Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 14:35

Sankt-Peterburgdagi terakt mas’uliyatini "al-Qoida" guruhining tarmog‘i bo‘lgan "Imom Shomil batalyoni" o‘z zimmasiga oldi. Bu xabarni tarqatgan SITE Intelligince Group saytiga ko‘ra, o‘shlik Akbarjon Jalilov "Imom Shomil katibasi" a’zosi bo‘lib, xudkushlik qilishga buyruq bevosita"al-Qoida" terrorchilik guruhi yetakchisi Ayman az-Zavohiriy tomonidan berilgan.

Internetda joriy yilning 3 aprelidagi Sankt-Peterburg metrosidagi portlash uchun mas’uliyatni “Katibat al-Imom Shomil” ("Imom Shomil batalyoni")deb nomlanuvchi noma’lum guruh o‘z zimmasiga olgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Xalqaro terrorchilar harakatlarini kuzatib boruvchi SITE Intelligince Group ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi metroga hujum uyushtirgan Akbarjon Jalilov "al-Qoida" tarmog‘ining va bevosita uning rahbari Ayman az-Zavohiriy buyrug‘i asosida ish tutgan.

Terrorchilar chop etgan bayonotda aytilishicha, "Imom Shomil katibasi" Suriyadan rus qo‘shinlarini olib chiqish, aks holda terrorchilik hujumlar davom etishini bildirgan. Guruhning noma’lum vakillari o‘zlarini “Al-Qoida” tashkiloti bo‘g‘ini ekanini alohida urg‘ulab o‘tgan.

Terrorchilikni o‘z zimmasiga olgan jangarilar bu xatni “rus xalqiga bo‘lgan noma” tarzida qabul qilishni hamda o‘z hukumatiga bosim o‘tkazishga, “Suriya, Checheniston va Liviyada urush harakatlarini to‘xtatish” talabi bilan chiqishni so‘ragan.

Xat mualliflari, shuningdek, Rossiya hukumati Afg‘onistondagi harbiy harakatlardan xulosa chiqara olmaganidan taassuf bildirdi.

Conflict Intelligence Team (CIT) tadqiqotchilar guruhi bu bayonotgacha “Imom Shomil katibasi” haqida biror ma’lumot bo‘lmaganiga e’tibor qaratmoqda.

Ma’lumki, imom Shomil – 19 asr o‘rtalarida Shimoliy Kavkazning Dog‘iston va Checheniston mintaqalari mustaqilligi uchun Rossiya imperiyasiga qarshi kurash olib borgan mashhur tarixiy shaxs. Uzoq yillar davomida Shomil mahalliy qo‘zg‘olonchilarga namuna va o‘rnak bo‘lib kelgan.

Shu paytgacha Peterburgdagi portlashga mas’uliyatni biror guruh rasman o‘z zimmasiga olmagani ma’lum edi. Biroq, bundan bir kun oldin Gazeta.ru nashri 3 aprel portlashlarining taxmin qilinayotgan asosiy buyurtmachisi – “Tavhid val-Jihod” guruhi rahbari Abu Saloh al-O‘zbekiy ekani to‘g‘risida maqola chop etdi. Nashrning qirg‘iz maxfiy xizmatlariga tayanib xabar qilishicha, Suriyada “Al-Qoida” terrorchilik guruhi bo‘g‘inlaridan birini boshqarib kelayotgani aytilayotgan qirg‘izistonlik bu yigitning asl ismi Sirojiddin Muxtorovdir.

O‘sh viloyatining Qashg‘ar-Qishtak qishlog‘ida 1990 yilda tavallud topgan Sirojiddin Muxtorov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) tomonidan Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga 2016 yilda qilingan hujum tufayli xalqaro qidiruvga berilgan.

Shuningdek, terrorchilik aktiga aloqadorlikda gumonlanib Rossiyaning Moskva shahri va viloyati, Vladimir, Tula, Yekaterinburg va boshqa mintaqalarida 20 yaqin o‘zbek, qirg‘iz va tojik muhojirlar hibsga olindi. Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida migrantlar orasida maxsus reydlar va “zachistkalar” bo‘layotgani xabarlari Ozodlikka kelmoqda.

Biroq, ayrim kuzatuvchilar va rossiyalik ekspertlar bunday bayonotlarni jiddiy qabul qilmaslikka chaqirmoqda. Hukumat vakillari har qaysi terrorchi tashkilot ovoza bo‘lgan terrorchilik amaliyotlarini o‘z zimmasiga olishga urinishini tabiiy hol sifatida baholamoqda.

Rossiya rasmiy idoralari bu bayonotlarga biror izoh berganicha yo‘q.

Sankt-Peterburgdagi portlash 2017 yilning 3 aprelida "Sennaya ploshchad" va "Texnologicheskiy institut" metro bekatlari oralig‘ida amalga oshirilgan.

Terakt oqibatida jami 16 kishi, jumladan xudkushning o‘zi ham qurbon bo‘lgan va 50dan ziyod odam jarohat olgan.

Rossiya FSBsi hujumni uyushtirganlikda asli qirg‘izistonlik Rossiya fuqarosi bo‘lgan 22 yoshli Akbarjon Jalilovni gumon qildi.

XS
SM
MD
LG