Линклар

Toshkentda shanba oqshom yoqqan kuchli yomg‘irdan so‘ng yirik ko‘chalarni suv bosdi. Xabarlarga ko‘ra, 20dan ortiq katta avtomobil yo‘llarini to‘liq suv qoplagan, ayrim ko‘chalarda avtomobil harakatlanishi bir necha soatga to‘xtab qolgan.

O‘zbekistondagi Internet nashrlari buni vaqtida darsini olmagan Toshkent shahar hokimiyati uchun yana bir og‘ir sinov, deb tanqid qilmoqda.

Jumladan, Podrobno.uz. agentligi shanba oqshomgi yomg‘irdan so‘ng olingan qator surat va videoni chop etarkan, bu hodisa poytaxtning kollektor va irrigatsiya tizimi uchun "yengib bo‘lmas sinov bo‘ldi", deb yozdi.

Nashrning xabarida aytilishicha, 20dan ortiq katta avtomobil yo‘llari suv ostida qolgan, buning ustiga suv bosgan handaqlar arang yurayotgan avtomobillar qatnovini yanada og‘irlashtirgan.

Hodisada biror halokat yoki elektr ta’minotida uzilish bo‘lgani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Bu galgi suv bosqinini videoga muhrlagan poytaxtliklar Toshkent shahar rahbariyatini o‘tgan safargi hodisadan yetarli xulosa chiqarmagan va chora ko‘rmagan, deya tanqid qilmoqdalar. Boisi, xuddi shunday suv bosqini 2014 yilning mayida ham kuzatilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bahsu munozaralarda poytaxt rahbariyatining katta yo‘l chekkasidagi ariqlarni yopib tashlagani bunday toshqinga sabab sifaida tanqid qilinmoqda.

Jumladan, Facebook tarmog‘idagi "Voditeli Tashkenta" guruhida qoldirilayotgan sharhlardan birida: "Ota bobolarimiza bekorga ariq qimagan oqava suv ketadigan joy qilib. Yengi ozbela aqilili qib op tawadi arulani endi man axvol azgina yomgir toshkeni suv bosadi", deya fikr bildirildi.

Yana bir sharhda esa: "Tak kogda stali massovo stroit ofisi, vse ariki slivnie povikapivali-zaosfaltirovali i td... pri soyuze arxitektori «golovoy ne dumali», vot i tonem kotoriy god uje! A nashim znatokam naxren arik, portyashchiy fasad yego ofisa? (Yoppasiga idoralar uchun binolar qurishayotganida hamma ariqlarni ko‘mib, asfalt bostirib tashlashdi va hokazo... chunki, sobiq ittifoq vaqtida arxitektorlar "kallasi bilan fikrlamagan", mana natijada nechanchi yil suvga ko‘milyapmiz! Bizning aqllilarga ariqni nima keragi bor, idorasining ostonasini ko‘rinishini buzib tursa?)" deb yozdi.

Birinchi bor Toshkentda bunday hodisa 2014 yilning mayida kuzatilgan edi. Qariyb 16 soat to‘xtovsiz yoqqan yomg‘irdan so‘ng shaharning aksar ko‘chalarida suv daryo bo‘lib oqqan.

O‘shanda toshkentliklar aksar ko‘chalarda suvning balandligi 40-50 santimetrgacha yetgani, poytaxtda avtomobil qatnovi izdan chiqqanini Ozodlikka xabar qilgan.

Shuningdek, shaharning ayrim tumanlarida elektr ta’minotida uzilish bo‘lgan va telefon tarmoqlari ishlamay qolgan edi.

XS
SM
MD
LG