Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:00

Buxoro bozoridagi yuzlab do‘kon tadbirkorga kompensatsiya berilmaydigan qilib buzildi


Buxorodagi "Dilkusho" bozorida buzilayotgan do‘konga oid bu tasvir Ozodlikka ikki haftacha oldin yuborilgan edi.
Buxorodagi "Dilkusho" bozorida buzilayotgan do‘konga oid bu tasvir Ozodlikka ikki haftacha oldin yuborilgan edi.

Davlatning birinchi raqamli rahbari sifatida Shavkat Mirziyoev qabul qilgan ilk qarorlardan biri xususiy mulk va tadbikorlar huquqini himoya qilishga qaratilganiga qaramay¸ mahalliy hokimlarning shu kunlardagi harakatlaridan sinayotgan xususiy tadbirkorlar soni oshib bormoqda.

Xususan¸ Buxoro shahri markazidagi “Dilkusho” (xalq orasida Kritiy bozor deb tanilgan – tahr.) bozorini ikki hafta avval boshlangan buzish bilan bog‘liq janjal o‘tgan juma kundan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ozodlikka 1 may kuni bog‘langan mahalliy tadbirkorlarga ko‘ra¸ 28 aprel kuni ertalabki soat 10 larda bozorga traktor va buldozerlar haydalgan va tadbirkorlarning¸ qonunga ko‘ra buzilishdan oldin baholanishi lozim bo‘lgan xususiy mulki – do‘konlarni buzish boshlangan. “Qiy-chuv¸ yig‘i-sig‘i bo‘ldi¸ yuzlab odam oilasini boqib kelgan yagona daromad manbaidan ajrab qoldi”¸ deb hikoya qiladi tadbirkorlardan biri.

Do‘konlar xususiy tadbirkorniki¸ yer davlatniki. Xususiy mulkni buzishdan oldin¸ ertaga to‘lanadigan kompensatsiya miqdorini belgilash uchun¸ uni baholash kerak. Buning uchun shunga litsenziyasi bor shirkat kelib¸ protokol tuzib¸ hisob-kitob qilishi kerak. Buxoroda o‘nga yaqin xususiy otsenochniy kompaniya bor. Birortasi kelmadi¸ hammasi¸ “aka qo‘ying¸ litsenziyamni olib qo‘yadi borsam”¸ deyapti. Viloyat hokimi “bittang bormaysan¸ bittang ham otsenka qilmaysan¸ borsang¸ o‘zingni tekshirtiraman” depti. Hozir qo‘limizda buziladigan mulkning narxini tasdiqlovchi biror qog‘oz yo‘q¸ lekin 50-60 ta melisa tashlangan¸ prokurorlar shu yerda¸ hamma yoqni buzdirishayapti. Bunaqa kuchli bosimga chidashning iloji bo‘lmadi”¸ dedi o‘z ismi sir qolishni so‘ragan buxorolik tadbirkorlardan biri.

Tadbirkorlarning bu iddaosini Buxoroda faoliyat yurg‘izuvchi bir necha narxlovchi shirkat vakillari bilvosita tasdiqladi.

“Consult-Bukhara” shirkati vakili ayni kunlarda ularning narxlash lizentsiyasi muddati tugab qolgani uchun buzilayotgan do‘konlarni narxlay olmasligini bildirgan bo‘lsa¸ “Global texkonsalting” shirkati vakili¸ narxlash bo‘yicha mutaxassis yo‘qligi bois¸ “Dilkusho”dagi do‘konlarni baholay olmasligini bildirdi.

Do‘koni buziladigan tadbirkorga haq bormi?

Buxoro markazidagi “Dilkusho” bozorini buzish¸ aksar shaharlardagi kabi¸ prezident Shavkat Mirziyoevning 27 mart kungi 2853-sonli 2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” deb nomlangan qarori asosida amalga oshirilmoqda.

Qarorning 16-moddasida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon bozorlarini rekonstruktsiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta’minlasinlar”¸ deb yozilgan.

Prezident qarorining ayni shu bandi qanday amalga oshirilishini izohlagan Adliya vazirligining Tadbirkorlik sub’ektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi mutaxassisi¸ xususiy mulkni uning egasi bilan yozma kelishuvga erishmasdan turib¸ buzish mumkin emasligini ta’kidladi.

Xususiy tadbirkorga qarashli mulk davlat ehtiyoji uchun buziladigan taqdirda¸ Vazirlar Mahkamasining 2006 yilgi 97-qarori asosida kompensatsiya to‘lanishi shart. Bozorlarni qayta qurishga oid 2583-qarorga ko‘ra buziladigan do‘konlar uchun kompensatsiya uch xil shaklda – olinayotgan yer uchastkasi o‘rniga boshqa joydan ayni maydondagi yer berish¸ buziladigan mulk uchun tovon puli to‘lash¸ yoki quriladigan yangi bozordan joy ajratish shaklida bo‘ladi. Qay shaklni tanlashni¸ tadbirkor belgilashi kerak. Hozir hamma joyda bozorlar bo‘yicha komissiya tuzilgan. Ular do‘koni buziladiganlarni ro‘yxatga olib¸ ular bilan shartnoma tuzishi kerak. Lekin do‘konlarni buzishdan oldin komissiya ularni xususiy shirkatlarga narxlatishi lozim. Narxlash protokoli asosida kompensatsiya miqdori hisoblab chiqiladi. Busiz¸ hech kimning xususiy mulkni buzdirishga haqqi yo‘q”¸ dedi Adliya vazirligi mutaxassisi.

Kompensatsiya faqat “yerga oid kadastri” borlarga beriladimi?

Buxorodagi “Dilkusho” bozorini buzish jarayonidan yaxshi xabardor mulozimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda¸ markaziy bozorni buzishni nihoyatda qattiq ma’muriy bosim va qo‘rqituvlar asosida olib borishdan maqsad¸ xususiy mulkdorlarga hech narsa bermasdan¸ ular do‘konlari joylashgan yerni “kuchli manfaatli guruhlar”ga xatlab berish ekanini aytadi.

Yangi bozor loyihasining tasdiqlanmaganiga oid rasmiy maktub nusxasi.
Yangi bozor loyihasining tasdiqlanmaganiga oid rasmiy maktub nusxasi.

Hali bozor o‘rnida nima qurilishi¸ uning loyihasi yo‘q. Bu loyihani tasdiqlashi kerak “O‘zagrosanoatloyiha” eskizni tasdiqlamagan. Lekin bu joyga ko‘z tikkan mahalliy puldorlar qattiq harakatda, doimgidek¸ otkatlar ishga tushdi. Shuning uchun do‘kondorlarga imkon qadar o‘z joyini qaytarib bermaslik¸ ya’ni yangi quriladigan gipermarketmi¸ supermarketdan joy bermaslik harakati ketayapti. Kadarstri borlarni ham kadastring erga oidmi¸ binoga oid¸ deb tekshirayapti. Yerga oid bo‘lsa¸ kompensatsiya berarmish¸ binoga oid bo‘lsa¸ bu binoning egasi bo‘lgan xususiy tadbirkor kuyib qolarmish. Yerga oid kadastri borlar juda kam. Bu esa¸ ko‘pchilik tadbirkor kuyib qoladi¸ deganidir. Prezidentning qarori ijrosiga shiddat bilan kirishgan hokim Barnoev bir o‘q bilan ikki quyonni urmoqchi – ham yangi bozorni tezlikda qurib¸ Mirziyoevdan ochko olmoqchi¸ ham bozorni yangi egalariga pullamoqchi”¸ deya iddao qildi bu jarayonga yaqin buxorolik mulozim.

Ozodlikning Buxoro viloyati hokimi sha’niga bildirilgan bu kabi ayblovlarga munosabat bildirishni so‘rab 1 may kuni qilgan murojaatiga hokim matbuot kotibi Akbar Rustamov:

- Qonun bo‘yicha murojaatni ko‘rib chiqish uchun vaqt ajratilgan. Bunaqa gaplarga dabdurustdan javob berolmayman. Ertaga telefon qilsangiz¸ gaplashamiz¸ deb javob berdi.

(Ozodlik 2 may kuni hokim matbuot kotibining o‘z rasmiy izohini taqdim etishiga¸ albatta¸ imkon beradi.)

Buxorolik tadbirkorlar ham shahar markazidagi bozorni buzish boshida viloyat hokimi O‘ktam Barnoev turganini ta’kidlashdi.

Komissiyaga rais qilib shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Maqsudovni qo‘ygan¸ lekin bu odam hech narsani hal qilmaydi. Bosh buzuvchi – viloyat hokimi Barnoev. Bozordagi tadbirkorlar bir nechta guruh bo‘lib yozilgan shikoyat arizasini O‘ktam Barnoevga rasman topshirishdi – uning kotibasi o‘nlab tadbirkor imzo chekkan bu xatlarni qabul qilib oldi ikki haftacha burun. Lekin javob yo‘q. Uning qabuliga kiramiz¸ desak¸ uch oy kutasan¸ deyishdi. U odamning yoniga yaqinlashib bo‘lmaydi "Xalq bilan muloqot" yilida. O‘zini xalq bilan innovatsion usulda muloqot qiladigan hokim qilib ko‘rsatgan Barnoev¸ xalqni chirqiratib¸ uning dodini eshitmayapti ham. Portalga qilgan shikoyatimiz yana shu odamga kelayapti¸ ularga ham javob yo‘q ”¸ deydi tadbirkorlardan yana biri.

Buxorodagi eng gavjum va nisbatan obod bozor bo‘lgan “Dilkusho” dehqon bozorini buzish bo‘yicha maxsus komissiya raisi Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Maqsudov 18 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda:

- 97-qarorga asosan tadbirkorlarga kompensatsiya puli ham beriladi. Hozir tadbirkorlarni “Karvon”, “SUM” va “Markaziy bozor”ga joylashtirayapmiz. Komissiyaning ruxsatnomasi bilan borib joylashishayapti, kimning shikoyati bo‘lsa, bozordagi shtabga kelsin, hal qilamiz, men shu erda o‘tiribman, degan edi.

1 may kuni bu va’daning amalga oshmaëtgani haqidagi shikoyatlarga munosabat bildirish so‘ralganda¸ Maqsudov «sizga o‘zim qaytib chiqaman» deb¸ telefonini darhol o‘chirib qo‘ydi.

Bozor – Aleppoga o‘xshaydi

Buxoroliklarning bildirishicha¸ 1 mayga kelib¸ shahar markazidagi eng gavjum bozor Suriyaning bombalangan shaharlariga o‘xshab qolgan.

“Bozorni surat yoki videoga olmoqchi bo‘lsangiz¸ darrov militsiya bosib olib ketayapti. Juma kuni ikkita odam shu ishni qilmoqchi bo‘lgan edi¸ ushlab ketdi. 3-4 soat qiynab¸ rasmlarini o‘chirtirib¸ qo‘yib yuborishdi. Shunga sizga hozirgi manzara suratini yubora olmaymiz”¸ dedi Ozodlikka bog‘langan savdogarlardan biri.

Siz ham Buxorodagi "Dilkusho" bozorini buzish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlardan ziyon ko‘rayotgan tadbirkor¸ yoki bu jarayonga aloqador shaxslardan bo‘lsangiz¸ unga oid tafsilot¸ xususan¸ surat va videolarni Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG