Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 19:17

Buxorodagi AYoQShlarda benzin taqchilligidan chayqovchilar foydalanmoqda. Hukumat idorasi shakar narxi nega oshganiga oydinlik kiritdi. G‘ijduvonda pensiya pullarini o‘zlashtirgan pochtachilarga huquqiy choralar ko‘rildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________________________

Buxoroda benzin tanqisligi chayqovchilarga qo‘l kelmoqda

Buxoro shahridagi yonilg‘i quyish shaxobchalarida benzin tanqis bo‘lib qolmoqda (“Darakchi”, 27 aprel). Ertalab soat 10 da berilgan benzin 13:00 gacha tugamoqda. “Soatlab navbat kutamiz. Bu holat bir necha oydan buyon davom etmoqda. Keyin yonilg‘i quyish shaxobchasidagi 2800 so‘mlik benzinni ko‘chadan baklajkada 4000 so‘mdan olishga majbur bo‘lyapmiz”, deydi buxorolik Said Yahyoev. Yonilg‘i taqchilligi holatini “Buxoro neft bazasi” korxonasi rahbari E.Xudoyshukurov shunday izohlagan: “Buxoro viloyati bo‘yicha talab etiladigan miqdorlarga nisbatan kam yetkazib berilishining asosiy sababi neftni qayta ishlash zavodlaridan neft bazaga belgilangan miqdordan kam mahsulot yuklab berilishidir. Neft mahsulotlarining kam ortib berilishi neft xomashyosi pul mablag‘lariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda”. Gazeta shaxobchalarga benzin talab darajasida yetkazib berilmas ekan, chayqovchilikka barham berish imkonsizligini eslatadi.

Rasmiy idora: Shakar narxini 5200 so‘mdan oshirish mumkin emas

O‘zbekistonda shakar narxi 5200 so‘mga ko‘tarilishi odamlarda turli savollar tug‘dirmoqda (“Oila davrasida”, 27 aprel). O‘zbekiston Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga ko‘ra, buning asosiy sabab shakar uchun chetdan keltiriladigan shakarqamish xomashyosining narxi oshib ketganidir. “Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 martdagi tegishli hujjatiga asosan, bugungi kunda shakarning chakana narxi 5200 so‘m etib belgilangan. Unga ko‘ra, shakarni ushbu narxdan yuqori sotish mumkin emas” deb ma’lum qiladi davlat qo‘mitasi.

Prokuratura nashri davlat idoralarining obro‘sizlanishidan ogohlantirdi

Buxoro viloyati G‘ijduvon tuman pochta aloqa tarmog‘i mutasaddilari pensioner N.Gorobchenko vafot etgan bo‘lsa-da, uning nomiga pensiya rasmiylashtirib, byudjet mablag‘ini talon-taron qilishda ayblandi (“Huquq”, 27 aprel). Shuningdek, ushbu tuman pochta mansabdorlari fuqaro M.Dushamovaga 2016-2017 yillar, uning kelini A.Temirovaga esa 2015-2016 yillar davrida hisoblangan nafaqa pullarini bermasdan, to‘lov qaydnomalarini soxtalashtirish orqali katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan. Prokuratura bu kabi holatlar bo‘yicha huquqiy choralar ko‘rganini ma’lum qilgan.

“Afsuski, ayrim mansabdor shaxslarning mavjud ijtimoiy-iqtisodiy holatni bilmasligi, bir so‘z bilan aytganda, ularning oyog‘i yerdan uzilib qolishi fuqarolarning manfaatlariga zarar keltiradi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining obro‘sizlanishiga olib keladi”, deyiladi “Huquq” gazetasida e’lon qilingan boshqa bir maqolada.

XS
SM
MD
LG