Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 23:05

Karimov tazyiqiga uchragan haykaltarosh uning haykallarini yasaydigan bo‘ldi


Ilhom Jabborov

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov haykallarini Karimov davrida tazyiq qilingan haykaltarosh Ilhom Jabborov yasaydigan bo‘ldi. Ilhom Jabborovning Islom Karimovga haykal yasash bo‘yicha Xalqaro badiiy tanlov g‘olibi bo‘lgani 26 aprel kuni rasman e’lon qilingan bo‘lsa¸ Ozodlik o‘z manbalariga tayanib aynan shu muallifning Karimov haykalini yasashi haqida o‘tgan yil noyabr oyida ma’lumot bergan edi.

Jabborovga yaqin san’atshunosning 27 aprel kuni Ozodlikka aytishicha¸ Islom Karimovga Toshkent¸ Samarqand va Qarshida qo‘yiladigan uchala haykalni yasash Ilhom Jabborovga berilgan.

Ilhom Jabborov Islom Karimovga yasaydigan haykal eskizi.
Ilhom Jabborov Islom Karimovga yasaydigan haykal eskizi.

Ilhom Jabborov olti yil oldin o‘zi ishlagan loyihalar ustidan o‘tkazilgan moliyaviy tekshiruvlardan bezor bo‘lib¸ san’atni tark qilgan edi. Yaqinlargacha tog‘larda asalarichilik qilib yurgan haykaltarosh davlat buyurtmasi asosida Islom Karimov haykalini yasash ishlarini nihoyasiga yetkazib¸ tanlov g‘olib bo‘ldi.

Konkursdan oldin hammasi aniq edi

Haykaltaroshni yaqindan bilgan va ismi aytilishini istamagan o‘zbek mulozimiga ko‘ra¸ san’atkor Islom Karimov haykali ustida o‘tgan yilning oktabr oyidan beri ishlamoqda:

- O‘tgan yili oktabr oyida o‘sha paytda muvaqqat prezident bo‘lgan Mirziyoev o‘z yordamchilariga haykaltarosh Ilhom Jabborovni topib kelishni buyurdi. Ilhom aka bir me’mor do‘sti bilan Bo‘stonliqda asalari boqib yurgan joyidan Toshkentga chaqirildi. Olti yilcha hukumat nazaridan qolgan haykaltaroshni Shavkat Miromonovich o‘z kabinetida emas¸ balki norasmiy tarzda kechki yemakka taklif qilib¸ marhum prezident haykalini yasab berasiz¸ deb iltimos qildi. Ilhom aka rozi bo‘lib¸ ertasidan ish boshladi¸ deydi haykaltaroshni yaxshi tanigan mulozim.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekistonning yangi rahbari “Amir Temur haykalini yasagan haykaltaroshning Islom Karimov haykalini ham yasashini” ma’qul ko‘rgan.

Eski do‘stlik mevasi

Mulozimning aytishicha¸ Jizzax va Samarqandda hokim bo‘lib ishlaganida Shavkat Mirziyoev va haykaltarosh Ilhom Jabborov orasida iliq munosabat shakllangan.

Shavkat Mirziyoev o‘tgan yil noyabr oyida Toshkent shahar saylovchilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida “o‘zbek zamonaviy tasviriy san’ati rivojiga buyuk hissa qo‘shgan atoqli haykaltaroshimiz Ilhom Jabborov ijodi haqida har qancha faxrlanib gapirsak, arziydi"¸ deya ta’kidlagan edi.

Oyning o‘n beshi yorug‘...

So‘nggi yillarda O‘zbekiston timsoliga aylangan “Amir Temur”, “Motamsaro ona” hamda “Ko‘hna va boqiy Buxoro” asarlari muallifi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ilhom Jabborovga yaqin manbalarning aytishicha¸ tanlovda g‘olib bo‘lib 25 ming dollar mukofot olgan haykaltaroshning ishi shu kunlarda yurishib ketgan.

"Bitta misol. Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot universiteti oldidagi maydonga (sobiq Nizomiy pedagogika universiteti -tahr.) o‘rnatiladigan Alisher Navoiy haykalini ishlash ham Ilhom Jabborovga topshirildi. Ilhom Jabborov ustidan ochilgan ma’muriy ishlar¸ jarima sanksiyalari bekor qilindi. Ustoz san’atkor shu kunda faqat ijod bilan band"¸ dedi haykaltaroshga yaqin ijodkorlardan biri.

Do‘stimning do‘sti¸ mening ham do‘stim...

- Usta otday! "Kishnab" ishlab yotibdi. Marhum prezident bilan yaqindan muloqot qilgan realist haykaltarosh sifatida Karimov haykali loyihasi ustida ishlayapti. Kechagina Afg‘onistondan keldi. General Do‘stim aka u kishini o‘zi bilan olib ketib Mozori-Sharifda Afg‘oniston ozodligi uchun bo‘lgan janglarda halok bo‘lgan barcha o‘zbek o‘g‘il-qizlari xotirasiga o‘rnatiladigan monument loyihasini qilib berishini iltimos qilib, joylarini ko‘rsatib keldi. Hozir chizib yotibdi.

Sal oldin Termizdagi "Motamsaro ona" xaykalini ishlab¸ o‘rnatdi. O‘zbek-afg‘on "Do‘stlik" ko‘prigi atrofidagi bojxona kompleksi xududiga turkum park-xiyobon dekorativ plastikasini ishlab berdi. Hozirgi kunlarda prezident Farmoni bilan Nizomiy pedagogika universiteti bazasida qayta tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi universitet oldidagi avval Frunze ot minib turgan haykal o‘rniga 5 metrlik¸ kichkinagina Navoiy haykalini Kamol ukasi bilan ishlab¸ tugallash arafasida. Alisher Navoiyning tavallud kuniga ochish rejalangan shekilli. Ishlari, kayfiyati, dimog‘i, daromadi yaxshi. Ancha o‘zini tutib olibdi¸ degan edi Ozodlik bilan o‘tganda suhbatlashgan Jabborovga yaqin mulozim.

Amir Temur haykali muallifining Islom Karimov bilan ziddiyati haqida

Yaqinlaridan birining aytishicha, haykaltarosh O‘zbekiston prezidenti bilan bahslashishga jur’at qilgani bois¸ istalmagan shaxsga aylangan edi.

- Bir me’mor do‘sti bilan bir-ikkita bolari uyasini sotib olib, tog‘larga chiqib ketgan edi. "Prezidentning haykaltaroshi" degan “maqom”dan mosuvo bo‘lgandan keyin Ilhom Jabborov oshkora kamsitishlar bilan yuzma-yuz bo‘ldi, keyin esa chidamasdan uzlatga chekingan edi¸ - degan edi bundan ikki yil oldin rassom Vyacheslav Oxunov.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligiga yaqin manbaning aytishicha, Ilhom Jabborov uzlatga ketishidan oldin moliyaviy tekshir-tekshirlar markazida qolgan:

- Ilhom aka "Ona" haykalini va “Ko‘hna va boqiy Buxoro" majmualarini ishlaganda, u haykallarga sarf bo‘lgan materiallarni to‘lashi kerak bo‘lgan tashkilotlar to‘lamagan. Keyin hamma xarajatni Ilhom akaning bo‘yniga ilib qo‘yishdi, yuz millionlab pulni. Bechora shuncha mehnat qildi, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, kasal holida, har kuni pachkalab dori ichib¸ muddatiga bitirib berdi. Biroq keyin ish haqini berish o‘rniga¸ uning bo‘yniga¸ "o‘lganning ustiga tepgan" deganlaridek¸ sarflangan materiallarning pulini osib qo‘yishdi. To‘laydigan hech bir vaqosi bo‘lmaganini bilgach, sud uni ustaxonasi va eski mashinasini "arest" qilib, konfiskatsiyaga qo‘ydi, - degan edi bundan ikki yil oldin Ozodlik manbasi.

Ilhom Jabborov sovet davrida Furqat, Mashrab va Navoiy kabi o‘zbek ziyolilarning haykalini yasagan bo‘lsa, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Toshkent markazidagi Amir Temur haykalini bunëd qilib¸ bronzadan quydirdi.

Markaziy Osiyodagi ilk Amir Temur haykalini 1993 yili yasagan Ilhom Jabborov dunyodagi ko‘plab obro‘li ko‘rgazmalarda o‘zbek san’atini tamsil qilgan.

XS
SM
MD
LG