Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:00

Merkel Putin bilan uchrashishga keldi, Tramp bilan esa telefon orqali so‘zlashadi


Merkel va Putinning Sochi uchrashuvi.
Merkel va Putinning Sochi uchrashuvi.

2 may kuni Germaniya kantsleri Angela Merkel Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Qora dengiz bo‘yidagi Sochi shahriga keldi.

Ikki mamlakat rahbari Putin qarorgohida joriy yilning 7-8 iyulida kunlari Hamburg shahrida bo‘lib o‘tadigan “G-20” sammitiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qiladi.

Ayni paytda¸ Putinning 2 may kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali so‘zlashishi ham rejalashtirilgan.

2014 yil fevralida Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng bu mamlakatga ikkinchi bor kelayotgan Merkel¸ kantsler matbuot kotibiga ko‘ra¸ Putin bilan Ukraina sharqi va Suriyadagi mojarolarni ham muhokama qiladi.

- Albatta, o‘zaro munosabatlarga soya solib turgan ikkita mavzu bor, – degan Merkel matbuot kotibi Shteffen Zaybert Rossiyaning Ukraina ishlariga qurolli aralashuvi va Suriyada olti yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushida prezident Bashar Asadni qo‘llayotganini tilga oldi.

Zaybertning bildirishcha, Merkel bilan Putinning ikki qismdan iborat muzokaralari oralig‘ida matbuot konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qrim anneksiyasi va Rossiyaning 2014 yildan beri 9900 dan oshiq odam umriga zomin bo‘lgan urushda qatnashayotgani uchun Moskva va Berlin o‘rtasidagi aloqalar sovuqlashdi va Merkel Yevropa Ittifoqi Rossiyaga joriy qilgan sanksiyalarni qat’iy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Merkel Ukraina sharqida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan tinchlik rejasi amalga oshgunga qadar¸ Moskvaga qarshi sanksiyalarning kuchda qolishi tarafdori bo‘lib turibdi.

Germaniya kansleri mamlakat Tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel mart oyida Putin bilan uchrashib¸ munosabatlar “to‘liq izga tushishi” mumkin, deb umid bildirgandan keyin Rossiyaga safar qilmoqda.

Merkel o‘zi bilan Fransiya prezidenti Olland 2015 yil fevral oyida vositachilik qilgan ikkinchi Minsk kelishuvini amalga oshirish maqsadida Putin, Ukraina prezidenti Petr Poroshenko va Fransua Olland bilan bir qancha uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ushbu formatdagi eng so‘nggi uchrashuv o‘tgan yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tdi, bundan tashqari, to‘rt rahbar tinchlik kelishuvini amalga oshirishni jadallashtirish uchun aprel oyida telefon orqali so‘zlashdi.

O‘shanda Merkel bilan Putin iyul oyida Hamburg shahrida o‘tkaziladigan G20 sammitini ham muhokama qilishi lozim edi.

Rossiya “Katta sakkizlik”dan (G8) chiqarib yuborilgandan so‘ng G20 Putinning boshqa davlat rahbarlari bilan uchrashishi uchun yagona format bo‘lib turibdi, G8 esa qayta G7 ga aylandi.

Trampning Putin bilan Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da so‘zlashishi kutilmoqda.

Oq uyga ko‘ra, Tramp bilan Putinning Suriyadagi fuqarolar urushini muhokama qilishi kutilmoqda. Bu mamlakatda AQSh prezident Assadga bo‘ysunuvchi hukumat qo‘shinlariga qarshi jang qilayotgan isyonchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tramp yanvarda prezidentlik lavozimini bajarishga kirishgandan beri Putin bilan ikki marta telefon orqali gaplashdi. Vashington rasmiylarining bildirishicha, ikki prezident, asosan, "Islom davlati" va boshqa ekstremistik guruhlarga qarshi kurash masalalarini muhokama qildi.

Biroq bu muzokaralar kutilgan samarani bermadi va Tramp bilan Putin o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish sanasi belgilanmadi. Ikkala prezidentning G20 sammitida ishtirok etishi kutilmoqda.

Tramp 2016 yilgi prezident saylovi kampaniyasi vaqtida Putinga qoyil qolgani va Rossiya bilan yaqin aloqalar tarafdori ekanini aytgan edi, biroq aloqalar hali-hamon tarangligicha qolmoqda.

Tramp ma’muriyati ham Rossiyaning Ukraina ishlariga qurolli aralashuvi ortidan joriy qilingan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va ma’muriyatning yetakchi amaldorlari Kremlga nisbatan keskin pozitsiyada turibdi.

Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, general-leytenant Makmaster 30 aprel kuni Putin Ukraina, Suriya va Afg‘onistonda “Rossiya xalqi manfaatlariga zid ish qilmoqda”, deb aytdi. AQSh ma’murlarining bildirishicha, Rossiya Tolibon jangarilariga qurol yetkazib bermoqda.

MakMaster, munosabatlar yaxshilanishidan oldin Qo‘shma Shtatlar Rossiya prezidentining “xulq-atvori o‘zgarishi”ni ko‘rishni istaydi, dedi.

Rossiyaning Germaniya bilan munosabatlari ham yomonlashib ketdi, yaqin orada na ularning keskin yaxshilanishi va na Suriya bilan Ukrainadagi mojarolar barham topishi kutilayotgani yo‘q.

Merkelning Putin bilan uchrashuvi “muloqot qilib turishga yordam beradi, boshqa narsa kutish qiyin”, – deb yozdi Moskvadagi Karnegi tahlil markazi direktori Dmitriy Trenin 1 may kuni Tvitterda.

Germaniya-Rossiya munosabatlari “buzildi” va “shu holicha yana uzoq vaqt saqlanib qoladi”, – dedi Trenin.

XS
SM
MD
LG