Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 20:20

Pokistondagi "o‘jar qabilalar"ni hukumatga bo‘ysundirish jarayoni boshlandi


FATA o‘ta harbiylashgan joy bo‘lib, u erda 100 ming kishilik Pokiston qo‘shinlari joylashtirilgan.

Pokistonning Afg‘oniston bilan g‘arbiy chegarasidagi o‘jar mintaqa aholisini markaziy hukumatga bo‘ysundirish rejalarini amalga oshirishga kirishildi.​ Ayni paytda, bu hududda yosh bola biror qabila vakili qilgan jinoyat uchun qamoqqa tashlanishi, hali ayblov e’lon qilinmagan odamlar yillab panjara ortida o‘tirishi va hokimiyat idoralari butun boshli jamoalarni hech bir izohsiz uylaridan ko‘chirib yuborishi mumkin.

Pokistonning Afg‘oniston bilan g‘arbiy chegarasidagi o‘jar mintaqa aholisini markaziy hukumatga bo‘ysundirish rejalarini amalga oshirishga kirishildi.

Ayni maqsadga erishish uchun eski huquqiy tizimga barham berish, Pokistonning Federal hukumatga bo‘ysunadigan qabila hududlaridagi (FATA) aholisiga saylovda ovoz berish huquqi va hukumat faoliyatidagi ishtirokini kengaytirishni taklif qilish hamda hayot darajasini ko‘tarish ko‘zlanmoqda.

Bunday keng qamrovli yondashuv, nazariy jihatdan olganda, FATAning tashqi dunyodan uzilib qolganiga barham beradi hamda mahalliy aholining o‘sha erda tobora ildiz otayotgan turli-tuman jangari guruhlarga qo‘shilishi oldini oladi.

Huquqiy “Qora tuynuk”

Bir qancha qabilalar “Chegaradagi jinoyatlarni tartib solish qoidalari” (FCR) deb ataluvchi qonunlar bilan tanishtirilgandan so‘ng ularga rioya qilishga rozi bo‘lgan edi. Ammo Britaniyaning mustamlaka boshqaruvi barham topgandan so‘ng ham ushbu tizim saqlanib qoldi – u 1947 yili Pokiston davlati tashkil etilgandan so‘ng ushbu mamlakatning huquqiy tizimiga joriy qilindi va bugunga qadar u yoki bu daraja saqlanib qolmoqda.

FATAni tashkil qiluvchi yettita qabila hududida istiqomat qiluvchi aholi tizimdan qattiq zarar ko‘rishi barobarida davlatga bo‘ysunib ham aytarli foyda topmadi: siyosatdagi ishtiroki cheklab qo‘yildi; milliy saylovlarda ovoz berishiga ruxsat etilmadi; elektrlashtirish singari infratuzilmani yangilash ularni chetlab o‘tdi; ishsizlik darajasi keskin ko‘tarilib, 80 foizga yetdi; millionlab kishilar jang va tabiiy ofatlar oqibatida yashab turgan joylaridan ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi.

Dastlab “Chegaradagi jinoyatlarni tartib solish qoidalari” XIX asrning oxirlarida darg‘azab pushtun muxolifati isyonini bostirishga mo‘ljallangan edi. Tizim qibilalar yetakchilariga cheklanmagan hokimiyat berdi, ular qo‘zg‘olonlarni bostirish va Britaniya manfaatlarini himoya qilishi evaziga qisman muxtoriyatga ham ega bo‘ldi. nomi zikr etilgan qoidalar mahalliy aholini siquvga olib, mintaqani tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘ydi.

Britaniyaliklar FATAni va unga qo‘shni Shimoli-g‘arbiy chegara viloyatini (bugungi kunda Xaybar-Paxtunxva viloyati deb yuritiladi) bufer zona sifatida tashqil qildi hamda 1893 yili Afg‘oniston bilan 2400 kilometrlik “Dyuran liniyasi” deb ataluvchi chegara o‘rnatdi. Rasmiy Kobul shu kungacha tan olmay kelayotgan ushbu chegara mintaqada yashovchi pushtun qabilalarini ikkiga bo‘lib qo‘ydi.

Shafqatsiz qonunlar Britaniya hokimiyatiga – keyinchalik prezident tayinlaydigan va “siyosiy agentlar” deb ataladigan amaldorlarga – biror kishi sodir etgan jinoyat uchun butun boshli qabilani jazolash, u erdagi yashovchi kishilarni hech bir sababsiz uch yilgacha qamab qo‘yish, odamlarni kuch ishlatib, boshqa joyga ko‘chirish, tintuv o‘tkazib, mol-mulkini tortib olish huquqini berar edi.

FATAda rasmiy qonunlar va davlat hujjatlarining yo‘q. Ushbu holat ko‘pchilik faollar mintaqani “qora tuynuk” deb atashiga sabab bo‘ldi. FATA aholisi uchun taklif etilayotgan islohotlar qonun va tartibni joriy qilish, o‘z yurtining zikr etilgan laqabdan qutulishi bilan ham ahamiyatlidir.

FATA Xaybar-Paxtunxva viloyatiga qo‘shiladimi?

Said Kabir hech bir ayblov yoki izohsiz ko‘p marta FATA qamog‘iga tashlandi.

– Men “Chegaradagi jinoyatlarni tartib solish qoidalari”ga ko‘ra yetti marta qamoqqa tashlandim, – deydi ayni paytda Xaybar-Paxtunxva viloyati poytaxti Peshovar shahrida istiqomat qilayotgan 37 yashar S.Kabir. – Men hech qanday jinoyat qilganim yo‘q, faqat jamoatimizda suv va elektr ta’minotini ko‘paytirish zarurligi to‘g‘risida norozilik bildirgan edim, xolos.

Hukumat tayinlagan FATAning islohot qo‘mitasi tavsiya qilayotgan islohotlarni bosh vazir Navoz Sharif va uning kabineti 2 mart kuni ma’qulladi. Pokiston prezidenti ham islohotlarga rozilik bildirdi.

Islohotlar huquqiy kuchga ega bo‘lishi uchun hukumat 2 mart kuni ma’qullagan reja endi Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirish loyihasi maqomini olishi kerak. Buning uchun esa Pokiston ikki palatali parlamenti ikkala palatasi vakillarining ham 2/3 qismi yoqlab ovoz berishini talab qiladi. Ushbu mamlakat parlamenti yuqori palatasi – Senatda 104 nafar, quyi palatasi – Milliy Assambleyada esa 342 nafar qonun chiqaruvchi faoilyat yuritadi. 2016 yilda Pokiston parlamentining ikkala palatasi ham reja loyihasini tasdiqladi.

Rejalarga ko‘ra, FATA besh yil davomida Xaybar-Paxtunxva viloyatiga qo‘shib yuboriladi. Pokiston sudlarining yurisdiksiyasi FATA hududida ham amal qila boshlaydi va qabilalarning politsiyasi milliy xavfsizlik kuchlari tarkibiga kiradi. Xaybar-Paxtunxva viloyati bilan qo‘shilish FATAga Pokistonning asosiy qonun chiqaruvchi organi Milliy Assambleyaga o‘z vakillarini saylash imkonini beradi. U yerda “Chegaradagi jinoyatlarni tartib solish qoidalari” amal qilayotgan paytda bunga imkon yo‘q edi.

Senator va Xaybar-Paxtunxva viloyatidagi dunyoviy Avomi milliy partiyasi (AMP) prezidenti Afrosiyob Xattakning bildirishicha, islohotlar ancha-muncha o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

Muhim qadam

Boshqalarning aytishicha, hammasi bir bo‘lib “Rivoj akti” deb atalayotgan rejali o‘zgarishlar uzoqqa bormaydi.

Pokistonlik inson huquqlari faoli Mustafo Qadriyning fikricha, taklif etilayotgan islohotlarning “noqis joyi ko‘p”, biroq “FATA tarixidagi yangi va ijobiy bosqich sari muhim qadamdir”.

– FATAda taklif etilayotgan huquqiy mexanizm bilan bog‘liq boshqa xavotirlar ham bor: “qabila qonunlari”ni qonunchilikka joriy qilish huquqlarni bundan buyon ham buzish uchun tayyor andozadir, – deya takidladi Qadriy.

U oqsoqollar ko‘pchilikni tashkil etadigan va vakillari saylanmaydigan “jirg‘a” huquqiy tizimini yodga oladi. Qadrining qayd etishicha, ushbu tizimda “siyosiy manfaatlar ustuvordir” va u “hatto xalqaro adolatli sud standartlarining eng oddiy talablari”ga ham javob bermaydi.

Islohotlar o‘tkazilayotgan paytda jirg‘a tizimi Pokiston sudlari bilan hamkorlikda ishlaydi, sudlar esa o‘sha mintaqada yurisdiksiyaga ega bo‘ladi, shu tariqa munozaralarga imkoniyat tug‘dirib beradi.

Xaybar dovoni yaqinida o‘tayotgan qishloq jirg‘asi.
Xaybar dovoni yaqinida o‘tayotgan qishloq jirg‘asi.

Xaybar dovoni yaqinida bo‘lib o‘tayotgan qishloq jirg‘asi.

Patriarxal tizimda ayollar o‘zini himoya qilish huquqidan mahrum bo‘ladi, an’anaga ko‘ra, ularning taqdirini qishloq oqsoqollari hal qiladi, deydi Qadriy. Aytishicha, bu hol ularni hech bir jazolashsiz jinsiy va boshqa qonunbuzarliklar sodir etishga ruxsat beradigan qonun-qoidalar oldida ojiz qoldiradi.

Yana u o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan paytda mamlakatning har narsaga qodir – odamlarni so‘roqsiz-sudsiz o‘ldirish, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, yaqinda mintaqada o‘zkazilgan kampaniya vaqtida qiynoqlarga solishda ayblangan – qo‘shinlari hali ham qonunlarga bo‘ysunmaydi va bundan keyin ham kuchli vakolatlarga egaligicha qoladi, deb noliydi. FATA o‘ta harbiylashgan hududdir, u yerda Pokistonning, taxminan, 100 ming kishilik qo‘shinlari joylashtirilgan.

AQShda istiqomat qiluvchi pokistonlik siyosatshunos Muhammad Taqiy, o‘zgarishlarga kirishishdan oldin yirik konstitutsional, siyosiy va ma’muriy muammolarni hal etish zarur, ammo rejani amalga oshirsa bo‘ladi, dedi.

Islohotlar aholini bo‘lib tashladi

Garchi FATA aholisining aksariyati “Chegaradagi jinoyatlarni tartib solish qoidalari”ni bekor qilish va Xaybar-Paxtunxva viloyatiga qo‘shilish tarafdori bo‘lsa-da, taklif etilayotgan islohotlarga munosabatiga ko‘ra, ikkiga bo‘linib qolayotgan ko‘rinadi.

Islomobodda joylashgan va notijorat tashkiloti bo‘lmish FATA tadqiqotlar markazi fevral oyida jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida so‘rov o‘tkazdi. Uning natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, fikri so‘ralganlarinng 68 foizi “Chegaradagi jinoyatlarni tartib solish qoidalari”ni bekor qilishni, 74 foizi (54 foizi to‘liq, 20 foizi qisman) FATAning Xaybar-Paxtunxva viloyatiga qo‘shilishini ma’qulladi.

Ammo aholining 26 foizi FATAni alohida viloyatga aylantirishni istaydi. Bu islohotlarga muxolif pozitsiyada turgan ayrim diiny va millatchi siyosiy guruhlarning kayfiyatini ifoda etadi. Ularning fikricha, o‘zgarishlar FATAda ustuvor bo‘lgan mahalliy qabila an’analariga putur yetkazishi mumkin.

Mart oyida besh nafar qabila rahbari taklif etilayotgan islohotlarga qarshi chiqib, Oliy Sudga murojaat qildi. Aytishlaricha, islohotlar “noqonuniy va konstitutsiyaga qarshidir”. Qabila rahbarlari, garchi prezident islohotlarni yoqlagan bo‘lsa-da, bosh vazir emas, faqat prezident qabilalar yashayotgan hududning qo‘shib olinishi haqida qaror qabul qilishi mumkin, qo‘shib olish uchun jirg‘a qaror qabul qilishi kerak, demoqda.

Taklif etilayotgan islohotlarning eng mashhur tanqidchilaridan biri “Jamiyati Ulamoi Islom”ning (Musulmon ulamolari jamiyati) eng yirik tarmoqlaridan biri peshvosi va murosasiz islomchi Mavlono Fazlur Rahmondir. Asosan sunniy ulamolar yetakchilik qiladigan “Jamiyati Ulamoi Islom” Pokistonni shariat qonunlari boshqaradigan davlatga aylantirishni istaydi. Rahmon rasmiy Islomobodni FATA aholisi ustiga “istaklarini bulьdozer bilan surish”da aybladi.

Yana bir tanqidchi esa Paxtunxvadagi Milliy Avomi partiyasi rahbari Mahmud Achakzaydir, u ham mamlakat rahbarlarini FATA aholisi roziligini olmay turib, o‘zgarishlar qilyapti, deb hisoblaydi.

Ikkalasi ham shaxsiy va siyosiy manfaat yo‘lida islohotlarga qarshi chiqayotganlikda ayblandi.

Frud Bezhan

Frud Bezhan Afg‘oniston, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqasidagi voqealarni yoritib boradi.

Maqolaga oid fikrlaringizni bezhanf@rferl.org elektron pochtasiga yuboring.

XS
SM
MD
LG