Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:33

“Xavfsizlik¸ mablag‘ va vaqt" bahonasida chiqish vizasi 2021 yilgacha saqlanib qolishi mumkin


Biometrik pasport olish va unga chiqish vizasi qo‘ydirish uchun O‘zbekiston bo‘ylab navbatlar yillardan beri kamaymay kelayotir.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkent mulozimlaridan biri¸ chiqish vizasi taqdirini hal qilishda belgilovchi so‘zni Ichki ishlar vazirligi va MXX aytajagini bildirdi. Jarayonga aloqador mulozimlar¸ bu ikki idora uchun aholini nazorat qilishning qulay mexanizmi barobarida yaxshigina "kormushka"ga aylangan chiqish vizasi tizimi bekor etilishidan aynan IIV va MMXning manfaatdor emasligini ta’kidladi.

“Fuqarolar harakatini nazorat qilishning yangi mexanizmi ishlab chiqilguncha¸ chiqish vizasi bekor qilinmaydi”

Bu gapni Ozodlikka o‘zbekistonliklarning xorijga chiqishi uchun talab etiladigan chiqish vizasini bekor qilish bo‘yicha davlat dasturiga kiritilgan vazifa ijrosini muhokama qilishga aloqador Toshkent mulozimlaridan biri aytdi.

“2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid DAVLAT DASTURI” deb nomlangan keng ko‘lamli hujjatlar to‘plami prezident Shavkat Mirziyoev 7 fevral kungi farmoni bilan tasdiqlandi.

Bu dasturning “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlangan 2-bobining

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash” deb nomlangan bandida “Pasport-viza, xorijga chiqish va kirish tizimini takomillashtirish” ga qaratilgan 76-moddasi bor.

Bu moddada Ichki ishlar vazirligi¸ Tashqi ishlar vazirligi¸ Milliy xavfsizlik xizmati¸ Davlat bojxona qo‘mitasi¸ Bosh prokuratura,
Oliy sud, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi va
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi zimmasiga 2017 yilning birinchi uch choragi ichida “pasport tizimini takomillashtirish orqali xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish» degan vazifa yuklatilgan.

Bu vazifa ustida ishlayotgan 9 davlat idorasidan biri mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ pasport-viza, xorijga chiqish va kirish tizimini takomillashtirishning yangi mexanizmini ishlab chiqish bilan ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligi shug‘ullanmoqda.

“Vazirlik bu vazifani qanday amalga oshirish loyihasini ishlab chiqib¸ uni qolgan 8 idora muhokamasiga beradi. Biz IIV taklifiga o‘z pozitsiyamizni yozib¸ uni Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilamiz. Maxsus komissiya (raisi Bosh prokuror Ixtiyor Abdullaev-tahr.) 9 idoraning taklif va munosabatini ko‘rib chiqib¸ uni muvofiqlashtirib¸ yangi mexanizmni taqdim etadi. Qaysi idora nimani taklif etadi¸ komissiya kimning pozitsiyasini asosli deb qabul qiladi¸ kimniki o‘tmaydi¸ bunisi hozircha noma’lum”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan bu mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu jarayon¸ dasturga amal qilinsa¸ sentabr oyi so‘nggiga qadar tugatilib¸ oktabrda Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qarori jamoatchilikka e’lon qilinishi kerak.

“Chiqish vizasi bekor qilinishi yoqlovchi idora deyarli yo‘q”

Mazkur jarayonga aloqador boshqa bir mulozimning aytishicha¸ nomi tilga olingan 9 idora ichida chiqish vizasining bekor qilinishidan ko‘ra¸ uning bekor qilinmasligi tarafdorlari ko‘proq.

“Chiqish vizasi bekor qilinishi tarafdorlari deyarli yo‘q. Tashqi ishlar vazirligi¸ chiqish vizasi tizimining xalqaro maydonda O‘zbekiston uchun katta minus ekanini bilganidan¸ unga ko‘p ham tarafdor emas. Qolaversa¸ “O‘zbekturizm”ga ham bu viza ortiqcha dahmaza. Lekin bu jarayonda ularning pozitsiyasi muhim emas. Bu masalada oxirgi gapni IIV bilan MXX aytadi. Bu ikki tizim uchun chiqish vizasi nafaqat odamlarni nazorat qilish mexanizmi¸ balki yaxshigina kormushka ham. Shuning uchun¸ ular “davlat xavfsizligi va tinchlikka tahdid” degan turli bahonalar bilan chiqish vizasini saqlab qolishga astoydil harakat qiladi”¸ degan bu mulozim¸ O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylarining 2 may kungi bayonotlarini misol o‘laroq keltirdi.

Vazir Azizov chiqish vizasini bekor qilish emas¸ viza beruvchilarni ko‘paytirish haqida gapirdi

2 may kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klubda o‘tkazilgan matbuot brifingida o‘z vazirligi faoliyati ustidan kelayotgan ariza va murojaatlarning qariyb 40 foizi pasport tizimi bilan bog‘liq ekanini aytgan Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov¸ bu tizimni takomillashtirish ustida ish borayotganini aytdi.

Chiqish vizasining bekor bo‘lish ehtimoliga umuman to‘xtalmagan vazir¸ buning o‘rniga¸ ruxsatnoma berish bilan shug‘ullanuvchi ichki ishlar xodimlari soni “keskin ko‘paytirilishi”¸ zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali chiqish vizasini olishni takomillashtirish¸ xususan¸ elektron navbat tizimi kiritilishini bildirdi.

Brifing davomida vazir¸ pasport tizimini takomillashtirish uchun vaqt va mablag‘ zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Ozodlik suhbatlashgan ichki ishlar tizimi mulozimlaridan biri¸ vazir tilga olgan vaqtning kamida 2021 yilgacha cho‘zilishini taxmin qildi.

“Chiqish vizasini bekor qilish bo‘yicha IIVda hozircha konkret taklif yo‘q. Bu borada rivojlangan emas¸ ko‘proq rivojlanayotgan davlatlar tajribasi o‘rganilayapti. Ularda ichki va tashqi pasport bor. Zagranpasport xorijga chiqishga ruxsat¸ degani. Hozirgi biometrik pasport o‘zi xalqaro standartlarga ko‘ra¸ zagranpasport. Bizda ham shuning o‘zi zagranpasport¸ unga stiker qo‘yish kerak emas¸ deb e’lon qilsa¸ birdaniga nazorat yo‘qoladi. Bular bunga tayyor emas. Biometrik pasportni ichki pasport deyman desa¸ millionlab odamga yangi zagranpasport berish kerak bo‘ladi. O‘zi 2011 yildan beri hali hammaga yangi biometrik pasport berolmay turgan bir paytda¸ bunaqa reja qimmatga tushadi va yillarga cho‘ziladi. Shuning uchun¸ bular u-bu yuzaki o‘zgarish bilan hozirgi tizimni saqlab qoladi. Ichki va tashqi pasport joriy etish va shundan keyin chiqish vizasini bekor qilish¸ degan gaplar 2021 yilgacha hal bo‘lmaydi”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan ichki ishlar tizimidagi mulozimlardan biri.

O‘zbekiston prezidentining 2011 yil 5 yanvar kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi pasport tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatda biometrik pasportga o‘tish boshlangan va bu jarayonning 2015 yil 31 dekabriga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan edi.

Ammo 2015 yil oxiriga kelib o‘zbekistonliklarning 40 foizga yaqini hali ham biometrik pasport olmagani bois¸ hukumat bu muddatni uzaytirishga majbur bo‘lgan edi.

Hozirga qadar biometrik pasportga o‘tish jarayonining tugallangani¸ o‘zbekistonliklarning hammasi yangi nusxadagi pasport bilan ta’minlanganiga oid rasmiy ma’lumot yo‘qligidan¸ jarayonning 2017 yil o‘rtalariga kelib ham¸ hamon davom etayotgani anglashiladi.

O‘zbekiston¸ o‘z fuqarolari shaxsiga oid keng qamrovli¸ xususan¸ biometrik ma’lumotlarni to‘plagandan so‘ng 10 yilga beriladigan biometrik pasport ustiga xorijga chiqish uchun ikki yillik maxsus ruxsatnoma joriy qilgan sanoqli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG