Линклар

Qirg‘izistonda bir kunda yuz bergan 5ta zilzilada 300ga yaqin binoga ziyon yetdi. Bu haqda Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 4 may kuni ma’lum qildi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Qirg‘iziston - Tojikiston chegarasiga yaqin hududda birinchi yer qimirlash 3 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 10dan 47 daqiqa o‘tganda yuz bergan. Zilzilaning kuchi 7 ballni tashkil qilgan.

Bu zilzilaning kuchi Toshkentda ham sezilgani to‘g‘risida 3 may kuni “Toshkent” seysmik stansiyasi xabar bergan edi. Toshkentda zilzila 3,5-4 ball, Farg‘onada 4,5 ball, Andijonda 4 ball kuchlanishida sezilgan.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston hududida 3 may kuni mahalliy vaqt bilan 11dan 6 daqiqa o‘tganda, 11dan 46 daqiqa o‘tganda 2 marta, kechqurungi soat 8.30da va 9.09da yana ikki marta zilzila bo‘lgan. Bu zilzila kuchi 4-4,5 ballni tashkil qilgan.

Zilzila oqibatida O‘sh viloyatining Cho‘ngoloy tumanidagi Qaramiq, Shiva, Qorateyit, Jekendi qishloqlarida 280 uyga zarar yetgani aniqlandi. Bu uylarning 66tasi yashash uchun yaroqsiz, deb topilgan, 215 uyga esa yengil zarar yetgan.

Bundan tashqari 2ta qishloq tibbiyot punkti, bitta pochta va bitta maktab binosi foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelgan.

Favqulodda holatlar vazirligining aytishicha, zilzila oqibatida tog‘lardan toshlar ko‘chishi oqibatida yuzta qo‘y o‘lgan.

Hukumat tomonidan yashashga yaroqsiz deb topilgan xonadonlarda yashovchi oilalarga 4 may kuni yuzta chodir yetkazib berilgani aytilmoqda.

Zilziladan zarar ko‘rgan hududlarga Favqulodda holatlar vaziri va uning o‘rinbosari jo‘nab ketgan.

4 may kuni Qirg‘iziston parlamentida ham zilzila masalasi muhokama qilindi. Muhokamaga chaqirilgan Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi qoshidagi seysmologiya instituti rahbari Kanat Abdraxmanov deputatlarga joriy yilda mamlakat hududida 5-6 balldan kuchli zilzila bo‘lishi kutilmayotganini ma’lum qildi.

Kanat Abdraxmanovning bildirishicha, bunday holatda Qirg‘izistonni “seysmologik jihatidan tinch hudud”, deb aytish mumkin.

XS
SM
MD
LG