Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:30

Qozog‘istonda 60ta shaharni suv bosdi


Aqto‘bo‘ shahridagi suv toshqini.
Aqto‘bo‘ shahridagi suv toshqini.

Qozog‘istonda bir hafta muqaddam boshlangan suv toshqinlari shu kunlarda ham to‘xtamagani xabar qilinmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda Qozog‘istonning 7 viloyatidagi 60ta shaharni suv bosgan.

Qozog‘istondagi suv toshqinlari oqibatida xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega yuzdan oshiq trassani suv yuvib ketgani ma’lum qilindi.

Xabarlarda tabiiy ofat natijasida 6 odam halok bo‘lgani aytilmoqda. Biroq rasmiylar hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamadi. Shu kunlarda ham aholini xavfsiz joylarga ko‘chirish ishlari davom etayotgani bildirilmoqda.

Aqmola viloyatida o‘tgan yili qurilgan Otbosar dambasi buzilib, 269 turar – joy va maktabni suv bosdi. Yana 130 bino suv ostida qolishi mumkin. Bu yerdan mingdan ortiq odam boshqa joylarga ko‘chirildi.

- Bizning hokimiyat bu damba aholini suv toshiqinidan saqlaydi, deb va’da qilgan edi. Bu dambani qanday qurishgani noma’lum. U yerdan bu yerdan bir nimalarni topib kelib, qurib qo‘yishganga o‘xshaydi. Dambani qurishda beton ishlatilmagan, - dedi Qozog‘istondagi mahalliy telekanallardan biriga suv bosgan hududda yashovchilardan biri.

Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjan Sagintaev hukumat yig‘ilishida Otbosardagi dambani qaysi shirkat barpo etgani va uni qurishga qancha mablag‘ sarflangani bilan qiziqdi. Bunga javoban ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Kasimov :

- Damba qurilishiga mahalliy hukumat 200 million tanga ajratgan. Qurilish ham mahalliy hukumat tomonidan olib borilgan. Hozir bu borada jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, -deb javob berdi.

Suv toshqini poytaxt Ostonaga yaqinlashib qolgani xabar qilinmoqda. Shuning uchun ham Ostona suv omboridagi ortiqcha suvni shahar chetidagi hudularga oqizish bo‘yicha choralar ko‘rilayapti.

Bir hafta muqaddam boshlangan suv toshqini shu kungacha Aqto‘bo‘, Qarag‘anda, Shimoliy Qozog‘iston, G‘arbiy Qozog‘iston, Qo‘stanay, Aqmo‘la, Pavlodar viloyatlaridagi qator shahar va qishloqlarga kirib keldi.

-Uyimiz suv ostida qoldi, devorlari yorilib ketdi. Endi qaerda yashaymiz. Bilmaymiz, -deydi aqto‘bo‘liklardan biri.

Internetda tarqatilgan videotasvirlarda Qozog‘istonning suv qoplagan hududlarida qayiqlarda suzib yurgan odamlarni ko‘rish mumkin.

Mazkur hududlarda maktablar, kasalxonalar va boshqa ijtimoiy idoralar vaqtincha yopildi.

Tabiiy ofat yuzasidan tarqatilgan turli xabarlarda aytilishicha, 8 mingga yaqin odam uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Qozog‘istonda deyarli har yili shu kabi suv toshqinlari yuz berib turadi.

XS
SM
MD
LG