Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 03:00

Xavfsiz zonalarning ayanchli qismati


Ayol Bosniya urushi vaqtida ro‘y bergan ommaviy qirg‘inda halok bo‘lgan 8000 mingga yaqin kishi dafn etilgan Srebrenika yaqinidagi Xotira markazi qabrlari orasida motam tutmoqda. O‘sha paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Srebrenikani xavfsiz zona deb e’lon qilgan edi.

Tarixga ishonilsa, ayni choqda Qo‘shma Shtatlar, Rossiya, Turkiya va urush parchalab tashlagan Suriya xavfsiz zonalar tashkil qilishni muhokama qilayotgani u yerdagi yuz minglab oddiy aholi uchun yupanch bo‘lishi qiyin.

4 may kuni Moskva, Anqara va Tehron Rossiyaning Suriya shimoli-g‘arbidagi isyonchilar egallab turgan hududda shunday zonalar tashkil qilishga da’vat etuvchi taklifini qo‘llab-quvvatlovchi memorandumni imzoladi. Qo‘shma Shtatlar garchi ushbu kelishuv haqida “xavotir” bildirgan bo‘lsa-da, Suriyadagi bedodliklarni kamaytirish borasida har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlishini ma’lum qildi.

Ammo necha yillardirki, dunyo siyosatchilari xavfsiz zonalarga oddiy aholini himoya qilish, insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun to‘siqlarni olib tashlash va mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashish vositasi sifatida qarab keldi.

Nazariy jihatdan hammasi risoladagiday, biroq amaliy natijalar unchalik ham quvonarli emas

Bosniyadan Janubiy Sudanu Ruandayu Iroqqacha bo‘lgan hududlarda tinch aholi uchun urush harakatlari ketayotgan zonada xavfsiz joylar tashkil qilingani bilan aksariyat hollarda ularni himoyalashning iloji bo‘lmadi.

Bu hol 1993 yili Yugoslaviyaning qonli parchalanishi vaqtida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosniya-Gertsegovinada oltita xavfsiz zona tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rinadi.

Tanqidchilarning fikricha, ushbu zonalar qochqinlar uchun qamoq jamloqlaridan farq qilmas edi, odamlarning haddan ko‘pligi va harbiy yordamning yo‘qligi o‘sha joylardagi qochqinlarni jangarilarning nishoniga aylantirib qo‘ydi. Oltita zonaning barchasiga hujumlar uyushtirildi, Srebyurenika va Zepadagi ikkitasi esa yer bilan yakson etildi.

Nima taklif qilinmoqda?

Rossiyaning taklifi Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatining isyonchilar nazoratida bo‘lgan hududida, markazidagi Homs viloyatining ayrim joylarida, janubida va Damashq yaqinida muxolifat qo‘l ostidagi Sharqiy G‘uta anklavida xavfsiz zonalar tashkil qilishni nazarda tutadi, deb xabar beradi Assoshieyted Press agentligi reja nusxasiga iqtibosan.

O‘sha zonalar hududdagi mojaroga barham berish va qochqinlarni qaytarishga xizmat qilishni hamda davom etayotgan fuqarolar urushidan aziyat chekayotgan aholiga ko‘mak berish uchun imkoniyat yaratishni ko‘zlaydi.

Oldinroq tarqatilgan xabarlarda 2 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan AQSh prezidenti Donald Tramp xavfsiz zonalar tashkil etish masalasini muhokama qilgani, biroq ushbu masala yuzasidan tomonlarning qarashlari turlicha ekani aytilgan edi.

Xavfsiz zonalar yaratish

Xaqlaro huquqning biror hujjatida xavfsiz zonaning rasmiy atama sifatida ta’rifi keltirilgan emas.

Ammo Xalqaro gumanitar huquqda jang qilinayotgan va qilinmayotgan joylarda tinch aholi va yaralangan jangchilar, “himoya qilinmayotgan mahalliy aholi” uchun betaraf hudud, mojaroli vaziyatlar mavjud hududlarda qurolsizlantirilgan zonalar tashkil qilish ko‘zda tutilgan, deydi Qo‘shma Shtatlar va Kanadadagi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi delegatsiyasining kommunikatsiya masalalari bo‘yicha rahbari o‘rinbosari Trevor Kekk (Trevor Keck).

Bunday zonalar odatda mojaroga aralashib qolgan barcha tomonlarning roziligi olinib, ular e’tirof etilgandan so‘ng tashkil qilinadi. Ayrim zonalar BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlari bilan tashkil etildi. Xavfsiz zonalar qurolsizlantirilgani uchun Xalqaro gumanitar huquq asosida himoya qilinadi.

Ishtirok etish qoidalari

Tahlilchilarning fikricha, xavfsiz zonalar bilan bog‘liq tahdidlar mavjud, ko‘pincha muayyan qurolli mojaroda ishtirok etayotgan tomonlar Xalqaro gumanitar huquqning asosiy qoidalariga amal qilmayotibdi. Shu sababli ushbu jarayonda qatnashishga oid qoidalar majmui ishtirokchi tomonlar uchun majburiy bo‘lishi kerak.

Bunday qoidalar bo‘lmagan joyda boshpanalarni qo‘riqlayotgan tinchlik o‘rnatuvchi qo‘shinlar, xuddi Srebrenikada bo‘lganiday, vahshiyliklarga oddiy tomoshabin bo‘lib qoladi, xolos.

Suriyadagi urushda hech bir qoidaga amal qilinmayotgani, kimyoviy qurol ishlatilishi, yordam guruhlari, qutqaruvchilar va jurnalistlarni o‘ldirish oddiy holga aylangani nazarda tutilsa, xavfsiz zonalar chindan ham xavfsiz bo‘lishi uchun bu ishni amalga oshiradigan qo‘shinlar kuchli va aniq vakolatga ega bo‘lishi kerak, deydi Vashington instituti xodimlari podpolkovnik Jon R. Barnet va Maykl Ayzenshtadt.

Boshqa tahdidlar

Suriyada xavfsiz zonalar tashkil qilish Amerikaning mojaroga ko‘proq aralashishini taqozo etishi va o‘sha zonalar yetarli darajada himoya qilinmagan bo‘lsa, jihodchilarning nishoniga aylanib qolishi mumkin.

Ushbu mamalkatda olti yildan ko‘proq vaqtdan beri davom etayotgan urushda, taxminan, 400 ming kishining yostig‘i quridi, millionlab kishilar uy-joyini tashlab ketdi va Yaqin Sharq, Yevropa va boshqa joylardagi qochqinlar oqimiga borib qo‘shildi.

Ushbu oqim ko‘pgina mamlakatlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ayrim inson huquqlari tahlilchilarining fikricha, xavfsiz zonalar tashkil qilish qochqinlarga boshpana berishdan ko‘ra, ularning oqimini to‘xtatishga qaratilgan.

Human Rights Watch tashkiloti vakili Sharbonnoning (Charbonneau) qayd etishicha, xavfsiz zonalar tashkil qilish rejasi puxta tayyorlanmagan, masalan, o‘sha zona “konsentratsion jamloqqa aylanmasligi uchun” unga kirish va chiqish qanday tartibga solinishi masalasi ochiq qolgan..

XS
SM
MD
LG