Линклар

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays 4 may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Toshkentning valyuta siyosatini tanqid qildi.

Kun.uz nashrining xabar berishicha, Stiprays "O‘zbekistondagi mavjud valyuta siyosati ko‘p hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga to‘sqinlik qiladi. Bu hech kimga sir emas. Ayni damda, bu O‘zbekiston hukumati tomonidan hal etilayotgan muhim masalalardan biridir”, deb aytgan.

Stipraysning aytishicha, O‘zbekistonda valyuta tizimiga nisbatan “bozor vositalarining joriy etilishi” xorij sarmoyadorlari uchun kuchli ishora bo‘lishi mumkin.

“Elchining so‘zlariga ko‘ra, investitsiyalar foyda ko‘rishning imkoni yo‘q bo‘lgan erga emas, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan muhit tomon oshiqadi”, deb yozdi Kun.uz .

Sputnik saytining xabar qilishicha, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stiprays ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizovning bayonotiga nisbatan ham fikr bildirgan.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stiprays ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizovning bayonotiga nisbatan fikr bildirar ekan, Yevropa terrorchilarni yashirish bilan shug‘ullanmasligini qayd etdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov jurnalistlarning oxirgi paytda Yevropada yuz bergan teraktlar haqidagi savollariga javob berar ekan, mamlakatning tegishli organlari jamoatchilik uchun xavfli va qidiruvda bo‘lgan shaxslar haqida yevropalik hamkasblariga barcha zarur ma’lumotni taqdim etishini ma’lum qildi. Lekin qandaydir sabablarga ko‘ra, dedi u, bu shaxslar Yevropada qochoq maqomini olgan holatlar ham qayd etilgan.

Stipraysning fikricha, muammoning ikki jihati bor. Birinchisi — bu shaxslarning YeI mamlakatlarida bo‘lishlarini tartibga soluvchi ichki hujjatlar bilan bog‘liq.

"Albatta, biz ayrim hollarda ular qandaydir himoya ostida bo‘lishlari haqida gapirishimiz mumkin. Ayrim holatlarda bevosita terakt ijrochisi deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan, lekin turli sub’ektiv va ob’ektiv sabablarga ko‘ra deportatsiya vaqtida amalga oshmagan bo‘ladi", — dedi YeI delegatsiyasi rahbari aynan kimni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmay.

Shu bilan birga u to‘laligicha terrorchilarni yashirish yuz bermayotganini ta’kidladi. Muammoning ikkinchi jihati haqida gapirar ekan, Eduards Stiprays o‘zbek huquqni muhofaza qilish organlari mavqelarini suiiste’mol qilgan holatlar bo‘lganini aytdi.

"Oxirgi yillarda o‘zbek organlari tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlar aksariyat hollarda ma’lum bir ishonchsizlik bilan ko‘rib chiqilgan. Menimcha, ehtimol, bu ma’lumotlarni baholashda qandaydir o‘zgarishlar yuz beradi, lekin biz o‘zbek tomoni to‘liq asoslangan ma’lumotlarni taqdim etadi deb o‘ylaymiz", — degan elchi.

Eduards Stiprays Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari sifatida 2016 yilning sentabrida ish boshlagan.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi 20 sentabrda tarqatgan ma’lumotnomada aytilishicha, bundan avval Stiprays Latviya tashqi ishlar vazirligi siyosiy direktori, Davlat kotibi yordamchisi lavozimida ishlagan.

U Toshkentda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi uchinchi elchisi bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi O‘zbekiston vakolatxonasi 2011 yilda tashkil etilgan edi.

Stiprays bolgariyalik Yuriy Shtrekning o‘rniga bu lavozimga tayinlandi.

Stiprays ijtimoiy tarmoqlarda elchi sifatidagi asosiy maqsadi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi aloqalarini mustahkamlash ekanini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG