Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 14:59

Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida tomorqaga kungaboqar ekkan ikki fermerning yeri haydab tashlandi. Bunday bo‘lishidan xavfsiragan boshqa fermerlar ham ishchilariga tomorqaga berishdan cho‘chib qoldilar. Fermerlarning aytishlaricha, ishchilar faqat ana shu tomorqa evaziga fermer yerida ishlagan, endi esa ular tekinga ishlashdan bosh tortmoqda. Viloyat hokimligi rasmiylari esa, paxtaga ajratilgan joyga ekin ekilgan yerlar haydab tashlanganini aytmoqda.

“Kungaboqar uvol bo‘ldi”

Zafarobod tumanidan bo‘lgan fermerning aytishicha, viloyat hokimi Ulug‘bek Uzoqov 8 aprel kuni fermerlar bilan o‘tkazgan selektor yig‘ilishida tomorqaga ekin ekkan fermerlarning yeri tortib olinib, tenderga qo‘yilishi haqida ogohlantirgan edi:

- Hokimning aytgan bu gapidan so‘ng fermerlar qo‘rqib qoldi. Lekin o‘ziga ishongan ikki fermer besh gektardan yerga kungaboqar ektirgan edi. Endi ko‘karib chiqan ekinlarni hokim haydattirib tashladi. Shuncha ekin uvol bo‘ldi. Yerini tenderga qo‘ydi, hozir bu fermerlar qaytarib olish uchun tinmay hokimiyatga qatnayapti, deydi fermer.

Uning aytishicha, viloyat hokimligidan qo‘yilgan maxsus odamlar har kuni dala aylanib, ekin ekilgan tomorqalarni qidirib yuribdi.

“Ishchiga tomorqa bermasang ishlamaydi”

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir zafarobodlik fermerning aytishicha, bugungi vaziyatda ishchilarga tomorqa bermasdan faoliyat yuritishning imkoni yo‘q:

- Tomorqani fermerlarning o‘ziga ektirmasa ham mayli. Lekin ishchilar faqat tomorqa uchun bizga ishlaydi. Chunki, fermerning ishchiga beradigan oyligi yo‘q. Masalan, ishchi bir gektar tomorqaga kungaboqar eksa, 8 million so‘m atrofida daromad qiladi. Mendan oladigan 2 tonna bug‘doyini yeydi, pulni esa ro‘zg‘origa ishlatadi. Shuning uchun u bir yil davomida fermerga ishlab beradi, deydi fermer.

Uning aytishicha, yollanma ishchi olish fermerga qimmatga tushib ketadi:

- Masalan, boshqa joydan ishchi yollasangiz bir gektar g‘allani 35 ming so‘mga sug‘oradi, 20 gektar g‘allani sug‘orishga 700 ming so‘m ketadi. Keyin, paxta bor, bunaqada fermerning kapasi tutab ketadi, deydi fermer.

Ishchiga maosh berishga pul yo‘q

Femerning aytishicha, yil boshida traktorchi va ishchilarga oyiga 500 ming so‘mdan maoshga pul berishga va’da qilingan edi, lekin bu pul ham hisobga tushmagan:

- Ishchilarga plastikka oyiga 500 ming so‘mdan tashlab beramiz, deyishgandi. Lekin o‘sha ham yo‘q. Ish boshlanib ketgan, hademay g‘alla ham pishadi. Tomorqaning vaqti o‘tib ketyapti, bir haftadan so‘ng ekin ekishning foydasi bo‘lmaydi, kechikadi. Biz hozir ishchilarimizni, g‘alla beramiz deb, ovutib turibmiz. Lekin g‘allamiz qanday bo‘ladi, planimiz to‘ladimi yoki yo‘qmi, hech kim bilmaydi, dedi fermer.

“Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi”

Mirzacho‘l tumanidagi fermerlardan birida ishlaydigan Haydarjon ismli ishchining aytishicha, bu yerdagi fermerlarga faqat bug‘doy hosilidan bo‘shagan yerlarga takroriy ekin uchun tomorqa berilishini aytilgan:

- Takroriy ekin bu qimorga o‘xshaydi, yo bor yoki yo‘q. Chunki, bug‘doydan bo‘shagan yerga iyulda ekin ekasiz. Kuz issiq kelsa yaxshi, bo‘lmasa o‘ldi, degani. Fermerning bug‘doyi bo‘lmay qolsa, tomorqani bermasa, ishchi o‘rtada mehnatiga kuyib qoladimi? Chunki, fermer bilan yuridik emas, balki faqat og‘zaki shartnoma bo‘ladi. Shuning uchun ham men bu yil fermerga ishlashdan voz kechdim, deydi ishchi.

Uning aytishicha, hatto sobiq SSSR vaqtida ham ishchilarga tomorqa berilgan:

- Bilasizmi, ittifoq davrida har bir ishchiga 25-30 so‘tix tomorqa berilardi. Qovun-tarvuz sotib, ro‘zg‘orimizni bir tomonini ko‘tarardik. Yana har oy kamida 80 rubl maosh, yil oxirida bir-ikki ming so‘m mukofot puli ham berilardi. Paxta plani ham bajarilardi, dehqonning cho‘ntagi ham pul ko‘rardi. Hozir esa fermerni ham, ishchini ham kundan-kunga siqib borishyapti. Na tomorqa bor, na oylik, kim ham tekinga ishlaydi, dedi Haydarjon.

“Biz faqat paxta maydoniga ekilgan tomorqani buzyapmiz!”

Jizzax viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, fermerlarning kungaboqar ekkan yerlari buzilayotganini tasdiqladi:

“Bu fermerlar paxtaning yeriga o‘zboshimchalik bilan kungaboqar ekkan. Shuning uchun buzib tashlandi. Agar fermer yeriga paxta va bug‘doydan tashqari ekin ekmoqchi bo‘lsa, marhamat, shunday mahsulotlarni sotib oladigan agrofirmalar bilan shartnoma qilsin va bemalol ekaversin, lekin paxtaning yeriga teginmasin. Paxta bu eng asosiy ekin va u davlat siyosati. Ishchilarga oylik berilmayapti, degani ham noto‘g‘ri, oylikni beryapmiz. Hatto traktoorchilarga un va yog‘ ham beryapmiz”, dedi boshqarma mulozimi.

Ozodlik suhbatlashgan dehqonlarning aytishicha¸ davlat bilan shartnomada belgilangan g‘alla va paxta ekib faqat zarar ko‘rgani bois¸ ayrim fermerlar yerlarini odamlarga ijaraga berishga va shuning ortidan daromad olishga harakat qiladi.

Toshkent viloyatining qator tumanida yillar davomida kungaboqar ekib¸ undan kelgan daromad vositasida davlat yuklagan g‘alla va paxta rejasini amallab “oqlab” kelgan fermerlar bu yil hokimiyat bosimi yanada kuchayganini Ozodlikka aytgan edi.

O‘tgan yilning aprel oyida paxta maydonini kengaytirish maqsadida Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi fermerlarga qarashli yerlarda bir qarich bo‘lib o‘sib qolgan piyoz, kungaboqar va boshqa ekinlar ham haydab tashlangan edi.

XS
SM
MD
LG