Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:23

O‘zbekistonda kartoshkaning kilosi 8 ming so‘mga chiqdi


O‘zbekistonda kundalik ro‘zg‘or extiyoji uchun eng ko‘p ishlatiladigan sabzavotlardan biri bo‘lgan kartoshkaning narxi ikki oy ichida to‘rt baravar qimmatladi. Bozorlarda kartoshkaning kilosi 7 ming so‘mdan ayrim joylarda 8 ming so‘m (qora bozor kursida 1 AQSh dollari)dan sotilayotgani aytilmoqda.

Toshkentning Farhod bozorida kartoshka 7 ming so‘mga chiqdi, Mirobod bozorida esa 8 ming so‘m.

- Kartoshkaning kilosi bir AQSh dollaridan oshib ketdi, - deydi 6 may kuni Toshkent bozorlarini aylangan Toshbek.

Ayrim viloyatlarda mahalliy hokimliklar bozorlar oldida maxsus ko‘chma do‘konlar tashkil etib¸ arzon narxda “sotsial kartoshka” sotishni yo‘lga qo‘ygan.

Lekin bu ham kartoshka narxi oshishini to‘xtatib qololmayapti.

Bir oy oldin 1800 so‘m bo‘lgan “sotsial kartoshka”ning narxi Andijonda 2200 so‘m bo‘lgan. U ham odam boshiga 3-5 kilodan sotilyapti.

- 2200 so‘mlik kartoshkani ustida ochered. Odamlar arzon kartoshkani olaman deb uzun ocheredga turyapti. Lekin, tezda tugab qolyapti, - deydi Andijonning “Eski shahar” bozoriga kartoshka olish uchun borgan andijonlik Ikromjon.

Andijon bozorlarida “sotsial kartoshka” sotilishi uchun mas’ul bo‘lgan mahalliy amaldorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda shahar hokimiyati kartoshka narxini jilovlash uchun kuniga bozorlarga 6-8 tonnadan arzon kartoshka keltirib sottirayotganini aytdi.

- Bir kunda 6-8 tonna kartoshka keltirib sottiryapmiz. 7 mingga ko‘tarilib ketgan, lekin biz 2200 so‘mdan arzonlashtirilgan narxda sottiryapmiz. Har bir kishiga 5 kilodan berilyapti. Bugun olib turib ertaga yana kelsa berilaveradi. Bu Rossiyadan olib kelingan qora kartoshka. Baza orqali arzon narxda bozorlarga tashlanyapti.Ozgina qoldi endi, yaqinda o‘zimizni Surxondaryoni kartoshkasi pishsa narx tushadi, hammasi o‘rniga tushib ketadi, - deydi andijonlik amaldor.

Lekin, hokimiyatning sotsial kartoshkasi ham aholining bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirayotgani yo‘q.

O‘zbekistonda kartoshkaning tanqislashib, narxi oshib ketganiga turli sabablar keltirilmoqda.

Ayrimlar buni bahorning kechikkani bilan bog‘lasa, boshqalar o‘tgan yili ko‘p sabzovotlarga qurt tushib, kartoshkaning cho‘g‘i kam bo‘lganini aytishadi.

O‘zbekistonda yangi kartoshka chiqishiga esa bir oy bor.

- O‘tgan yili yangi kartoshka sal ertaroq unib, bozorga ertaroq chiqib ketgan edi. Shuning hisobidan erta tugab qoldi. Hudo xohlasa oz qoldi yangi kartoshka chiqsa hammasi joy-joyiga tushadi, - deydi Andijonda kartoshka masalasiga mas’ul qilib tayinlangan mahalliy amaldor.

O‘zbekistonda o‘tgan yili 2.9 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Bu esa 30 milliondan ortiq aholini ushbu mahsulot bilan ta’minlash uchun yetarli emas.

O‘zbekistonga chet eldan kartoshka import qiladigan logistik shirkat vakilining Ozodlik bilan suhbatda ta’kidlashicha¸ bozor muvozanatini ushlab turish uchun davlat zaxirasida turishi kerak bo‘lgan kartoshka tugagan:

- Vaqtida yetarli g‘amlanmagan. Shu kunlarda, masalan, kartoshkani mintaqadagi mamlakatlardan tezda keltirib bozorni muvozanat qilish haqida ham o‘ylashmayapti. Bir oy ichida kartoshkaning bu qadar qimmatlagani jiddiy muammo¸ deydi suhbatdosh.

Bundan atigi uch yil oldin O‘zbekiston matbuoti mamlakatning "kartoshka mustaqilligiga ega bo‘lgani" haqida yozgan edi. Hatto ba’zi nashrlar O‘zbekiston kartoshka eksport qiladigan mamlakatga aylanishi haqida "bashorat" qilgan edi. Ammo bugunga kelib bu gaplar iddao darajasida qolgani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonlik sobiq mulozim Anvarmirzo Husainov buning sababini eski hukumatning "hamma narsani o‘zimiz yetishtiramiz", degan shiori chippakka chiqqani bilan izohladi:

- O‘zbekiston hukumati 2020 yilda kartoshka yetishtirish hajmlarini 35 foizga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lsa ham, bu xato strategiya. Hamma narsani o‘zimiiz yetishtiramiz, degan eski g‘oyadan voz kechish kerak. O‘zbekistonning quruq havosida kartoshka yaxshi yetishmaydi. Bu issiq vaq quruq havodan qo‘rqadigan o‘simlikdir. Unga doimiy namlik kerak. O‘zbekistonda har yili 1.5-2 million tonna kartoshka mashaqqat evaziga yetishtiriladi. Shu kartoshkani Belorusiyadan olib kelish mantiqli va arzon bo‘lar edi¸ deydi sobiq mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mamlakatning to‘rtta tog‘ hududida elita navdagi kartoshkani yetishtirish uchun fermer xo‘jaliklarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lsa ham bu reja hanuz amalga oshmagan.

Hosilning ko‘pi turli kasalliklar bois nobud bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG