Линклар

Sankt-Peterburgdagi Xorij vatandoshlarini vaqtinchalik saqlash markazida qolayotgan 30 yaqin o‘zbekistonlik ayol vataniga o‘z hisobidan ketishga roziligiga qaramasdan¸ O‘zbekistondan lozim hujjatlar kelmaëtgani sababidan¸ tutqunlikda qolmoqda.

“Biz o‘z pulimizga ketmoqchimiz!”

Bir guruh o‘zbekistonlik ayol bir necha oydan buyon Sankt-Peterburgdagi Krasnoe Selo qo‘rg‘onidagi Xorij vatandoshlarini saqlash markazida saqlanmoqda.

WhatsApp tarmog‘i orqali Ozodlikka murojaat qilgan muhojir ayollar O‘zbekistondan tegishli hujjat yuborilmayotgani bois¸ tutqunlikda qolayotganliklarini bildirdi.

- Bu yerda 30 yaqin ayol kishi bor. 8-qavatda ayollar, 7-6-5-qavatlarda faqat erkaklar ushlab turiladi¸ ular juda ko‘p. 30 qizdan 20-25 tasi O‘zbekistondan. Avval bizni kvartiradan tutib olib kelganida: “O‘zimiz chiqib ketsak bo‘ladimi?” savolimizga “10 kun yotib berish kerak bo‘ladi!”, degandi. Mana kelganimga bir oy bo‘ldi. Bu yerda 9 oylab yotgan qizlar bor, surxondaryolik homilador ayol ham bor. Lekin bizni yubormayapti – “O‘zbekistondan danniylar kelsin”, deyapti, dedi o‘zini Gulchehra deb tanishtirgan o‘zbekistonlik ayol.

Suhbatdosh Kingissepskiy shosse, 53A manzilida joylashgan bu muassasada mahbuslarning doimiy bosim ostida yashashi¸ ularning rahbariyatga arz qilishga¸ hatto¸ imkoni yo‘qligini aytadi.

Gulchehra¸ o‘tgan yilning sentabrida yashash joyi bo‘yicha qayd muhlati tugagani bois noqonuniy muhojirga aylangani va ijarada turgan kvartirasining o‘zbekistonlik egasi politsiya chaqirtirib, bu yerda turgan qizlarni tutqunlikka topshirganini aytadi.

Unga ko‘ra¸ tutqunlikda qizlar¸ og‘ir sharoitda¸ har kun o‘zining deporattsiya qilinishini kutib yashaydi:

- Bu yerda ustimizdan qaraydigan qirg‘izistonlik “starshiy” qiz bo‘ladi. Rahbarlar kelganida “Voprosi est?” deganida biz hech qaysimiz gapirmaymiz. Chunki “Nima gaplaring bo‘lsa¸ men yozib tushuraman!” degan, ammo qilmayapti. Birov bilan urushib qolsa, 4-etajda ovqat bermasdan¸ sutkalab qamab qo‘yadigan joy bor ekan¸ o‘sha yerga tushirib tashlar ekan ¸ 2-3 sutkalab och ushlarkan. Shunga qo‘rqamiz.

Kingissep shossesidagi SUVSIGda 9 oydan buyon o‘tirgan o‘zbekistonlik ayollar bor
Kingissep shossesidagi SUVSIGda 9 oydan buyon o‘tirgan o‘zbekistonlik ayollar bor

Ovqatini yeb bo‘lmaydi – oppoq makaronni qaynatib keladi. Yoniga qo‘ysangiz – it ham yemaydi! Choy bilan shakar qilib, non botirib yeymiz. Biz o‘zimiz hisobimizga bilet olib chiqib ketamiz, deganmiz. Lekin shunda ham bizga xabar kelmayapti. Har kuni ertalab primerkada odam sonini sanab ketadi– “Familiyamizni aytarmikan?!”, deb kutib o‘tiramiz. Mening onam og‘ir kasallar – men ketmasam bo‘lmaydi, dedi vaziyatni tasvirlab bergan Gulchehra.

Gulchehra bir necha kun oldin Peterburgdagi xorijliklarni saqlash markaziga hujjatlari joyida bo‘lgan 8 nafar o‘zbek qizi tutib kelinib, kecha Toshkentga jo‘natvorildi, deydi.

O‘zbekistonlik muhojir ayol izolyatorda qolayotgan ayol-erkaklar O‘zbekiston pasport bo‘limlaridan ular shaxsini tasdiqlovchi muayayn shakldagi ma’lumotnoma yetib kelmaguncha jo‘natilmayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Ozodlik muxbirining Krasnoe Selo izolyatori rahbariyatiga o‘zbekistonlik ayollar masalasida telefon orqali ulanish urinishlari samarasiz qoldi - kun davomida go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ hozirda Kingissep shossesidagi bu muassasada 300 ziyod erkak va 60 yaqin xorijlik ayol saqlanmoqda.

Mahalliy qonunchilikka ko‘ra, SUVSIGlarda migratsiya qonunchiligini buzganlarni ko‘pi bilan 2 yil ushlab turish mumkin.

XS
SM
MD
LG