Линклар

O‘zbekiston banklari import mahsulotlarga pul o‘tkazishni noma’lum muddatga to‘xtatdi


O‘zbekistonning salobatli banklari¸ xususan¸ Milliy bank ham import tovarlar uchun mablag‘ o‘tkazishni to‘xtatdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 19 aprel kungi videoselektor yig‘ilishida mamlakat valyuta zahiralarining nomaqbul import mahsulotlariga sarflanayotganini keskin tanqid qilishi ortidan O‘zbekiston banklari import kelishuvlari uchun to‘lovlarni butunlay to‘xtatib qo‘ydi.

“Banklar falaj”

24 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi aksar tijorat banklari vakillari¸ o‘tgan juma kundan joriy qilingan bu taqiqning amalda qolayotganini bildirdilar.

“Bizga o‘tgan hafta shunday og‘zaki buyruq bo‘ldi va mana bitta gap bilan falaj bo‘lib o‘tiribmiz. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar¸ shartnoma shaklidan qat’i nazar¸ to‘lovlar aniq ko‘rsatma bo‘lgungacha¸ to‘xtatildi. Mijozlarga faqat ko‘rsatkich barmog‘imiz bilan tepani ko‘rsatib¸ bizning bu taqiqqa aloqamiz yo‘qligini shama qilib o‘tiribmiz”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda tijorat banklaridan biri rasmiysi.

“Hozircha import shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarning qachon ochilishi noma’lum. Biz ham kutib o‘tiribmiz. Bizga tepadan shunaqa deyishgani uchun¸ to‘xtatib qo‘ydik. Bunaqa taqiqning biror bankka keragi yo‘q¸ biz bundan manfaatdor emasmizku!”¸ dedi Milliy bank rasmiysi.

O‘zbekistondagi yana bir tijorat banki mutasaddisi¸ bunday taqiqni og‘zaki joriy qilgan idoralar¸ mijozlarga ko‘rsatish uchun ikki enlik yozma buyruq tushirilishini va’da qilgani¸ lekin 24 aprel kuni ham bunday buyruqdan darak yo‘qligini bildirdi.

“Yana hammasi “salla desa¸ kallani ol” qabilida bo‘layapti. Prezident 19 aprel kuni import hajmining asossiz oshib ketayotgani¸ ularga mamlakat iqtisodini rivojlantirish uchun suvdek zarur bo‘lgan valyuta mablag‘larining samarasiz sarflanayotganini keskin tanqid qildi. Bu nihoyatda o‘rinli tanqid. Lekin u birinchi galda¸ asosan¸ davlat korxonalariga tegishli bo‘ldi. Prezident ular nomlarini birma-bir sanab ham chiqdi. Bu gapdan keyin mulk shaklidan qat’i nazar¸ mamlakatdagi barcha tashkilot¸ shirkat va korxonalarning import mollariga pul o‘tkazishini taqiqlashda men hech qanday mantiq ko‘rmayapman. Kim o‘z mablag‘ini maqsadsiz sarflaydi? Buni faqat davlat mablag‘iga ishlaydiganlar qiladi¸ xolos”¸ dedi O‘zbekiston bank tizimi mutaxassisi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

“Davlat valyuta zahiralarini barbod qilgan besh-oltita davlat yoki unitar korxona¸ yoki nazorati bo‘lmagan besh-oltita kimlarningdir imtiyozli korxonasi qilmishlari uchun butun bozor javob berayapti”¸ deb ta’kidlaydi bunday yalpi taqiqni tanqid qilgan bu mutaxassis.

Buyruqni kim berdi?

Ozodlik suhbatlashgan tijoriy bank rasmiylari¸ buyruqning og‘zaki shaklda Markaziy bank rahbariyatidan berilganini bildirgan bo‘lsa¸ O‘zbekiston moliya tizimiga aloqador mulozimlardan biri¸ bu xabarni rad etishga urindi.

“Markaziy bank o‘zicha berolmaydi bunaqa qarorni. 19 aprel kungi selektor yig‘ilishida eng tepadagilardan shunday gap aytilmasa¸ ular qilmaydi bu ishni. Hozir importga javobgar yangi komissiya ish boshladi¸ unga avvalgi Moliya vaziri¸ senator Mamarizo Nurmurotov rais. Ana shu komissiya¸ prezident bergan topshiriqni bajarish uchun importga qancha mablag‘ ketayotganiyu¸ uning aynan qaysi mahsulotlarga sarflanayotganini audit qilishni boshladi. Bu buyruq ana shulardan chiqqan bo‘lishi va tijorat banklariga MBdan yetkizilgan bo‘lishi mumkin. Lekin hozircha hech kimning qo‘lida falonchidan deyilgan yozma buyruq yo‘q”¸ dedi O‘zbekiston moliya tizimiga yaqin mulozimlaridan biri.

Ayni paytda¸ Uzmetronom Internet gazetasi Markaziy bank boshqaruvchilarini mamlakat bank tizimini bitta buyruq bilan “kollaps” (qulatish – tahr.) qilganlikda ayblab¸ bu harakatni prezident Shavkat Mirziyoev obro‘siga berilgan zarba sifatida talqin etdi.

To‘lovlarning to‘xtatilishi bozorda qanday aks etadi?

O‘zbekiston banklarining xorijdan keladigan har qanday mahsulot uchun pul o‘tkazishni to‘xtatgani ta’siri¸ Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar fikricha¸ uning qancha davom etishiga qarab¸ bozor¸ ya’niki oddiy o‘zbekistonliklar hayotida ham aks etishi mumkin.

“Bu taqiq 5-10 kun davom etsa¸ uncha qo‘rqinchli emas¸ bozor doim o‘z zahirasi bilan yashaydiku! Lekin bundan uzoqqa cho‘zilsa¸ unda¸ albatta¸ bozorga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Chetdan xom ashyo kelmagandan keyin¸ ishlab chiqarish to‘xtaydi. Yangi tovar kelmagandan keyin¸ savdo to‘xtaydi. Odamlarda savol va norozilik ko‘payadi. Sog‘lom aql bilan qaralsa¸ bu jarayon uzoq davom etmasligi kerak. Lekin jarayonga oid aniq informatsiya hech kimda yo‘q. To‘lovlar to‘xtatilgan muddat ichida nima qilishmoqchi – inventarizatsiya qilmoqchimi¸ buning natijasida kimdir jazolanishi kerakmi¸bu qancha muddat davom etadi¸ bu savollarga javob bo‘luvchi birorta belgi yo‘q”¸ deydi O‘zbekiston tijoriy banklaridan birining Ozodlik suhbatlashgan mutaxassisi.

Import hajmini asossiz oshirganlarni jazolovchi komissiya ish boshladi

O‘zbekiston prezidenti 19 aprel kungi videoselektor yig‘ilishida¸ 2016 yilda import hajmini¸ xususan¸ o‘z faoliyatiga xos bo‘lmagan import mahsulotlari olib kelishga mablag‘ sarflashni kuchaytirgan "O‘zbekenergo", "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati", "O‘zbekengilsanoat", "O‘zqurilishmateriallari" AJ, "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" DK, "O‘zpaxtasanoateksport" XK, "O‘zdonmahsulot" AK, "O‘zbekcharmpoyabzali" uyushmasi, "O‘zfarmsanoat" DAK korxonalarini qattiq tanqid qilgan edi.

Mahalliy matbuot¸ qayd etilgan kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari import hajmining o‘sishi, valyuta resurslarini asossiz importga jalb qilgani uchun ularga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari qo‘llanilishi, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirilganini ma’lum qildi.

Import shartnomalari bo‘yicha to‘lovlarning to‘xtatilishiga asos deb ko‘rilayotgan bunday tanqid ortidan¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ prezident farmoyishi bilan ta’sis etilgan yangi komissiya ular faoliyati¸ xususan¸ import tovarlar uchun berilgan davlat mablag‘lari¸ soliq va boj imtiyozlaridan qanday foydalanganini taftish qilishga kirishgan.

Shavkat Mirziyoev 6 aprel kuni qo‘y qo‘ygan 4891-farmoyishga ko‘ra ta’sis etilgan maxsus guruh “Import bo‘yicha keltiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning hajmi va tarkibini tanqidiy tahlil qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha komissiya” deb nomlandi. Unga 1998-99 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki raisining 1-o‘rinbosari¸ 2000-2004 yillarda mamlakat Moliya vaziri¸ 2004-2006 yillarda Samarqand viloyati hokimi bo‘lib ishlagan Mamarizo Nurmurotov rais etib tayinlandi.

Karimov davrida hokimiyatdan chetga surilgan Nurmurotov¸ 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan “Jizzax viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining bo‘shab qolgan o‘ringa Oliy Majlis Senati a’zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bayonnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi etib ro‘yxatga olindi”.

XS
SM
MD
LG