Линклар

O‘zbekistonlik yakka tartibdagi tadbirkor bundan buyon bank kartalaridan ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan, umuman har qanday xarajatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin. U hatto bank plastik kartasini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berishi ham mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga kiritgan bu o‘zgartish shu paytgacha amal qilib kelgan “o‘zbekcha tartib”ning mantiqqa zid yana bir jihatini yodga soldi.

Tadbirkorning bank kartasi nima uchun ishlatilar edi?

Markaziy bank boshqaruvi raisi F. Mullajonov tomonidan 2008 yilning 19 iyulida imzolangan qaror bilan tasdiqlangan Nizomda yakka tartibdagi tadbirkor bank kartalaridan foydalanilgan holda amalga oshirishi mumkin operatsiyalar belgilab qo‘yilgan.

Ya’ni, shu paytgacha, yakka tartibdagi tadbirkor faqat bevosita ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi xarajatlari uchun bank kartalaridan to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin edi:

xom ashyo va materiallar (shu jumladan qurilish materiallar), yarim fabrikatlar, furnitura, asbob-uskunalar sotib olish;

kommunal to‘lovlar (isitish, issiq suv, ichimlik suv, oqova, elektr energiyasi, gaz va chiqindi uchun to‘lovlar);

ijara uchun to‘lovlar;

soliq va boshqa majburiy to‘lovlar;

chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan aholiga naqd pulga sotish maqsadida xarid qilingan tovarlar uchun;

joriy faoliyati bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni to‘lash uchun.

Nima o‘zgardi?

Tijorat banklaridan birining Markaziy bank joriy etgan yangi tartibdan xabardor mulozimi Ozodlikka “endilikda yakka tartibdagi tadbirkorga bank kartasidan foydalanishi uchun har qanday cheklov olib tashlanganini” aytdi.

Xomtama bo‘lmang!

Markaziy bank bayonotida keltirilgan “har qanday cheklov olib tashlangani” to‘g‘risidagi gapni takrorlagan bankir Nizomning 11- bandida belgilab qo‘yilgan me’yor o‘zgarmaganini aytdi.

11- bandda bunday deyilgan: “Yakka tartibdagi tadbirkor bank kartasi orqali naqd pul mablag‘lari berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Tijorat banki mulozimining aytishicha, bu me’yor o‘zgarishsiz qoldi.

- Yakka tartibdagi tadbirkorning bank kartasidan faqat oylik ish haqi uchun naqd pul ko‘rinishida berilishi mumkin, dedi bank mulozimi.

Markaziy bank yakka tartibdagi tadbirkorning bank kartasiga oid o‘zgartishni “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni va O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash zarurati bilan izohladi.

Optimist tadbirkorning aytganlari

Toshkentlik tadbirkor Mahmudjon aka yakka tartibdagi tadbirkor emas, uning mikrofirmasi bor – yuridik shaxs. Lekin uning o‘g‘li – yakka tartibdagi tadbirkor.

So‘nggi yangilikdan xabari bor Mahmudjon aka AQShda o‘qib, O‘zbekistonga qaytib kelgan o‘g‘lining biznesi haqida gapirarkan, bunday dedi:

- O‘g‘lim sanitariya-gigiena mahsulotlari – qo‘l va og‘izga sepiladigan parfyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayapti. Ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish arzonga tushadi. Chunki ishchi kuchi, energiya arzon. O‘z mahsulotini Amerikaga eksport qilish yo‘llarini izlayapti, dedi toshkentlik tadbirkor.

Uning fikricha, o‘g‘lining ishi yurishishiga bir tomondan xo‘jalik sub’ektlariga chet el valyutasi tushumini majburiy sotish tartiblariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 1 fevral kungi qarori, ikkinchi tomondan Markaziy bankning yakka tartibdagi tadbirkorlar bank kartasidan foydalanishga nisbatan cheklovlarning bekor qilingani yaxshi omil bo‘lishi mumkin.

Kimni "Yakka tartibdagi tadbirkor", deb ataymiz?

"Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunda bunday deyilgan:

"Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan xodimlarni yollash huquqisiz, mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq tufayli o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida mustaqil ravishda amalga oshiriladi".

Qonunda yana bunday me’yor bor:

"Yakka tartibdagi tadbirkorlikni amalga oshirish uchun er-xotindan biri er-xotinning umumiy birgalikdagi mol-mulkidan foydalanadigan hollarda, agar qonunlarda, nikoh shartnomasida yoki er-xotin o‘rtasidagi o‘zga kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, erning (xotinning) roziligi talab qilinadi".

XS
SM
MD
LG