Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 15:57

Jizzaxda nihoyasiga yetayotgan "Barkamol avlod - 2017" musobaqalariga tayyorgarlik jarayoniga o‘rta va oliy ta’lim muassasalari talabalari majburan jalb etilmoqda. Talabalarning dars o‘rniga tozalash-ta’mirlashga majburlanayotgani haqidagi Ozodlikka yo‘llagan shikoyatini Jizzax o‘rta maxsus¸ kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i rahbari rad etdi.

May oyining ikkinchi yarmida Jizzax shahrida "Barkamol avlod" sport musobaqalari o‘tkaziladi.

O‘zbekistondagi umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida 2001 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadigan bu tadbirga har yili viloyatlardan biri mezbonlik qiladi.

“Deraza artaverib, qizimning qo‘li shilinib ketgan”

Ko‘cha tozalayotgan talabalar
Ko‘cha tozalayotgan talabalar

​Bu yilgi musobaqalar mezboni Jizzaxda yashovchi pensioner Nortoji Ashurova¸ "Barkamol avlod" tadbiriga ko‘rilayotgan hozirlik bois¸ 17 yashar qizi ta’lim olayotgan Jizzax Transport va aloqa kasb- hunar kollejida mart oyi oxiridan buyon darslar deyarli bo‘lmayotgani, talabalar tozalash va ta’mirlash ishlariga jalb etilayotganini aytadi:

- Darslar bo‘lmaydi. To‘xtamay ishlatishadi. Gulgayam suv quyaveradi, tashqarida bolalar yer chopadi, qizlar pol yuvadi, deraza artadi. Deraza artaverib, qizimning qo‘li shilinib ketgan. Har doim borsam, pol artayotgan bo‘ladi, - dedi Nortoji Ashurova.

Onaning aytishicha¸ 3 may kuni kollej rahbariyatidan qizini ishlatishni to‘xtatishni talab qilganidan bir kun o‘tib¸ kollej rahbariyati qizidan ishlashga majburlanmagani haqida tilxat yozdirib olgan.

- Men Haydarova Oyxon 17 apreldan 3 maygacha yo‘lkiram chiqsin deb, o‘zimni foydamga yuvdim, deb yozdirishdi. Darsda o‘tirgan edim, bu yoqqa kel deb chaqirib, xonaga olib kirib, eshikni yopib, kuratorimni ham chaqirib, yozdirishdi. “Hamma gapni ayangga aytaverma, nima qilasang ayangga aytib?” deb, kuratorim baqirib yozdirdi, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Ashurovaning talaba qizi Oyxon Haydarova.

Oyxon Haydarovaning sinf rahbari Mamarasul Abraev mazkur hodisa yuzasidan Ozodlikka izoh berishni istamadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan kollej o‘quvchilaridan biri talabalarning Jizzaxda “Barkamol avlod” sport musobaqalarini o‘tkazish bahonasida mehnatga majburlanayotgani haqida Oyxon aytganlarni tasdiqladi.

"O‘qish bo‘lmaydi. Mart oyi oxiridan buyon shu ahvol. Faqat subbotnik, deb olib chiqib ketishadi. Yer ag‘dattiradi. U yoq bu yoqni tozallattiradi. Ish tugagach, uyga qo‘yib yuborishadi" - dedi kollej o‘quvchilaridan biri.

Jizzax Transport va aloqa kasb-hunar kolleji o‘quvchisining bu so‘zlarini ayni kollejda ta’lim olayotgan boshqa bir talabaning otasi ham Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tasdiqladi.

Bu xabarlarni o‘rganish jarayonida Jizzaxda o‘tkaziladigan "Barkamol avlod" tadbirlariga hozirlik jarayoniga nafaqat umumiy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari¸ balki oliygoh talabalari ham jalb etilgani ma’lum bo‘ldi.

Xususan¸ Ozodlikka bog‘langan talabalardan biri¸ darslarning o‘zi o‘qiydigan oliygoh - musobaqalar o‘tadigan Jizzax Politexnika institutida ham deyarli to‘xtab qolganini bildirdi.

Bundan avvalroq - 12 aprel kuni Ozodlik Jizzax shahrida kollej talabalarining ko‘cha tozalash va tuproq tashishga majburlanayotgani haqida xabar qilgan edi.

Raddiya

Jizzaxda bo‘lib o‘tajak "Barkamol avlod - 2017" musobaqalari tashkilotchilaridan biri, viloyat o‘rta maxsus¸ kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Bobir O‘sarov talabalarning musobaqaga tayyorgarlik ishlariga majburlanayotgani haqidagi iddaolarni rad etdi.

- Yo‘q bekor gap. Talabalar ishlatilmaydi, ishlatilmadi ham, - dedi Bobir O‘sarov.

Uning ta’kidlashicha, shaharni musobaqaga tayyorlash ishlariga "faqat texnik xodimlar" jalb qilingan.

Avvalroq O‘zA agentligiga gapirgan Bobir O‘sarov¸ tayyorgarlik ishlari doirasida bir akademik litsey va 5 o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejida "katta hajmda qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari" olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

Rasmiyning mahalliy matbuotga bildirishicha, musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan ta’lim muassasalariga shu maqsadda 11 milliard 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan.

"Barkamol avlod - 2017" musobaqalarining 17 ta sport turi bo‘yicha, ikki mingga yaqin yosh sportchi ishtirokida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Musobaqalar Jizzax Olimpiya zahiralari kolleji, Jizzax Politexnika Instituti, ushbu institut qoshidagi akademik litsey sport zallarida, futbol maydonlari va sport inshootlarida o‘tkaziladi.

XS
SM
MD
LG