Линклар

Kredit olish uchun yil boshidan beri bankka qatnayotgan Farg‘onaning Buvaydasida yashaydigan 27 yashar Jahongir Bozorovning Ozodlikka aytishicha, u kredit olish uchun bank talab qilgan hujjatlarning hammasini taqdim etgan. Lekin kreditdan hanuz darak yo‘q.

Bankning masalani muallaq ushlab turishi aholiga imtiyozli mikrokreditlar ajratishga oid yil boshidan buyon mamlakat Prezidenti qabul qilgan uchta qarori fonida tushunarsizdir.

Prezidentdan so‘ralgan 20 000 000

Buvaydaning Alimergan qishlog‘ida yashaydigan duradgor Jahongir Bozorov eshik-rom yasaydigan sex qurish uchun shu yil boshida 20 million so‘m kredit olmoqchi bo‘ldi va pul so‘rab, to‘ppa-to‘g‘ri Prezident qabulxonasiga xat yozdi.

Jahongir maktubiga tez orada javob ham oldi. Prezident qabulxonasiga yozilgan xatga javob Xalq banki rahbariyatidan keldi. Bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sardor Normuhamedov imzolagan javob xatida Jahongir so‘ragan kredit nima uchun berilmasligi tushuntirilgan.

Bundan tashqari duradgor yigitni Xalq banki Buvayda tuman filiali rahbariyati ham suhbatga chaqirgani o‘sha suhbatning bayonnomasidan ko‘rinib turibdi.

20 000 000 bermasangiz, hech yo‘q 7 000 000 bering?

Garovga biror mulk qo‘ymasa 20 million so‘mlik kredit ololmasligini tushungach, Jahongir ozroq so‘rasa, garovga mulk qo‘ymasa ham berishlari mumkinligini eshitadi va 23 fevral kuni Xalq banki Buvayda filialiga qoramol boqish uchun 7 million so‘m so‘rab, hujjatlarini topshiradi.

- Bank xodimi barcha hujjatlarimni birma-bir ko‘rib, olib qolgan. E’tiroz bildirishmagan. So‘ng bir yarim oy kutdim javobni. Javob kelavermagach, o‘zim bankka borib so‘radim. Xodim menga “Qoramol boqish uchun kredit berilmaydigan bo‘ldi. Parrandachilik uchun berishimiz mumkin”, dedi. Shundan keyin hujjatlarimni parrandachilikka to‘g‘rilab qayta topshirdim, 3,5 million so‘mlik kredit olish uchun bir kishi kafil bo‘lishi kerak ekan, men 7 million so‘rab ikkita kafolat xati topshirganman, dedi Jahongir.

Uning aytishicha, hujjatlarni topshirgan kuni Xalq banki Buvayda filialiga bankning viloyat boshqarmasidan vakil kelgan ekan. Vakil Jahongirga kreditni 3 kunda olishini aytgan.

Kuting

- Hujjatlarni topshirganimga 15 kun bo‘ldi. Kreditdan darak yo‘q. Ertaga kel, indinga kel, deyishadi. Shu hafta boshida yana boruvdim, 5 milliongina bera olamiz. Istasangiz shu, bo‘lmasa boshqa bankka boring, deyishdi, shundan keyin Ozodlikka yozdim, dedi Jahongir.

Xalq banki Buvayda filiali bilan ikki kun davomida, hatto bankning Respublika boshqaruvi xodimlari yordami bilan ham bog‘lanishga urinishlarimizdan natija chiqmadi.

Bankning respublika boshqaruvi mulozimi “hujjatlarni ko‘rmay turib bir narsa deyolmayman”, dediki, bu javob, albatta, tabiiy.

Imtiyozli kredit qanday beriladi?

Bankning Farg‘ona viloyatidagi boshqa bir tuman filiali mutaxassisi imtiyozli kreditlar qanday berilishini Ozodlik muxbiriga bunday tushuntirdi:

- Agar so‘ralayotgan miqdor 3,5 mln. so‘mgacha bo‘lsa, kredit garovga mulk qo‘yish talabisiz beriladi. Faqat yoki sug‘urta polisini yoki muqim ish haqi bor ishlovchi kishining kafilligi talab qilinadi, dedi Xalq banki mutaxassisi.

- Lekin, dedi u, - hujjatlarning qabul qilinishi, kredit so‘zsiz beriladi, deyilgani emas, bank ularni (hujjatlarni) o‘rganib chiqib, berish-bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Bas, shunday ekan, Xalq banki Buvayda filialini ayblashga asos yo‘qday. Lekin nima uchun bank mijozga rad javobini oldin 20 million so‘raganda tushuntirganday tushuntirib bermaydi?!

Prezidentning 3 qarori

O‘zbekiston Perezidenti joriy yil boshidan buyon Jahongir Bozorovga o‘xshab oz miqdordagi kreditlarga ehtiyoji borlarga imtiyoz berish nazarda tutilgan uchta qaror:

31 yanvarda “Kichik va xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash tizimini yanada kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorni;

10 fevralda “Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni;

17 martda “Tadbirkorlik sub’ektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Umidi oqlanmayotgan mijoz

Bu uchchala qaror mazmunini sinchiklab o‘rganishni Siz tinglovchiga – o‘zingizga qoldiramiz.

Bu hujjatlar bilan yaxshi tanishmagan, lekin ular qabul qilinganidan so‘ng odamlar orasida paydo bo‘lgan gaplarga ishongan buvaydalik Jahongir Bozorov va unga o‘xshaganlarda umid paydo bo‘lgan edi.

Boshqalarni bilmadigu, lekin hozircha, Jahongirning umidi oqlanmadi.

XS
SM
MD
LG