Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:46

Mirziyoev Ichki qo‘shinlarni MXXdan olib¸ Ichki ishlar vazirligiga qaytarib berdi


MXXning 22 yillik qudratli raisi¸ general Rustam Inoyatov(chapda) va Ichki ishlar vaziri lavozimiga yaqinda tayinlangan general Abdusalom Azizov.
MXXning 22 yillik qudratli raisi¸ general Rustam Inoyatov(chapda) va Ichki ishlar vaziri lavozimiga yaqinda tayinlangan general Abdusalom Azizov.

O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan 1 maydan boshlab Ichki qo‘shinlar Ichki ishlar vazirligi ixtiyoriga qaytarildi.

Bu haqda Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov 2 may kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klubda o‘tkazilgan brifingda bayonot berdi.

Tahlilchilar 2005 yilgi Andijon voqealaridan so‘ng Ichki ishlar vazirligidan Milliy xavfsizlik xizmatiga o‘tkazib berilgan qo‘shinning avvalgi “egasi”ga qaytarilishini IIVning kuchaytirilishi, deb baholadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov 2 may kuni ichki topshiriqlar qo‘shinlarini Ichki ishlar vazirligi saflariga qabul qilib olish yakunlangani to‘g‘risida bayonot berdi.

Bu haqda xabar xabar qilgan nashr Azizovning bayonotidan iqtibos keltirdi:

“Prezidentning qarori bilan bu qo‘shinlar bizga qaytarib berildi. 1 maydan boshlab ular yuridik jihatdan to‘la Ichki ishlar vazirligi ixtiyorida”, degan jumladan Abdusalom Azizov.

Ichki ishlar vazirligi rasmiy sayti ko‘chirib bosgan O‘zA agentligi xabarida Ichki qo‘shinlarning ichki ishlar vazirligiga o‘tkazib berilgani to‘g‘risida aytilmagan.

Kutilayotgan yana bir o‘zgarish

Vazir, shuningdek, yaqin vaqt ichida Ichki ishlar vazirligi huzurida maxsus topshiriqlarni bajaruvchi tezkor otryadlarni shakllantirish ustida ish boshlanajagi, bu masalada mamlakat rahbariyatining yana bir qarori chiqishi kutilayotganini aytgan.

Vazirning izohi

Xabarda aytilishicha, vazir Azizov 2 may kuni o‘tkazilgan brifing chog‘ida o‘zi boshqarayotgan vazirlikning turli tahdidlar, jumladan terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi qarshi turish imkoniyatlari to‘g‘risida aytgan.

Ichki ishlar vazirining aytishicha, mamlakatdan tashqarida bo‘lib qaytgan ba’zi fuqarolarning vatandoshlariga salbiy ta’sirining oldini olish bo‘yicha tezkor-tergov amaliyotlari o‘tkazilmoqda.

Lekin bu gaplar bilan Ichki qo‘shinlarning vazirlik tarkibiga kiritilishi orasidagi bog‘liqlikni Abdusalom Azizov qanday izohlagani xabardan tushunilmaydi.

Tahlilchilar: IIV kuchaytirilayapti

Vazirning bayonotidan keltirilgan iqtibosda Ichki qo‘shinlarning “qaytarib berilgani” to‘g‘risida aytilar ekan, kimdan (qaysi idoradan) qaytarib berilgani ham tushunarsiz qolgan.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati sobiq zobiti Ikrom Yoqubovning Ozodlikka aytishicha, Ichki qo‘shinlarning Ichki ishlar vazirligi tarkibiga kiritilishi bu qo‘shinlarning Milliy xavfsizlik xizmati tarkibidan chiqarilayotganini anglatadi.

Ichki ishlar vaziri bayonoti zamiridagi voqelik haqida fikr yuritarkan, Yoqubov bunday dedi:

- Ichki ishlar vazirligining o‘z armiyasi bor edi. O‘sha qo‘shinlar 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin MXX raisi Inoyatovning tashabbusi bilan, Karimovning buyrug‘iga binoan MXXga olib berilgan. Bu voqea Andijon voqealaridan 1 yil o‘tib, 2006 yilda sodir bo‘lgan, - dedi Ikrom Yoqubov.

Ichki qo‘shinlar Ichki ishlar vazirligiga MXXdan olib berilgani to‘g‘risida 2 may kuni regnum sayti ham yozdi.

Ichki qo‘shinlar nima uchun MXX ixtiyoridan chiqarilib, IIVga o‘tkazildi?Ozodlikning bu savoliga javoban fikr yuritar ekan, Ikrom Yoqubov bunday dedi:

- Agar bu xabar rost bo‘ladigan bo‘lsa, buni Shavkat Mirziyoevning MXX raisi Rustam Inoyatovga qarshi katta bir harakati, deb qabul qilish mumkin. Chunki militsiya sobiq II vaziri Zokirjon Almatov davridagiday qurollangan kuchli qo‘shinlariga ega bo‘ldi. Bu holatda militsiya bilan MXX o‘rtasidagi kuchlar nisbati tenglashdi, deyish mumkin.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati sobiq zobiti Ikrom Yoqubovning aytganlariga o‘xshash fikrlarni Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Ichki ishlar vazirligining sobiq mulozimi ham bildirdi. “Mirziyoev Ichki ishlar vazirligini kuchaytirayapti”, dedi ismi aytilmasligini so‘ragan sobiq mulozim.

Ichki qo‘shinlarga oid qaror matni hozircha e’lon qilinmadi

O‘zA agentligi saytining “Hujjatlar” ruknida 2 may kuni O‘zbekiston Prezidentining bir necha qarori e’lon qilindi, lekin ular orasida Ichki qo‘shinlarni Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazib berishga oid qaror matni yo‘q.

Yanvarda tayinlangan vazir

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 yanvarda general-mayor Abdusalom Azizovni Ichki ishlar vaziri etib joriy yil 3 yanvarida tayinlagan edi.

Vazirlikni 2013 yildan buyon boshqarib kelgan Adham Ahmadboevning huquq-tartibot organlari bo‘yicha prezident davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlangani aytilgan.

56 yashar Abdusalom Azizov 2009 yilning may oyidan buyon Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

22 yillik rais

Joriy yil yozida 73 yoshga to‘ladigan general-polkovnik Rustam Inoyatov O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini 22 yildan buyon boshqarib keladi.

XS
SM
MD
LG