Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:40

Qirg‘iz talabalarining Qrimga chaqirilishi diplomatik bahslarga sabab bo‘ldi


Qirg‘izistonlik talabalarning Moskva tomonidan Qrimdagi qurilishlarga talabalar qurilish otryadlari qatorida ishga chaqirilishi Bishkekda diplomatik bahslarga va jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Bishkekdagi Qirg‘iz-Slavyan universiteti talabasi Beknazar Qrimga talabalar qurilish otryadi saflarida yoz mavsumida ishga borish uchun kamida 20 talaba yozilganini aytdi.

-25 talabadan iborat qurilish otryadi tashkil etilishi kerak ekan. Hozir 21 talaba yozildik. Kerch ko‘prigi qurilishiga faqat 2-kurs talabalarini olishmoqda. Yo‘l haqi, Qrimda yashash va ovqatlanish bepul ekan. Bizga “Qrimdagi qurilishga borish uchun yozilinglar, hammasi yaxshi bo‘ladi, bu qurilishga boshqa davlatlardan ham talabalar qurilish otryadlari keladi”, deb targ‘ibot qilishayapti, -dedi Beknazar.

Talabalarni qurilish otryadlariga jalb qilinishi bo‘yicha e’londa “Qrim Rossiya Federatsiyasi hududi hisoblanadi”, degan ma’lumot berilgan. Bunday talqinga Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchixonasi tomonidan norozilik bildirilgach, e’lonning internet va boshqa ommaviy axborot vositalarida berilishi to‘xtitldi.

Biroq Qirg‘iziston Yoshlar mehnat birjasi rahbari Aziz Idrisov talabalarni Qrimga ishga jo‘natish masalasi kun tartibidan olib tashlanmaganini bildirdi.

- Bu masalada Moskvadagi markaziy shtab bilan muzokaralar davom etayapti. Asosan Qirg‘iz-Rus universiteti talabalaridan iborat guruhni tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. O‘tgan yili Rossiyaning turli shaharlaridagi qurilishlarga mingta talabani jo‘natgan edik. Bu yil Qrimga 25 talabani jo‘natish niyatimiz bor edi, -dedi Aziz Idrisov.

Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchisi Nikolay Doroshenko: “ Men universtitet rahbariyatiga Ukrainaning bosib olingan hududiga kirish va chiqish tartibi bo‘yicha qonun-qoidalarni taqdim etdim. Shuningdek, Ukraina qo‘ygan talablarni buzgan odamlarga nisbatan ko‘riladigan jazo choralari borligi haqida ham ogohlantirdim. Mening e’tirozlarim qabul qilindi va men Qrimga boradigan ixtiyorchilar guruhi tashkil etilmaydi, deb umid qilaman”, -deb bildirdi.

Avvalroq Kiev parlament deputatlari Irina Karamushkina va Marat Imankulov Qrimga Ukrainani chetlab, Rossiya hududi orqali borgani uchun qirg‘iz hukumatiga norozilik noatasini topshirgan edi.

18 aprel kuni Kiev rasmiylari Qrimga borgan olti nafar o‘zbekistonlikning Ukrainaga kirishi uch yilga taqiqlangani haqida ham xabar bergan edi.

“Vaqtincha bosib olingan Qrim hududidan “Chongar” chegara o‘tkazish punktiga olti nafar O‘zbekiston vatandoshi piyoda kelgan. Chegara nazorati tekshiruvi paytida ular Qrimga faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan chegara punkti orqali kirib kelgani aniqlandi", deyiladi Ukraina chegara xizmati rasmiy ma’lumotida.

Kiev Rossiya tomonidan 2014 yilda anneksiya qilgan Qrimni vaqtincha bosib olingan Ukraina hududi, deb biladi. Shuning uchun ham Qrimga Ukraina idoralari bilan kelishilmay turib qilingan har qanday safar Kiev tomonidan noqonuniy harakat sifatida baholanadi.

XS
SM
MD
LG