosabatiga katta ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Saylovdan bir necha kun oldin Parijda politsiya xodimi otib o‘ldirilgan edi.

Kecha saylovchilarni himoyalash uchun mamlakat bo‘ylab 50 ming politsiyachi, 7 ming askar safarbar qilindi.

Ichki ishlar vazirligi saylov tugashidan avval saylovchilarning 69,4 foizi ovoz berganini bildirdi. 2012 yilgi prezidentlik salovida bu ko‘rsatkich 70,6 foizni tashkil qilgan edi. Yakuniy ko‘rsatkichlar yaqin soatlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.

39 yoshga to‘lgan Makron sobiq sarmoyachi bo‘lib, iqtisod vaziri bo‘lib ishlagan. Nomzod Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilashni istaydi.

48 yoshdagi Le Pen muhojirlarga qarshi qarashlari bilan tanilgan. U Fransiyani Yevropa Ittifoqidan chiqarishni xohlaydi.

XS
SM
MD
LG