Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:22

Rossiyadagi aksilputin namoyishlarida 200 odam qo‘lga olindi


Rossiyaning bir necha shahrida Vladimir Putinni keyingi yilgi prezident saylovida o‘z nomzodini qo‘ymaslikka chorlab namoyish o‘tkazildi. Namoyishga chiqqan 200 odamni politsiya qo‘lga oldi.

29 aprel kuni o‘tkazilgan namoyishlardan uch kun avval Rossiya rasmiylari ularni uyushtirayotgan “Ochiq Rossiya” tashkilotini taqiqlagan edi.

Sobiq oligarx Mixail Xodorkovskiy asos solgan tashkilotni Rossiya bosh prokurori “nomaqbul” tashkilotlar safiga kiritib, uning Rossiyada faoliyat ko‘rsatishiga chek qo‘ygan edi.

“Ochiq Rossiya” taqiqqa qaramasdan namoyishlarni bekor qilmadi.

Mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlarda yuzlab odam ishtirok etgan bo‘lsa-da, ishtirokchilar soni o‘tgan oyda korruptsiyaga qarshi o‘tkazilgan namoyishlardagidek bo‘lmadi.

Namoyishlar Rossiyaning 32 shahrida bo‘lib o‘tdi. Birgina Sankt Peterburg shahrida 103 namoyishchi ushlandi.

Kemerovo shahrida kamida 16 odam qo‘lga olingani haqida xabar qilindi.

Moskvada hibsga olish holatlari kuzatilmadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda Sankt-Peterburgda politsiya namoyishchilarni kuch ishlatib qo‘lga olayotganini ko‘rish mumkin.

Namoyishchilar mahalliy rasmiylarga Putinni siyosatni tark etishga chorlab yozgan maktublarini topshirishga urindilar.

Namoyishlar “Undan charchadik” va “Yetar, bas!” shiorlari ostida o‘tmoqda.

Moskvada namoyishga chiqqanlardan biri Ilya “Men to‘xtaladigan bo‘lsak, men prezidentimiz faoliyatidan – nafaqat ichki, balki tashqi siyosatidan qoniqmaganim uchun mazkur namoyishda ishtirok etishga qaror qildim. Yer yuzidagi barcha davlat bilan kelishmovchiligimiz bor. Chunki Rossiya zo‘ravon, qabih davlatga aylangan”, dedi.

Katya ismli talaba esa “Namoyishni qo‘llashga qaror qilishimning sababi mamlakatimizdagi siyosiy vaziyatdan qoniqmayotganim”, dedi.

Xodorkovskiy namoyishlar muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi.

U YouTubeda e’lon qilgan videomurojaatida “Odamlar qonunga to‘liq rioya qilgan holda namoyishga chiqdi. Ularning o‘z talablarini prezident ma’muriyati binolariga dam olish kunlari eltib berishga to‘la huquqlari bor edi”, dedi.

Moskva rasmiylari namoyishlarni noqonuniy deb atadi.

Tashkilotchilar 32 shaharda namoyish o‘tkazish rejalashtirilganini, rasmiylar faqat 11 shaharda ularga ruxsat berganini aytishdi.

“Ruxsat berilgan shaharlarda banner, mikrofon va shu kabilari bo‘ladi. Ruxsat berilmagan joylarda odamlar shunchaki mustaqil ravishda prezidentga bo‘lgan talablari bilan keladilar”, dedi Xodorkovskiy.

Qachonlardir Rossiyaning eng badavlat oligarxi bo‘lgan Xodorkovsiy 10 yil Rossiya qamog‘ida o‘tirgan. Ko‘pchilik unga qo‘yilgan soliq to‘lamaslik va boshqa ayblovlar siyosiy uydirma ekanligiga ishonadi.

XS
SM
MD
LG