Линклар

O‘zganda 24 odam o‘lgan joyni qabristonga aylantirish to‘g‘risida fatvo berildi (VIDEO)


Yer ko‘chki bo‘lgan joyda ishlayotgan qutqaruvchilar.

Qirg‘iziston muftiyati Ulamolar kengashi O‘zgan tumanining Ayu qishlog‘ida yer ko‘chkisi oqibatida 24 odam halok bo‘lgan joyni qabristonga aylantirish to‘g‘risida fatvo chiqardi. Ulamolar kengashining 11 a’zosi bir ovozdan bu fatvoni qo‘lladi. Fatvo 30 aprel – halok bo‘lganlar xotirlangan motam kunida e’lon qilindi.

Ulamolar kengashining fatvosida aytilishicha, yer ko‘chkisi oqibatida tuproq ostida qolib halok bo‘lganlarni qidirib topish qiyinlashsa, bu holatda o‘sha yerni qabristonga aylantirilishiga shariat yo‘l beradi. Fatvoda bu borada Qur’oni Karimdan va boshqa diniy kitoblardan isbot-dalillar keltiriladi.

Fatvodan kelib chiqadigan xulosa shuki, ko‘chki ostidagilarning jasadlarini qidirmay, ularni o‘sha yerga dafn etilgan, deb hisoblash mumkin. Aholini fatvo bilan tanishtirish uchun Ulamolar kengashi a’zolari 1 may kuni O‘zgan tumanining Ayu qishlog‘iga safar qildilar.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston muftiyati 5 may kungi juma namozida ko‘chkida halok bo‘lgan 24 odam xotirasiga barcha masjidlarda Qur’on o‘qish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

29 aprel kuni erta tongda Ayu qishlog‘ida yer ko‘chkisi 7 uyni bosib qolgan va 24 odam halok bo‘lgan edi. Ularning 9 nafari bolalardir.

-Voy, aylanib ketay jigarim, jigarim. Bittasi bo‘lsa ham tirik qolmabdi. Bolalari bilan birga hammasi halok bo‘ldi, -deydi yaqinlarini yo‘qotganlardan biri.

Favqulodda vaziyatlar vaziri Qubatbek Bo‘ro‘novning aytishicha, bu joyda yashagan aholi bir necha marta ko‘chki xavfidan ogohlantirilgan va ularga boshqa yerga ko‘chish tavsiya qilingan. Biroq ular bu taklifni rad etganlar.

-Birinchi marta ularga 2003 yilda ogohlantirish berilgan edi. Oxirgi marta shu yilning 28 mart kuni ogohlantirilgan. Biroq odamlar “Uylarimizdan ko‘chmaymiz” deb, boshqa joyga ko‘chirilishga qarshilik qilgan edi, -dedi Qubatbek Bo‘ro‘nov.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, mazkur qishloqda xavfli hududda turgan 30 oila boshqa yerga ko‘chiriladi.

Voqea joyga borgan parlament raisi Chinibay Tursunbekov aholi bilan uchrashuvda hukumat yangi joyda aholiga uy qurish uchun byudjetdan yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.

-Yer masalasida va o‘sha yerlarga uy qurib berish masalasida biz yordam beramiz. Byudjetga o‘zgartirish kiritib, kerak bo‘lgan miqdordagi harajatlarni ajratib beramiz. Eng muhimi, sizlar o‘z xavfsizligingizni o‘ylanglar, - dedi parlament raisi.

Shu kungacha 1 million kub metr yer ko‘chkisi ostida qolganlardan uch nafarining jasadi topildi. Qolganlarning jasadlarini qidirish ishlari davom etmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining bildirishicha, 30 aprel kuni O‘zgannning Jalpak-Tash qishlog‘ida ham yer ko‘chkisi bo‘lib 11 uy yer ostida qolgan. Bu joydan aholi ko‘chirilib ketgani munosabati bilan tabiiy ofatdan odamlar jabrlanmadi.

XS
SM
MD
LG