Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 05:44

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 22-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Maktab o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, o‘quvchi qiz 30 aprel kuni saharda o‘z uyi omborxonasi to‘siniga osiq holda topilgan. Suiqasd bo‘yicha Qarshi shahar prokuraturasi jinoiy ish ochgan.

Qarshi shahrining Xontepa mahallasida joylashgan 22-umumta’lim maktabi o‘quvchisining (o‘quvchining ism-sharifi Ozodlikka ma’lum, axloq nuqtai nazaridan oshkor qilinmaydi – tahr.) 30 aprel kuni ertalab o‘z uyida joniga qasd qilgani haqida shu maktab o‘qituvchilaridan biri Ozodlikka xabar berdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining aytishicha, 15 yashar o‘quvchi qiz bir kun oldin maktabda o‘tkazilgan tadbirda faol qatnashgan.

“Bu qiz maktabimizning a’lochi o‘quvchilaridan biri edi. Hamma tadbirlarda faol ishtirok etib kelgan. O‘sha 29 aprel kuni maktabda o‘tkazilgan tadbirda ham yangi ko‘ylak kiyib qatnashgan. Tadbirdan chiqib uyiga ketgan. Uyida biror gap-so‘z bo‘lganmi yoki yo‘q, bunisini bilmaymiz. Lekin, ertalab soat 4 larda uyidagi omborxonaga kirib, o‘zini osgan ”, dedi Ozodlik bilan suhbatda o‘zini o‘ldirgan qizning o‘qituvchilaridan biri.

Qashqadaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi bu xabarni tasdiqladi.

“Biz maktab direktori, sinf rahbari bilan gaplashdik. Ular o‘quvchi qizning o‘ziga tinch oiladan bo‘lganligini, otasi tadbirkor, onasi o‘qituvchi ekanligini, o‘quvchi qiz bilan o‘qituvchilar o‘rtasida hech qanday konflikt bo‘lmaganini aytishdi. Qizning ota-onasi ham hech bir sabab ko‘rsata olmayapti. Ayni paytda bu ish yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 103 – “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, uni Qarshi shahar prokuraturasi tergov qilmoqda”, dedi mulozim.

Qarshi shahar prokuraturasidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi - bu ish bilan shug‘ullanaëtgan tergovchi mazkur ish bo‘yicha telefon orqali ma’lumot berilmasligini bildirdi.

Hozircha suiqasd sabablari¸ qolaversa¸ jinoiy ishda qaysi motivlar ko‘rib chiqilayotgani¸ "o‘z-o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish"da kimningdir ayblanayotgan-ayblanmayotganiga oid tafsilotlar Ozodlikka ma’lum emas.

O‘smirlik davridagi stress va suiqasd

O‘zbekistonlik taniqli psixolog Mahmudjon Yo‘ldoshev, o‘smir yoshlarni o‘z joniga qasd qilishga undovchi sabab va motivlar sirasida stressni tilga oladi:

- Yoshlar o‘rtasidagi suitsid bevosita ularning ruhiy holatlari bilan bog‘liq. Ayniqsa, bu 13-15 yashar yoshlarda ko‘p uchraydi. Bunday holatda yoshlarga oila a’zolari, maktab juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi va ularga ruhiy yordam berishi kerak. Bu, eng avvalo maktablardagi psixologlarning ishi bo‘lishi kerak. Psixologlar o‘quvchilar bilan yaqindan ishlashi, ularning holatidan doim xabardor bo‘lishi lozim. Afsuski, bugun bizning maktablardagi psixologlarning aksariyati o‘z ishi qolib, maktab ma’muriyatining yugurdagiga aylanib qolgan, bu psixologlarning aksariyati uning ishi nimadan iborat ekanligini ham bilmaydi, dedi Mahmudjon Yo‘ldoshev qarshilik o‘quvchi qiz fojiasi ehtimoliy sababini sharhlay turib.

O‘zbekiston o‘smirlari orasidagi suiqasdga oid Ozodlikka yetib kelayotgan aksar xabarlarda ularning ko‘p hollarda o‘qituvchilar tomonidan uyaltirilgan va tahqirlangandan so‘ng joniga qasd qilgani aytiladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejining birinchi kurs o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, otasi Rossiyada mardikorlikda bo‘lgan qiz o‘qishdan keliboq oshxonaga kirib o‘zini osib o‘ldirgan.

2016 yilning iyunь oyida Toshkentning Yunusobod tumanida kollej o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, 17 yoshli bola maktabda o‘qituvchisi va gruppadoshlari tomonidan davomli tahqirlanavergach¸ o‘zini osgan.

O‘tgan yilning aprel oyida Jizzax shahridagi 5-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan edi. 14 yashar qiz, Ozodlik manbalariga ko‘ra, maktabda o‘qituvchisi tomonidan tahqirlangandan so‘ng o‘zini osgan.

XS
SM
MD
LG