Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:56

Toshkent Qirg‘izistondagi o‘zbek teatriga va’da qilgan 50 ming dollarning 30 ming dollarini jo‘natdi (FOTOREPORTAJ)


"Bobur tug‘yoni" spektaklidan bir ko‘rinish.
"Bobur tug‘yoni" spektaklidan bir ko‘rinish.

Qirg‘izistonda yagona bo‘lgan O‘shdagi Bobur nomli o‘zbek akademik drama teatriga O‘zbekiston hukumati tomonidan va’da qilingan 50 ming dollarlik yordamning 30 ming dollariga yaqini yetib keldi. Bu haqda teatr rahbari Nabijon Mamajonov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yordam “Bobur tug‘yoni” spektakli uchun kiyim - kechak va sahna bezaklaridan iboratdir.

Nabijon Mamajonov so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Bobur teatriga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Yulduzli tunlar” romani asosida “Bobur tug‘yoni” spektaklini sahnalashtirishni o‘tgan yil oxirida taklif qilgan edi.

Shundan so‘ng teatr jamoasi asarni sahnalashtirishni boshlagan. Musiqali drama janrida tayyorlangan spektakl uchun zarur bo‘lgan kiyim-kechak va sahna jihozlarini tayyorlab berishni O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan.

- Shu yilning 30 aprel kuni Do‘stlik chegarasidan biz katta yuk mashinasida kelgan mana shu yukni qabul qilib oldik. O‘zbekiston teatr ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi yetakchilari kelib, bu mahsulotlarni bizga topshirishdi. Kostyumlar Toshkentdagi Milliy teatrning liboslar bo‘yicha rassomi Sevaraxonim eskizi asosida tayyorlandi. Qolaversa, o‘z qalamiga ega bo‘lgan Akmaljon degan ukamiz ssenografiyani, spektakl kartinalarini, polotnolarni tayyorladi. Hozir ularni olib kelib, sahnamizga tikdik, -deydi Nabijon Mamajonov.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, teatrga berilgan yordamdan teatr jamosi ham xursand. Qolaversa, bu kiyimlar sharq dramaturgiyasidagi boshqa sahna asarlari uchun ham asqotadi va bu kiyim-kechaklar teatr uchun 30-40 yil xizmat qilishi mumkin.

- O‘zbekiston valyutasida ikki yuz yigirma million atrofida, bizning qirg‘iz so‘miga aylantirganimizda ikki million so‘mlik, dollarda esa 29410 dollarlik mahsulotlar keldi, -dedi Nabijon Mamajonov.

Aytish joizki, shu yilning 16 yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov va qirg‘izistonlik rasmiylar O‘shdagi Bobur nomidagi o‘zbek akademik drama teatriga tashrif buyurishgandi.

O‘shanda mehmonlar teatr jamoasi bilan uchrashgan va teatr ish jarayoni bilan tanishgan. Teatr rahbariyati bilan bo‘lgan uchrashuvda Adham Ikromov teatrga yordam ko‘rsatish niyatini bildirgandi va bu ko‘mak 50 ming dollar miqdorida bo‘lishi aytilgandi.

Nabijon Mamajonov so‘zlariga ko‘ra bu mablag‘ teatrga naqd pul ko‘rinishida berilmaydi:

-O‘zbekiston davlati pulni bizga bermaydi. Lekin bizni ijodimizni ko‘tarilishiga, ijodimiz xazinasiga, kiyim-kechak zahiramiz to‘ldirilishiga, dekoratsiyalarni tayyorlanishiga sarf etilayapti bu pullar. Faqat ijodiy yuksalishimiz uchun sarflanayotgan mablag‘ bu. Bu puldan xech qanaqa teatrimiz remontiga yoki restavratsiya, texnika olishga mo‘ljallanmaydi. Bu faqat spektaklllarni yahshi rivojlanishiga, spektakllarni yahshi chiqishiga, professional darajaga etib borishiga bu mablag‘ sarflanayapti,-dedi Nabijon aka.

“Bobur tug‘yoni” spektakli yaqin kunlarda tomoshabinlar e’tiboriga havola qilinadi. Hozir spektakl o‘zbekistonlik san’atkorlar va mutaxasislar hamda Qirg‘iziston madaniyat vazirligi vakillaridan iborat komissiya ko‘rigidan o‘tishga tayyorlanayapti.

Aytish joizki, shu yilning iyun oyida Andijon viloyat musiqali dramma teatri O‘shga gastrol safari bilan kelishi kutilayapti. Bobur teatri esa, “Bobur tug‘yoni” spektakli bilan sentabr oyida Andijonga borishni rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG