Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:50

Mirziyoev kelganidan buyon matbuot qanchalar o‘zgardi?


O‘zbekiston hamon "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining "qora" ro‘yxatida turibdi.
O‘zbekiston hamon "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining "qora" ro‘yxatida turibdi.

3 may «Xalqaro matbuot erkinligi kuni» arafasida qarorgohi Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti 180 mamlakatda so‘z erkinligi vaziyati bo‘yicha hisobot chiqarib, O‘zbekistonni 169-o‘ringa qo‘ydi. 2016 yilda O‘zbekiston bu reytingda 166-o‘rinni egallagandi.

O‘zbekiston tarixida yangi sahifa

Hisobotning O‘zbekistonga bag‘ishlangan qismida "Chegara bilmas muxbirlar" 2016 yil avgustida Islom Karimov vafot etishi ortidan "O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochildi" deya matbuot sohasida ham o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bildirgan.

"O‘zining 25 yillik hukmronligi davrida abadiy diktator tsenzurani va mustaqil jurnalistlarni ta’qib etishni davomli kuchaytirdi. Uning vorisi, sobiq bosh vazir Shavkat Mirziyoev o‘z vatandoshlariga konstitutsiyada belgilangan axborot erkinligidan bahramand bo‘lishlariga izn beradimi?" – degan savolni ilgari "Chegara bilmas muxbirlar".

Tashkilotga ko‘ra, 2017 yil fevralida Muhammad Bekjon ozod etilgan esa-da, yana to‘qqiz jurnalist "o‘ta jirkanch sharoitlarda ushlab turilibdi".

"An’anaviy matbuot ustidan to‘liq nazorat bilan qanoatlanmagan rasmiylar o‘tgan yillarda internet ustidan ham nazoratni kuchaytirdi, nafaqat mustaqil axbort vebsaytlariga balki muloqot xizmatlariga ham to‘siq qo‘ydi. Ular shuningdek O‘zbekiston tashqarisida faoliyat yurituvchi matbuot vositalariga ishlaydigan kam sonli mustaqil jurnalistlarga ham bosimni kuchaytirdi," deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining O‘zbekistonga oid hisobotida.

Matbuot o‘zgaryaptimi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 mart kuni o‘tkazgan videoselektor majlisida, boshqa masalalar qatori O‘zbekiston televideniesini ham tilga olib, TV faoliyatini tanqid qilgan va ushbu tizimni o‘zgartirish kerakligini aytgandi.

"Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. "Axborot" ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak", deb aytgan Shavkat Mirziyoev.

O‘zbekiston prezidenti chiqishidan keyin matbuotda o‘zgarish boshlandimi?

Ozodlik bu savol bilan jurnalist va tahlilchilarga murojaat qildi.

Erkinlik va jasurlik

Toshkentdan mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning aytishicha, o‘zgarishlar uch yo‘nalishda kuzatilmoqda:

- Birinchisi, ijtimoiy tarmoqlar ancha erkinlashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirgan odamlar fikrlariga qaraydigan bo‘lsangiz, o‘tgan yilga nisbatan ancha erkin yozayotganliklarini ko‘rasiz. Ular ijtimoiy tarmoqlarda hukumatni bemalol tanqid qilishayapti va buning uchun biron kishining javobgarlikka tortilganini eshitganim yo‘q. Ikkinchisi, O‘zbekistondagi axborot agentliklari odamlarning keskin izohlarini qo‘rqmay qo‘ya boshlashdi. Ya’ni, maqola mualliflari o‘zlari tanqid qilmasalar ham, odamlarning tanqidiy izohlarini joylashtirishayapti. Uchinchisi, internet sahifalar ham 20 foizga bo‘lsa ham, jasurlik bilan maqolalarni chop qila boshlashdi, - deydi Volosevich.

"Sekin-sekin, qo‘rqa-pisa"

Publitsist Sharof Ubaydullaevning ishonishicha, matbuotda o‘zgarishlar "sekin-sekin" kuzatilmoqda va jurnalistlar ular ustidan rahbariyat nazorati hamon saqlanib qolmoqda:

- Sekin-sekin. Qo‘rqa-pisa. Chunki toki "o‘g‘ri mushuklar" chekaga chiqib, halol maydonda bir halol jurnalistlar kelmaguncha o‘zgarish bo‘lmaydi, - deydi Sharof Ubaydullaev.

Inson huquqlari va bolalar mehnati

Huquqbon Dilorom Ishoqova fikriga ko‘ra, O‘zbekiston televideniesida o‘zgarishlar sezilarli, ammo "aksariyat istaganchalik emas".

- O‘zbekistonni butun dunyoda yuzini qora qilgan narsa - inson huquqlari va majburiy bolalar mehnati. Bu haqda afsuski hech narsa yo‘q. Qachon bu masalalar matbuotda ko‘tarilsa, men matbuot erkin bo‘layapti, deb ayta olaman, - deydi Dilorom Ishoqova.

XS
SM
MD
LG