Линклар

Alban millatiga mansub deputat spiker etib saylangandan so‘ng 27 aprel kuni o‘nlab namoyishchilar Makedoniya parlamentiga bostirib kirib, bir necha qonun chiqaruvchilarga hujum qildi. Bu ushbu Bolqon mamlakati ikki yil oldin siyosiy boshi berk ko‘chaga kirib qolgandan so‘ng ro‘y bergan eng tashvishli voqealardan biri bo‘ldi.

Yuzini yashirish uchun ba’zilari niqob kiyib olgan darg‘azab millatchilar bino ichkarisida hujumga bosh-qosh bo‘lganlikda gumon qilinmoqda. Ular o‘sha yerda stul, kamera jihozlari va qog‘oz teshgichlarni uloqtirdi, so‘ngra tashqariga chiqib, zo‘ravonlikni davom ettirib, parlament atrofida hududni o‘rab olgan jamoat tartibini saqlovchi politsiya bilan jang qildi.

O‘ndan oshiq norozilar 28 aprel kuni “Makedoniyani himoya qilish”ga va’da berib, parlament binosi oldidagi maydonga beshta chodir tikdi.

Ayni choqda qonun chiqaruvchilar prezident George Ivanov tang vaziyatni bartaraf qilish uchun o‘tkazmoqchi bilan uchrashuvni rad etdi.

Bu yerda nima gap?

Makedoniya ikki yil muqaddam hokimiyat tepasidagi va sobiq bosh vazir Nikola Gruevski yetakchiligidagi VMRO-DPMNE konservativ partiyasi, taxminan, 20 ming kishi, jumladan, jurnalistlar, siyosatchilar va din peshvolari faoliyatini noqonuniy kuzatgani uchun javobgar ekani xususidagi iddaolardan so‘ng siyosiy bo‘hron domiga tushib qoldi. Ayni hol hukumatga qarshi ommaviy noroziliklarga va Yevropa Ittifoqining vositachilik sa’y-harakatlariga va alal-oqibat Gruevski hukumatining iste’foga chiqishiga sabab bo‘ldi.

O‘shandan beri to‘rt marta navbatdan tashqari saylov bo‘lib o‘tdi, ammo hech birining natijalariga ko‘ra barqaror hukumat tuzib bo‘lmadi. Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovda120 nafar deputatdan iborat parlamentdan VMRO-DPMNE partiyasi 51 ta, muxolif Sotsial-demokratik ittifoq esa 49 ta joy oldi.

Tomonlarning hech biri Zoran Zaev boshchiligidagi sotsial-demokratlar ayrim alban millatiga mansub a’zolardan iborat partiyalar bilan koalitsiyaga rozi bo‘lmaguncha ko‘pchilikdan iborat hukumat tuza olmadi. Buning uchun sotsial-demokratlar alban partiyalarining ularga ko‘proq huquq berish va mamlakatning ayrim hududlarida alban tilini ikkinchi til sifatida joriy qilishga oid talablarini qabul etishga majbur bo‘ldi.

O‘zi ham VMRO-DPMNE partiyasi a’zosi bo‘lgan prezident George Ivanov Zoran Zaevga hukumatni tuzish uchun rasmiy vakolat berishdan bosh tortdi va buning sababini, alban tili masalasi Makedoniya mustaqilligini barbod qilish mumkin, deya izohladi.

Nega begonalar g‘amxo‘rlik qilishi kerak?

Bolqon yarim oroli bejiz Yevropaning o‘yindan o‘t chiqadigan mintaqasi deb atalmaydi. Mintaqada ro‘y bergan bir qancha voqealar, jumladan, Avstriya-Vengriya imperiyasi taxti vorisi Frans Ferdinandga Saraevoda suiqasd qilinishi Birinchi jahon urushi boshlanishiga turtki bo‘lgan edi.

Yaqinda, XX asrning 90-yillarida sobiq Yugoslaviyaning kuch bilan parchalab yuborilishi mintaqada istiqomat qiladigan ko‘plab etnik guruhlarning oxiri ko‘rinmaydigan dushmanligiga olib keldi.

Ko‘plab sinchilar Deyton bitimlari Bolqon yarim oroliga olib kelgan tinchlik muammolarga, nari borsa, qisqa muddatli yechim bo‘lganini qayd etib, kafolat bo‘ladigan uzoq muddatli qonunchiliksiz va demokratiya institutlarisiz Yevropaning janubiy qanotida beqarorlik saqlanib qolaverishini bashorat qilmoqda.

Makedoniya Respublikasi Bolqon yarim orolidagi chor tarafi quruqlik bilan o‘ralgan mamlakatdir. U – Bolgariya, Gretsiya, Albaniya, Kosovo va Serbiya bilan chegaradosh.

Aholisi – 2,1 million kishi, asosan, Makedoniya slavyanlaridan iborat. Biroq hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat aholisining chorak qismi etnik albanlar bo‘lib, ularning aksariyati Kosovo va Albaniya bilan chegaradosh shimoliy va shimoli-g‘arbiy mintaqalarida yashaydi. Aholining 4 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladigan boshqa etnik guruhlarga serblar, bo‘shnoqlar, turklar, lo‘lilar, chernogoriyaliklar, xorvatlar va valaxlar kiradi.

Slavyan guruhlari bilan Bolqon yarim orolida, taxminan, 8 million kishini o‘z ichiga oluvchi etnik albanlar o‘rtasidagi ziddiyatlar mintaqadagi eng yirik xavf o‘chog‘i deb qaraladi. Serbiya bilan Kosovoning har birida 1,5 millionga yaqin etnik albanlar istiqomat qiladi.

Masalan, Kosovo prezidenti Hoshim Tachi 19 aprel kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga bergan intervyusida, “mintaqadagi barcha albanlar Yevropa oilasiga integratsiyani davom ettirish uchun bitta mamlakatda yashayajak”, deganidan so‘ng mintaqadagi albanlar Tiranadagi ultramillatchilar bilan birga “Buyuk Albaniya” g‘oyasini ilgari surish orqali qurolli mojaro keltirib chiqarishidan qo‘rquv kuchaydi.

Hoshim Tachining gapiga o‘xshash bayonotlar, ayniqsa, Makedoniyani tashvishga soladi, chunki bu mamlakat 2000-2001 yillarda o‘zining kamsonli alban aholisi ko‘targan qurolli qo‘zg‘olondan qattiq zarar ko‘rdi va u faqat NATO o‘rtaga tushib, erishilgan tinchlik bitimidan so‘ng barham topdi. Albanlarning aytishicha, ushbu kelishuv shartlari bajarilmadi, ularning kengaytirilishi kerak bo‘lgan huquqlari toptalmoqda va mamlakat bo‘ylab tangliklarni keltirib chiqarmoqda.

Makedoniya “G‘arb” yo‘lidan ketyaptimi?

Yugoslaviyaning sobiq viloyati bo‘lgan va 1991 yili mustaqillikka erishgan Makedoniya 2005 yili Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod bo‘lgandan beri unga a’zo bo‘lishni maqsad qilib olgan, shu maqsadda muzokara boshlashi kerak. Mamlakat yana NATO xavfsizlik ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilmoqda.

Qayd etish joizki, ikkala tuzilmaga ham a’zo bo‘lish harakatlariga mamlakatning nomi bilan bog‘liq tortishuvlar sabab Gretsiya to‘siq qo‘ydi. Gretsiya “Makedoniya” nomidan foydalanish uning ayni nomdagi viloyatiga qarshi hududiy da’volarni nazarda tutadi, deb hisoblaydi.

Garchi Makedoniya YeIga a’zo bo‘lish uchunmuzokarani davom ettirayotgan bo‘lsa-da, Gretsiyaning e’tirozlari sabab ayni paytda Makedoniya Sobiq Yugoslaviya Respublikasi deb atalmoqda. NATOdan ma’lum qilishlaricha, Makedoniya nomi bilan bog‘liq muammolarni hal etgandan so‘nggina a’zolik taklifini olishi mumkin.

Bolqon yarim orolida taranglashib borayotgan vaziyatga YeI tomoshabin bo‘lib turgani yo‘q. Mart oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammit – zirvada ushbu blokning mintaqa oldidagi majburiyatlarini mustahkamlash maqsad kilib qo‘yildi. Ayni paytda Albaniya, Bosniya, Kosovo, Chernogoriya, Makedoniya va Serbiya YeI bilan a’zolikka oid muzokara o‘tkazmoqda.

Bryussel Bolqon yarim oroli mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlash ishiga sodiq ekani alohida qayd etar ekan, a’zolik yo‘liga to‘siq qo‘yilyapti, degan har qanday hissiyotga barham berishga umid qilmoqda.Biroq shu bilan birga ko‘plab yevropaliklar mintaqaning bu yer bilan uzoq madaniy va iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgan Rossiya ta’siriga tushib qolmasligini istaydi.

Aftidan, Kreml vaziyatni beqarorlashtirishni G‘arb bilan Bolqon yarim oroli o‘rtasidagi munosabatlarga sovuqlik tushirish hamda o‘zining iqtisodiy, jumladan, energetika va savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirishga yo‘l ochish vositasi deb biladi.

Xalqaro hamjamiyat Skopyedagi zo‘ravonlikka qanday munosabat bildirdi?

Bryussel, Vashington va Berlin 27 aprelda ro‘y bergan zo‘ravonlikni qoralashga shoshildi va uni demokratiyaga hujum deya baholadi.

YeIning Tashqi ishlar bo‘yicha komissari Federika Mogerini, “zo‘ravonlik bilan, ayniqsa, u demokratiya vatanida ro‘y berayotganda kelishib bo‘lmaydi”, deya ogohlantirdi.

AQShning Skopyedagi elchixonasi zo‘ravonlikni “keskin atamalar bilan” qoralab chiqdi va bu “demokratiyaga yot narsa va kelishmovchiliklarni hal etish uchun nomaqbul yo‘l”, – deb yozdi Tvitterdagi sahifasida.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G‘arbning Makedoniya ishlariga “qo‘pol aralashuvi” butun mamlakatda siyosiy bo‘hronga sabab bo‘lganini qoralash kerak, deb e’tiroz bildirdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ma’muriyati “chuqur” tashvish” bildirib, bayonot tarqatdi, unda “Makedoniya Bolqon yarim orolida barqaror tinchlik o‘rnatish uchun muhim ahamiyatga ega”, deyiladi.

Serbiyada saylangan prezident va amaldagi bosh vazir Aleksandr Vuchich xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazdi hamda Makedoniyadagi voqealar “bu yerda yashayotgan barchamiz uchun muammo tug‘diradi, barcha muammolarga barham berib, farzandlarimiz uchun tinchlik va barqarorlikni kafolatlashimiz kerak”, – deb ogohlantirdi.

Bo‘hronga chek qo‘yish uchun Makedoniya rahbarlariga qanday bosim o‘tkazish mumkin?

O‘tgan o‘n yil mobaynida Makedoniya kichik va ochiq iqtisodiyotini isloh qilishda muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, hali-hamon Yevropaning eng kambag‘al mamlakati bo‘lib qolmoqda. 2002-2008 yillarda mamlakat iqtisodiyoti o‘rtacha 4,3 foiz o‘sdi, ammo 2009 yildan beri ushbu ko‘rsatkich ikki barobar pasayib, o‘rtacha 2,1 foizga tushib qoldi.

Jahon banki ma’lum qilishicha, joriy siyosiy bo‘hron vaqtida bartaraf etilmasa, shusiz ham Yevropaning eng kambag‘al mamlakati iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va uni qashshoqlashtirib qo‘yadi.

Aksariyat G‘arb mamlakatlari shuni va zo‘ravonlik qayta boshlanib ketishini nazarda tutib, George Ivanovdan saylov natijalarini hurmat qilish va taklif etilgan koalitsiyaga yangi hukumat tuzishga ruxsat berishni talab qildi. Ularning fikricha, bu mamlakatdagi demokratiya institutlarini mustahkamlaydi, uning qayta oyoqqa turib olishiga imkon beradi va mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy muammolardan kelib chiqadigan chuqur iqtisodiy tanazzulning oldini oladi.

XS
SM
MD
LG