Линклар

Toshkent viloyati Zangiota tumanining Qozog‘iston chegarasiga yaqin qismida yashaydigan G‘ulomqodirovlar oilasining kenjasi "Tez yordam" kechikkani ortidan payshanba kuni olamdan o‘tdi.

Voqeani o‘rganish chog‘ida 2 yashar bola o‘limining "Tez yordam" mashinasi yo‘q va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lmagan qishloq vrachlik punktidagi ahvol bilan bog‘liqligi o‘rtaga chiqdi.

Bolaning qarindoshiga ko‘ra¸ payshanba kuni ertalab chopqillab yurgan bola birdan hushidan ketganida "Tez yordam" chaqirtirilgan va u o‘z vaqtida kelmagan:

- Bola o‘zidan ketib qolganida Chuvalachi qishloq vrachlik punktiga telefon qildik. Ertalab soat 10 ga yaqin edi. "Tez yordam" kelmadi. Taksi tutib Chuvalachi QVP ga olib bordik. U yerda birinchi yordam ko‘rsata oladigan odamning o‘zi yo‘q edi. Ular bolani "Tez yordam" mashinasiga solib Ko‘kterak QVPga olib borishdi. Ko‘kterak QVPdan tuman kasalxonasi detskiy reanimatsiya bo‘limiga oborishdi. O‘sha yerda o‘ldi¸ deydi bolaning qarindoshi.

Zangiota tuman hokimligidagi mulozimning aytishicha¸ bolani Ko‘kterak QVP ga ertalabki soat 11dan 35 daqiqa o‘tganida olib kelishgan:

- Soat 11 35 da bola hali tirik edi Uni "Tez yordam" vrachi Sherzod Umarov ko‘rgan. “Koma neyasnoy etiologii” degan tashxis bilan birinchi tuman bolnitsasining bolalar reanimatsiya bo‘limiga yetkazganida ham bola tirik bo‘lgan. Bolani vrach Asqar Nazarov qabul qilib olgan. Soat 12 da 2 yashar G‘ulomqodirov Ulug‘bek reanimatsiya palatasida olamdan o‘tdi. Bolaning jasadi o‘sha kunning o‘zida Zangiota tumani Navoiy mahallasi Chamanzor ko‘chasida ko‘chasi 12 uyda yashovchi ota-onasiga berildi¸ deydi tuman hokimligi mulozimi.

O‘lim holati nega qayd qilinmadi?

Mavjud qoidaga ko‘ra¸ kasalxonada o‘lim holati qayd qilinganidan keyin bu borada tuman IIB ga xabar berilishi va bu haqda maxsus hujjat to‘ldirilishi kerak edi. Juma kuni peshingacha bo‘lgan holatda Zangiota tuman ichki ishlar bo‘limida ikki yashar Ulug‘bekning o‘lgani qayd qilinmagan edi. Toshkent viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi mulozimning Ozodlikka aytishicha texnik sabablar bois o‘limni qayd qilish kechikkan:

- Ko‘kterak QVP dagi o‘lim jurnaliga kirmaganligining sababi shuki, vrach Sherzod Umarov ko‘rganida bola koma holatida, ammo tirik bo‘lgan. Birinchi tuman kasalxonasi jonlantirish bo‘limi o‘lim daftariga yozish va IIBga ma’lumot yetkazish nega kechikkani hozir o‘rganilmoqda. Chuvalachi QVPda "Tez yordam" mashinasi va malakali mutaxassislarning yo‘qligi masalasi ham o‘rganilmoqda¸ dedi mulozim.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi qishloq vrachlik puktlarini "Tez yordam" mashinasi va malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ishlar rejalanganini aytish bilan kifoyalandi.

Unga ko‘ra¸ shu kunlarda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi har 100 ming bolaga 14 taga to‘g‘ri kelmoqda.

Mulozimning aytishicha, bundan 5 yil oldin O‘zbekistondagi 5 yoshga to‘lmagan har 100 ming boladan 15 tasi o‘lgani hisobga olinsa, bu borada olg‘a siljish bor.

Qiyoslash uchun: YuNISEFga ko‘ra, Shvetsiyada yiliga 5 yoshgacha bo‘lgan har 100 ming boladan 3 nafari nobud bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG